platina.uz
Iqtisod

Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurdi

“Kmita Polymers” korxonasi Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan, maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan “Kmita Polymers” korxonasiga tashrif buyurdi.

Rossiyaning “Polymers” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Bunday plyonkalar zamonaviy iqtisodiyotning koʻzga koʻrinmaydigan, ammo juda muhim boʻgʻinlaridan biridir. Bugun oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, qurilish materiallari, farmatsevtika vositalari va turli sanoat tovarlarining bozorga xavfsiz yetkazilishi, tashqi taʼsirlardan muhofazalanishi koʻp jihatdan zamonaviy qadoqlash texnologiyalariga bogʻliq.

6 ming 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida 9,5 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi taʼminlanmoqda.

Loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida 7,4 million dollar investitsiya oʻzlashtirildi.

Loyiha doirasida 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish oʻrinlari soni yanada koʻpayishi kutilmoqda.

2025 yilda bu yerda 115 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.

Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar Coca-Cola, Pepsi, Flash, «Chernogolovka», Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qoʻllanilmoqda.

Qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.

Shu maʼnoda, bunday korxonalar sonining koʻpayishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib oʻtildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid