"Oltin Humo" milliy kino taqdimotiga har yili 5 mlrd soʻm ajratiladi
"Oʻzbekfilm" kinokonserniga "milliy" maqomi berilib, u mahalliy va xalqaro studiyalarga xizmat koʻrsatuvchi markazga aylantiriladi. Filmlar namoyishidan tushgan mablagʻning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qoʻshimcha ragʻbat sifatida beriladi.

Oʻzbekistonda kinoindustriyani rivojlantirish, hududlarda kitobxonlikni kengaytirish hamda madaniyat va sanʼat taʼlimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Yangi hujjat bilan sohada maʼmuriy toʻsiqlar qisqartirilib, moliyaviy mustaqillik va ragʻbatlantirish tizimi joriy etilmoqda.
Xususiy kinostudiyalar uchun erkin raqobat muhitini yaratish maqsadida bir qator kengashlar va har bir filmga maslahatchi biriktirish amaliyoti tugatilmoqda. Bundan buyon davlat buyurtmasi asosidagi filmlar uchun soha mutaxassislaridan iborat haq toʻlanadigan ekspert guruhlari tuziladi.
Shuningdek, kino sohasida quyidagi yangiliklar joriy etilmoqda:
"Oʻzbekfilm" kinokonserniga "milliy" maqomi berilib, u mahalliy va xalqaro studiyalarga xizmat koʻrsatuvchi markazga aylantiriladi.
"Oltin Humo" milliy kino taqdimoti nufuzini oshirish uchun 2027 yildan boshlab har yili 5 milliard soʻm ajratiladi.
Davlat buyurtmasi va Bolalar kontentini rivojlantirish markazi loyihalari uchun film byudjetining 30 foizigacha mablagʻ marketing va reklamaga yoʻnaltirilishiga ruxsat beriladi.
Filmlar namoyishidan tushgan mablagʻning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qoʻshimcha ragʻbat sifatida beriladi. Xarid shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish talabi esa bekor qilinadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab Toshkent shahri, Samarqand va Namangan viloyatlari hokimliklari huzurida Madaniy tadbirlarni tashkil etish direksiyalari (MChJ shaklida) tuziladi. Ular davlat madaniyat obʼektlari (teatr, konsert zallari va h.k.) bilan shartnoma tuzib, ularning boʻsh vaqtidan unumli foydalangan holda ommaviy tadbirlar tashkil etadi.
Shu bilan birga, 2026 yil yakuniga qadar chekka va olis hududlardagi mahallalarda 50 tadan 100 tagacha namunali mahalla kutubxonasi va kitob doʻkonlari tashkil etiladi. Ushbu kutubxonalar toʻliq raqamlashtiriladi va 2027 yil 1 yanvardan boshlab ularda “Mutolaa” platformasidan foydalanish uchun sharoit yaratiladi.
Muqimiy nomidagi, Berdaq nomidagi musiqali teatrlar va Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatriga moliyaviy, ijodiy hamda tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilmoqda.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarida musiqa, tasviriy sanʼat va texnologiya darslari xorij tajribasi asosida “Art” oʻquv dasturi boʻyicha oʻqitiladi (tajriba tariqasida har bir hududda 10 tadan maktabda). Har bir maktabda musiqa va sanʼat yoʻnalishida kamida 4 tadan toʻgarak tashkil etiladi.
Pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim qadamlar:
Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilarining ish haqi oddiy maktab oʻqituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Oʻquvchilarining cholgʻu ijro etish darajasiga qarab oʻqituvchilarga har oy 20 foizgacha ustama toʻlanadi.
Yosh ijodkorlarning startap loyihalari uchun 10 ta oliy taʼlim muassasasiga jami 50 milliard soʻm ajratiladi.
Respublika musiqa va sanʼat texnikumi hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk texnikumi "Oliy maktab" sifatida qayta nomlanib, Madaniyat vazirligi tizimiga oʻtkaziladi.
Ushbu oliy maktablarning iqtidorli bitiruvchilari oʻz oʻqishini tegishli bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha oliygohlarning 2-bosqichidan davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Shuningdek, Madaniyat vazirligi huzurida yangi Madaniyat va sanʼat xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
