Ayrim doktorantlarning stipendiyasi oshiriladi
Ilmiy darajalar berishda 2027 yil 1 yanvardan chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish bekor qilinadi.

Ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya toʻlanadi.
“Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–98-son, 26.05.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026 yil 1 sentabrdan Davlat byudjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktorantura (doktorantura)da kadrlar tayyorlashda:
- doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar (ustuvor ilmiy ixtisosliklar)ga ajratiladi;
- differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya toʻlanadi;
- ustuvor ixtisosliklarga qabul qilinganlarga tadqiqot ishida zarur asbob-uskunalar xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha mablagʻ doktorant tahsil olayotgan tashkilotga yoʻnaltiriladi;
- tayanch doktorantura bosqichining 1-oʻquv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va maʼlumotlar tahlili kabi fanlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmogʻida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega boʻlish talabi joriy etiladi.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilishda tegishli fan yoʻnalishlarida milliy sertifikatga ega talabgorni mutaxassislik fani boʻyicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
Ilmiy darajalar berishda 2027 yil 1 yanvardan quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
- chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
- Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini roʻyxatdan oʻtkazish va dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berish;
- dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan oʻtkazish;
- ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya eʼlon qilish;
- dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
- dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi toʻgʻrisida xulosa olish;
- Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari boʻyicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish;
- himoya qilingan dissertatsiya boʻyicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
- taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish.
2027 yil 1 yanvardan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etiladi.
