"Chirchiq" texnoparkida bir yilda 56 mln dollarlik investitsiya oʻzlashtirildi
2030 yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga oshirish reja qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi “NovoPlast TPE” korxonasida boʻldi.
Loyiha Rossiyaning “VR Plast” korxonasi bilan hamkorlikda 4 ming 200 kvadrat metr maydonda amalga oshirilgan. Uning umumiy qiymati 5,4 million dollarni tashkil etadi.

Korxonada zamonaviy laboratoriya va innovatsion ishlab chiqarish liniyalari yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda u termoplastik elastomer granulalar va ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha mahalliy yetakchilardan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda yuqori sifatli termoelastomerlar, eshik va romlar uchun zichlagichlar, texnik hamda oziq-ovqat sanoati uchun moʻljallangan shlanglar, shuningdek, qurilish va elektrotexnika tarmoqlari uchun turli polimer mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy afzalligi ularning mustahkamligi, deformatsiyaga chidamliligi va tashqi muhit taʼsiriga yuqori bardoshliligi hisoblanadi. Shu sababli mazkur mahsulotlar qurilish, avtomobil sanoati, oziq-ovqat ishlab chiqarish hamda elektrotexnika sohalarida keng qoʻllanilmoqda.
Korxona tarkibida zamonaviy tadqiqot markazi faoliyat yuritadi. Bu yerda Osiyo va Yevropa bozorlari talablaridan kelib chiqqan holda termoelastoplastlarning yangi retsepturalari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, tayyor granulalar, zichlagichlar va yuqori bosimli shlanglar xalqaro standartlar asosida sinovdan oʻtkaziladi.
58 ta yangi ish oʻrni yaratilib, oʻtgan yil yakunlariga koʻra, bu yerda 103 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shuningdek, 5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Korxona faoliyatining yana bir muhim natijasi import oʻrnini bosish bilan bogʻliq. Xususan, 2025 yilda 8,5 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Kelgusida korxona mahsulot ishlab chiqarish hajmini 177 milliard soʻmga hamda eksport ulushini 60 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu rejalar amalga oshirilsa, korxona nafaqat mahalliy bozor ehtiyojlarini qondirish, balki Markaziy Osiyo va boshqa tashqi bozorlarda ham oʻz mavqeini yanada mustahkamlashi mumkin.
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev “BCG Group OZ” korxonasi bilan tanishdi.

Maishiy va avtomobil kimyosi kundalik turmush va transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatishda foydalaniladigan kimyoviy vositalar hisoblanadi. Oʻzbekistonda bu turdagi mahsulotlarning katta qismi import qilinar edi, ammo bugungi kunda mahalliy ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda.
“BCG Group OZ” korxonasi ayni kunda keng assortimentda maishiy va avtomobil kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi.
Umumiy qiymati 6 million dollarlik loyiha doirasida rossiyalik hamkor bilan tashkil etilgan korxonada 80 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.

80 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan, avtokimyo va avtokosmetika, mehmonxona, restoran va sanoat uchun professional klining vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Birgina oʻtgan yilda 176 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlib, 2,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 14,7 million dollarlik mahsulot import oʻrnini bosdi.
Mahsulotlarning sifati milliy va xalqaro hujjatlar, xususan, ISO 9001, “Halol” hamda MDH davlatlari sertifikatlari bilan tasdiqlangan.
Ishlab chiqarish jarayonida sifat nazorati xomashyodan boshlab tayyor mahsulotgacha boʻlgan bosqichlarni qamrab oladi. Laboratoriyada xomashyoning texnik talablarga muvofiqligi, mahsulotning qovushqoqligi, pH koʻrsatkichi, zichligi va samaradorligi tekshiriladi.
Bugungi kunda korxona mahsulotlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻoniston kabi qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Korxona kelgusida mahsulotlarining hajmini 294 milliard soʻmga yetkazishni maqsad qilgan.
Davlatimiz rahbari bu kabi ishlab chiqarishlar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish iqtisodiyot rivojining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda tashkil etilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bugungi kunda sohadagi yangi avlod sanoat maydonlaridan biri sifatida shakllanib ulgurdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 3 fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida barpo etilgan mazkur texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadiga xizmat qilmoqda. Umumiy maydoni 26,4 gektar boʻlgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga 25 million dollar mablagʻ yoʻnaltirildi.

Texnoparkning investitsiyaviy jozibadorligi aniq raqamlarda oʻz ifodasini topmoqda. Jumladan, 2025 yilda 56 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirilib, 758 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yil davomida korxonalar tomonidan 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.
Kelgusi rejalar ham ulkan. 2030 yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni 48 million dollarga yetkazish hamda ish oʻrinlari sonini 2 ming 300 taga oshirish belgilangan.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyevga texnopark faoliyati, shuningdek, kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalar taqdimot qilindi.
Bugungi kunda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish agrar sektor barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Yiliga 3,7 million tonna oʻgʻit ishlab chiqarilayotgan boʻlsa-da, import qilinayotgan fosforli va suvda eruvchan oʻgʻitlarga boʻlgan talab tarmoqni yanada modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Bu borada 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Neft-kimyo tarmogʻida esa polimerlarga boʻlgan ichki ehtiyoj ortib bormoqda. 2032 yilga borib, mazkur ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Angrenda “Koʻmirdan olefinlar olish” va Qoʻngʻirotda “Naftani qayta ishlash” kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi ushbu talabni toʻliq qondirish va import oʻrnini bosishga xizmat qiladi.
Maishiy kimyo sohasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Investitsiya loyihalari orqali import hajmini ikki barobarga qisqartirish, ichki isteʼmolni mahalliy mahsulotlar hisobiga 64 foizgacha yetkazish va eksport koʻrsatkichlarini oshirish koʻzda tutilgan.
