platina.uz
Iqtisod

Prezident selitra ishlab chiqarish jarayonini tanqid qildi

Ilgʻor davlatlar selitra isteʼmolini kamaytirib, qishloq xoʻjaligida karbamid va suvda eruvchan oʻgʻit, togʻ-kon sanoatida gʻovaksimon selitra ishlatishga oʻtgan. Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil boʻlgan gʻovaksimon selitrada qoʻshilgan qiymat 2 karra koʻp. 

Prezident selitra ishlab chiqarish jarayonini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanyapti.

Vaholanki, ilgʻor davlatlar selitra isteʼmolini kamaytirib, qishloq xoʻjaligida karbamid va suvda eruvchan oʻgʻit, togʻ-kon sanoatida gʻovaksimon selitra ishlatishga oʻtmoqda.

Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil boʻlgan gʻovaksimon selitrada qoʻshilgan qiymat 2 karra koʻp.

Mutasaddilar, kimyo korxonalari rahbarlari mana shunday loyihalarni koʻpaytirishni oʻylashi kerakligi qayd etildi.

Yoki “Navoiyazot”da chiqadigan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar boʻlsa, undan yelim olinsa, qiymati 8 ming dollargacha oshadi.

Masʼullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihalarini boshlash topshirildi.

Geologiyada mavjud zaxiralarni toʻliq ishga solib, qoʻshilgan qiymatni karrasiga oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Masalan, Qoraqalpogʻiston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari bor.

Bu xomashyo qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qoʻshilgan qiymat 3 barobar oshadi.

Shuningdek, Jizzaxda 1,5 million tonna, Qoraqalpogʻistonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Bunga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi 5 ming dollargacha chiqadigan magniy oksidi olsa boʻladi.

Serpentinit yanada chuqurroq qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish mumkin. Bu esa elektrotexnika sanoati uchun juda muhim xomashyo.

Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo uchun zarur xomashyo zaxirasini 2 karra oshirish boʻyicha uch yillik dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Serpentinit xomashyosini qayta ishlash boʻyicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid