Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalarida 350 mingga yaqin fuqarolardan asossiz pul olingani aniqlandi
Guliston tibbiyot klasterida xatolik sabab 340 mln soʻmga yaqin asossiz daromad olingan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalarida 350 minga yaqin fuqarolardan 440 mln soʻmga yaqin asossiz mablagʻ olingani aniqlanib, qaytarilishi belgilandi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi boʻyicha tegishli qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Hududlar kesimida misollar:
Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston tibbiyot klasterida oʻtkazilgan oʻrganishlarda muassasa 2024 yil davomida koʻrik yoʻnalishdagi xizmat turlari boʻyicha bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda xatolikka yoʻl qoʻygani aniqlandi. Yaʼni 110 ta pullik tibbiy xizmat turi boʻyicha 100 ming nafarga yaqin isteʼmolchi bilan hisob-kitob qilinib, 340 mln soʻmga yaqin asossiz daromad olingan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 21-moddalarida ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shartligi, shuningdek sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Guliston tibbiyot klasteriga nisbatan 340 mln soʻmga yaqin mablagʻni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Raqobat qoʻmitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida oʻtkazilgan oʻrganishlarda mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali tomonidan 2023-2024 va 2025-yillar mobaynida pullik tibbiy xizmatlarda notoʻgʻri hisoblanishi oqibatida 40 ming 500 ga yaqin mijozlardan asossiz ravishda jami 100 mln soʻmdan ortiq mablagʻ olingani aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, 100 mln soʻmdan ortiq mablagʻni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
