platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar: nega elita vakillarining chap koʻzi koʻkaradi?

Bu qandaydir epidemiyami yoki ularni qiynoqqa solishganmi? Yoki tadbir oqshomida mushtlashuv yuz berganmi? Nega hammada va aynan chap koʻzi ostida koʻkarish paydo boʻladi?

Ochilmagan sirlar: nega elita vakillarining chap koʻzi koʻkaradi?
Fotokollaj: Platina.uz

Siyosiy intrigalar, yopiq elitar klublar va yashirin taʼsir nazariyalari dunyosida bir gʻalati holat borki, u koʻp yillardan buyon internet jamoatchiligi va konspirologiya tadqiqotchilarini hayratga solib kelmoqda. Gap Black Eye Club deb ataluvchi fenomen haqida ketyapti.

Sirli tamgʻa

Tasavvur qiling, Davos, London yoki Vashingtondagi hashamatli mehmonxonalardan birining yopiq zalida odamlar yigʻilgan. Mashhur siyosatchilar, milliarderlar, qirollik oilasi aʼzolari, aktyorlar va musiqachilar qandaydir yopiq tadbir oʻtkazishadi. Bu tadbir haqida OAVda eʼlon berilmagan. Tadbir haqida kichik xabarcha ham eʼlon qilinmaydi. Unga faqat tanlangan va xos odamlar taklif etilgan.

Tadbir nihoyasiga yetgach, uning qatnashchilari turli avtomobillarda oʻz makonlariga joʻnab ketishadi. Ammo ularning qiyofasida bir oʻxshashlik kuzatiladi: ularning barchasida chap koʻzining ostida koʻkarish paydo boʻladi.

Bunday koʻzi koʻkarganlar qatorida mashhur shaxslar – Rim Papasi, AQSh prezidentlari Jo Bayden, Jorj Bush, davlat kotibi Jon Kerri, Hollivud aktyorlarini koʻrish mumkin.

Bu nima – qandaydir epidemiyami yoki ularni qiynoqqa solishganmi? Yoki tadbir oqshomida mushtlashuv yuz berganmi? Nega hammada va aynan chap koʻzi ostida koʻkarish paydo boʻladi?

Gʻalati jihati shundaki, mazkur elita vakillari bu koʻz koʻkarishidan uyalishmaydi. Shu hollarida turli ochiq siyosiy tadbirlarda bemalol koʻrinish berishadi. Prezidentlar va boshqa davlat rahbarlari yuqori minbarlarda turib bayonotlar qilishadi. Bunga guvoh boʻlgan jamiyatda va jurnalistlarda esa savollar tugʻiladi, tabiiyki.

Masalan, shu yil yanvar oyida Fransiya prezidenti xalqaro yigʻilishda koʻziga qora koʻzoynak taqqan holda koʻrindi.

Yoki milliarder Ilon Mask Tramp bilan uchrashuv paytida koʻz osti koʻkarishini yashirmadi.

Ammo ular koʻz koʻkarishi uchun turli bahona va izohlarni keltirishadi. Kimdir koʻzini eshikka urib olgan, kimdir kecha sport zalida raqibidan tasodifiy zarba yegan. Kimdir esa tunda xalq qaygʻusida toʻyib uxlamaganini, yana baʼzilar biroz sogʻligi yomonlashganini bahona qiladi.

Shu bilan olomon qiziqishi va shov-shuvlar toʻlqini biroz pasayadi. Koʻz koʻkarishlari ham ketadi. Lekin qiziquvchan odamlar keyinchalik yana bir qonuniyatni payqashadi. Bu koʻz osti koʻkarishlari bilan ommaga koʻrinish bergan oligarxlar, siyosiy va maʼnaviy yetakchilar, sport va madaniyat yulduzlarining shu voqeadan keyin toʻsatdan obroʻsi va boyligi oshib ketadi.

Ular katta omad va muvaqqiyatga duch keladi, ishlari yanada yurishadi. Koʻz koʻkarishi va bu kutilmagan omad oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor? Nega oddiy odamlarda bu hodisa shunchaki kulgi yoki achinish uygʻotadi, lekin “katta” odamlarga omad keltiradi?

