platina.uz
Madaniyat

Qator ijodkorlarga bir yil davomida har oy 5 mln soʻmdan qalam haqi toʻlanadi

Har yili "Milliy ijodkorlar qurultoyi" oʻtkaziladi. Unda ijodiy birlashmalarning yillik faoliyati sarhisob qilinib, eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlar taqdirlanadi. 

Qator ijodkorlarga bir yil davomida har oy 5 mln soʻmdan qalam haqi toʻlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvida isteʼdodlarni aniqlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar taqdim etildi.

Unga koʻra, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholgʻu, tasviriy hamda amaliy sanʼat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.

Mazkur birlashmalarga tajribali ustoz ijodkorlar bilan bir qatorda vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari ham hamrais sifatida biriktiriladi.

Taʼkidlanishicha, ustoz sanʼatkorlar yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini oʻrgatsa, davlat tashkilotlari rahbarlari joylardagi madaniyat muassasalari muammolarini hal etishga koʻmaklashadi.

Yangi tizim doirasida har bir ijodiy birlashma kesimida mahalladan respublika bosqichigacha boʻlgan tanlovlar tashkil etiladi. Gʻoliblar gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi uchun qoʻllab-quvvatlanadi.

Shuningdek, har yili "Milliy ijodkorlar qurultoyi" oʻtkaziladi. Unda ijodiy birlashmalarning yillik faoliyati sarhisob qilinib, eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlar taqdirlanadi.

Musiqa sohasida kamida 10 ta asar yaratgan, nufuzli unvonlarga ega boʻlgan yoki xalqaro tanlovlarda gʻolib chiqqan sanʼatkorlar eʼtirof etiladi. Adabiyot sohasida esa kitoblari keng tarqalgan, asarlari teatr yoki kinoda sahnalashtirilgan, sheʼrlari ommalashgan shoir, yozuvchi va dramaturglar saralanadi.

Tanlov gʻoliblari va munosib deb topilgan ijodkorlarga bir yil davomida har oy 5 million soʻmdan qalam haqi toʻlanadi. Shuningdek, ularga mamlakat boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Ijodkorlar uchun mahorat maktablari va ijod uylari ham tashkil etiladi.

Prezident ushbu imtiyozlarning bir yil bilan cheklanmasligi haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatladi. Agar ijodkor keyingi yillarda ham yuqori natijalarni namoyon etsa, unga berilgan ragʻbatlantirish choralari saqlab qolinadi.

Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va sanʼat vakili, muzey xodimi va rassomga uy-joy olish uchun ipoteka krediti boshlangʻich toʻlovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuningdek, boshqa hududdan kelib ishlayotgan ijodkorlar uchun ijara toʻlovlarini kompensatsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Unga koʻra:

– Toshkent shahrida oyiga 2,5 million soʻmgacha;

– viloyatlarda esa 1,6 million soʻmgacha ijara xarajatlari qoplab beriladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid