Madaniyat, sanʼat va adabiyot boʻyicha inqilobiy qaror imzolandi
Ushbu hujjat bilan ijod vakillariga koʻplab imtiyozlar, ragʻbatlar, yoʻllanmalar va ipoteka kreditlari beriladi.

Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 1 iyun kuni madaniyat, sanʼat va adabiyot sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha inqilobiy qarorni imzoladi.
Asosiy jihatlar:
- ijodkorlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ularning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki sonini 2027 yilda 20 foizga, gʻoliblar sonini 30 foizga, 2030 yilga qadar ishtirokchilar sonini 5 baravarga, gʻoliblar sonini esa 2 baravarga oshirish;
- shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini taʼminlash;
- ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan taʼminlash, 3 ming nafarini bepul davolash;
- nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028 yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish.
- Qarorga koʻra, 2027 yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi oʻtkaziladi hamda unda ijodiy birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
- ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi;
- bir yil davomida har oyda 5 million soʻm miqdorida gonorar toʻlanadi;
- uch yil davomida Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari boʻyicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi;
- davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati toʻliq qoplanadi.
Shuningdek, 2027 yildan boshlab har yili teatr, cholgʻu, xor va raqs yoʻnalishida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻrtasida tuman – viloyat – respublika darajasida tanlovlar oʻtkaziladi. Bunda:
- har bir yoʻnalish boʻyicha respublika darajasidagi tanlovda gʻolib deb topilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻz ijodini targʻib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari xarid qilish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 500 million soʻmdan grant beriladi;
- respublika tanlovi gʻoliblari madaniyat va sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi;
- 2026 yil 1 iyuldan boshlab milliy cholgʻu asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
2026 yil 1 sentabrdan 2036 yil 1 yanvarga qadar:
- asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish boʻlgan subʼektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi, mol-mulk soligʻidan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
- xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston hududida kino mahsulotini yaratish bilan bogʻliq faoliyati natijasida olgan daromadlari Oʻzbekiston norezidentlarining daromadlariga toʻlov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
Bundan tashqari, har yili quyidagicha moliyalashtirish tizimi ishga tushadi:
- yiliga kamida 50 ta eng sara asarlarni yaratish uchun shoir va yozuvchilarga ijodiy buyurtma berish;
- opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar boʻyicha har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun ijodkorlarga davlat buyurtmasi berish;
- har yili milliy adabiyotning eng sara 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar oʻtkazish xarajatlarini qoplab berish;
- Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarni nashr etish uchun qogʻoz xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish;
- sheʼriyat bilan sanʼatni uygʻunlashtirgan holda tashkil etiladigan eng sara 100 ta sheʼriy konsertlarni oʻtkazish boʻyicha davlat buyurtmasi berish;
- buning uchun respublika byudjeti hisobidan 2026 yilda 25 milliard soʻm, 2027 yildan boshlab har yili 50 illiard soʻm ajratiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab:
- madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari gʻolib va sovrindorlari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
- Gran-pri va 1-oʻrin gʻolibi – xalqaro tanlov boʻyicha 300 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 100 million soʻm miqdorida;
- 2-oʻrin sohibi – xalqaro tanlov boʻyicha 200 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha – 50 million soʻm miqdorida;
- 3-oʻrin sohibi – xalqaro tanlov boʻyicha 100 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 25 million soʻm miqdorida;
- tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan oʻqituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
- nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib (sovrindor)lari va ularning oʻqituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
- ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
- ushbu nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida aniqlanadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab har yili uy-joyga muhtoj 1000 nafar madaniyat, sanʼat va ijodiy soha vakillariga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratiladi:
- Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari ajratishda boshlangʻich toʻlov kredit oluvchi tomonidan 2-ilovada belgilangan miqdorlarda shakllantiriladi, bunda shakllantiriladigan boshlangʻich toʻlovning 50 foizi hamda kredit muddatining birinchi besh yili davomida toʻlanadigan kredit foizlarining 10 foizlik punktdan oshgan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;
- boshlangʻich toʻlovning 50 foizini qoplab berish Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Bir hududdan boshqa hududga kelib ishlayotgan va ushbu hududda oʻz uy-joyiga ega boʻlmagan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga uy-joy ijarasi toʻlovlarining bir qismini quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
- Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari;
- buning uchun 2026 yildan boshlab har yili Davlat byudjetidan 50 milliard soʻm ajratiladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplab beriladi:
- har yili 1 ming nafargacha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolanish boʻyicha imtiyozga ega boʻlmagan, biroq oʻz faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazish;
- har yili 2 ming nafargacha madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga sugʻurta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan ixtiyoriy tibbiy sugʻurta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini qoplab berish;
- har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish.
2026 yil 1 oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar oʻqituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol oʻquvchi va talabalarga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilalarning bir nafar farzandiga, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi. Bunda:
- vaucher qiymatidagi mablagʻlar shaxslarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi;
- vaucher berish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli ravishda Davlat byudjeti mablagʻlari hamda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