“Tanlangan shaxslar klubi” nazariyasi

Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, bu yerda gap oddiy maishiy jarohatlar haqida emas, balki zodagon qatlam vakillari aʼzo boʻladigan yopiq muhit haqida ketmoqda. Bu klubga darrov nom ham qoʻyishga ulgurishdi: Black Eye Club, yaʼni “Koʻkargan koʻz klubi”.

Mazkur nazariya tarafdorlarining uqdirishicha, elita vakillari bu klubga qabul qilinganining belgisi sifatida chap koʻzlari ostida koʻkarish paydo boʻladi. Bu ramziy tamgʻani yashirish mumkin emas. Bu koʻz koʻkarishi – muayyan marosimdan oʻtganlik belgisi yoki global siyosiy va moliyaviy jarayonlarda ishtirok etuvchi norasmiy elitaga mansublik tasdigʻidir. Ayrimlar buni mason anʼanalari, okkult jamiyatlar, maxfiy ordenlar va hatto qadimgi bagʻishlov marosimlari bilan bogʻlaydi.

Bunday nazariyalar ayniqsa internet foydalanuvchilari jamiyatda katta qudrat va taʼsirga ega insonlarning oʻxshash jarohatlar bilan tushgan suratlarini yigʻib, katta toʻplamlar tuzishni boshlaganidan soʻng keng tarqala boshladi. Bir qarashda bu oʻxshashliklar gʻalati, taxminlar esa ishonarli koʻrinadi.

Nega aynan chap koʻz?

Bu yerda nazariya tarafdorlari ramziy talqinlarga yanada chuqurroq kirib boradi. Turli mistik anʼanalarda chap koʻz baʼzan maxfiy bilim; “botiniy koʻz”, qandaydir oliy va samoviy kuchga boʻysunish yoxud mistik va okkult amaliyotlar bilan bogʻlanadi. Ayrim konspirologiya tadqiqotchilari buni “hamma narsani koʻruvchi koʻz”, qadimgi Misrdagi Ra va Gor ilohlari koʻzi va masonlar simvolikasi bilan qiyoslaydi. Misr ilohiyotidagi koʻz suratida esa aynan chap koʻz tasvirlangan.

Hamma narsani koʻruvchi koʻz tamgʻasi – goʻyoki Oliy qudrat – Xudo koʻzini anglatadi. Bu masonlar tashkiloti logotipida mavjud. Shuningdek, AQShning 1 dollarlik banknotida ham koʻrish mumkin.

Koʻz koʻkarishi shu mistik talqin bilan bogʻliq deyiladi. Yaʼni bu tamgʻa qoʻyilgan inson endi shu oliy va sirli doira vakili ekanini koʻrsatadi goʻyoki.

Yoki boshqa taxminlarga koʻra, baʼzi odamlar shayton bilan shartnoma tuzadi. Ular iymonlari va ruhlarini shaytonga sotib, evaziga shu dunyonnig oʻzida katta qudrat, hokimiyat, boylik va obroʻga ega boʻlishadi. Yaʼni bu dunyo matosi yoʻlida oxiratlarini kuydirib, doʻzaxni tanlashadi.

Faktlar nima deydi?

Ammo bir muhim jihatni unutmaslik kerak: bunday marosim mavjudligini tasdiqlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri dalillar hech qachon taqdim etilmagan. Maxfiy tashkilotlar boʻlsa-da, ular shuning uchun ham maxfiyki, hech kim ichki sirlaridan xabardor boʻla olmaydi. Sirni ochishga uringanlar esa ehtimol oramizda yashab qolmaydi.

Agar hissiyotlar va internet mistitsizmini real voqelikdan ajratsak, bir nechta muhim nuqtalar oydinlashadi.

Eng avvalo, yigʻilgan “dalil”larning aksariyati – suratlar toʻplami xolos. Nazariyaning asosiy bazasi OAVda chiqqan tasvirlarga qurilgan. Masalan, kimdir rostan ham yiqilib tushgan. Kimdir koʻzida jarrohlik operatsiyasini oʻtkazgan, kimdir sport jarohati olgan. Kimdir shunchaki noqulay yorugʻlik manbasida suratga olingan. Shu kabi turli vaziyatlarga qaramasdan, suratlar kontekstdan uzib olinib, yagona “zanjir”ga aylantiriladi.

