Andijonda "Soliq" ilovasi orqali 35 mlrd soʻmdan oshiq keshbek talon-taroj qilindi
Viloyat soliq boshqarmasi masʼullari ham shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermagan.

Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 mlrd soʻm mablagʻlar keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda 6 nafar fuqaro va boshqalar oʻzaro til biriktirib, fuqaro Oʻ.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Yu.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta MChJ tashkil etib, ushbu MChJlar oʻrtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan boʻlsa-da, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda 2026 yilning mart-aprel oylarida jami 1,1 trln soʻmlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarini rasmiylashtirgan. Soʻngra goʻyoki savdodan tushgan pul mablagʻlarini onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqarishgan.
Natijada jami 100 458 nafar fuqaroga “Soliq Mobile” ilovasi orqali “Keshbek” sifatida toʻlab berilganligi oqibatida, 35,1 mlrd soʻm byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Oʻz navbatida, Andijon viloyati soliq boshqarmasi masʼul shaxslari va boshqalar yuqoridagi MChJlar tomonidan jami 1,1 trln soʻmlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilganligi holatlari boʻyicha korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini koʻrmaganligi, shuningdek shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermaganliklari maʼlum boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga tegishliligi boʻyicha prokuraturaga yuborilgan.