Shuningdek, psixologiyaga koʻra, inson miyasi hatto mavjud boʻlmagan joyda ham qonuniyat izlashga moyil. Psixologiyada bu apofeniya effekti deb ataladi, yaʼni inson miyasi tasodifiy voqealar oʻrtasida yashirin bogʻliqlikni, mantiqiy aloqani koʻrishga intiladi.

Qolaversa, bu sirli koʻz koʻkarishi rostan maxfiy tashkilot marosimi izi boʻlsa, uni grim qilishning iloji boʻlardi-ku?! Davlat rahbarlarining imijmeykerlari bu borada qattiq qaygʻurishadi chunki. Agar yuqori mansabdor shaxs yuzida biror oʻzgarish bilan omma oldiga chiqsa, albatta bunga rasman izoh beradi.

Masalan, AQSh davlat kotibi Marko oʻtgan yilning 5 mart kuni Fox News telekanali efirida peshonasiga kuldan chizilgan katta xoch tamgʻasi bilan koʻrindi.

Nasroniy ruhoniylari keyinchalik izoh berishicha, Rim-katolik cherkovida Buyuk post, yaʼni roʻza davrining birinchi kuni – “Kul chorshanbasi” deb ataluvchi kunda maxsus marosim doirasida nasroniylarning peshonasiga kuldan xoch chizib qoʻyiladi.

Marko Rubio ham cherkovga aloqadorligi va dindorligini taʼkidlash uchun garchi AQSh diplomatiyasining rahbari boʻlsa-da, peshonasida xoch tamgʻasi bilan intervyu bershidan uyalmagan.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Balki koʻz osti koʻkarganlar ham qandaydir maxfiy oqimga, yaʼni “Koʻkargan koʻz klubi”ga mansubligini taʼkidlashdan uyalmas va hatto faxrlanishar ehtimol. Shuning uchun buni yashirishga urinmayotgan boʻlsa-chi?

Yosh bilan bogʻliq alomatmi?

Yana bir qatlam fikricha, bu koʻz koʻkarishi bilan koʻringan elita vakillarining koʻpchiligi – yoshi ulugʻ insonlar. Maʼlumki, inson qarishi bilan qon tomirlari moʻrtlashadi va hatto kichik zarba ham sezilarli gematomaga, yaʼni koʻkarishga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, turli plastik operatsiyalar, kosmetologik muolajalar, tibbiy inʼeksiyalar, mansab bilan bogʻliq stress va surunkali uyqusizlik ham koʻz atrofida oʻxshash izlar qoldirishi mumkin. Ammo yosh va sogʻlom mashhurlarning koʻzi koʻkarishini qanday izohlash kerak?

OAV mojarolarga oʻch boʻladi

Agar oddiy odamning koʻzi ostida koʻkarish paydo boʻlsa, buni hech kim payqamaydi. Ammo bunday jarohat prezident, milliarder yoki mashhur insonda paydo boʻlsa, surat bir zumda butun dunyo boʻylab tarqaladi. Shundan keyin internet oʻzaro bogʻliq boʻlmagan holatlarni yagona nazariyaga birlashtira boshlaydi. OAV esa bu taxminlar gulxaniga benzin sepib battar alanga olishiga xizmat qiladi.

Xoʻsh, nega bu nazariya hamon mashhurligicha qolmoqda? Chunki u zamonaviy elitaga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatiga juda mos keladi.

Odamlar tobora koʻproq shunday taxminlarga ishonmoqda. Masalan, avval ommaviy madaniyatda, turli kinofilm va jurnalistik surishtiruvlarda elita vakillarining maxfiy joylarda yigʻilib, turli marosimlar va ommaviy jinsiy buzuqliklar va zoʻravonlik bilan shugʻulanishi haqida gap soʻzlar yurardi. Ammo darrov bu taxminlar kulgi ostiga olinar va konspirologik alahsirash sifatida rad etilardi. Ammo yaqinda Jefri Epshteyn, uning shaxsiy oroli va u yerda turli elita qatlamlari vakillarining jinsiy buzuqlik va zoʻravonlik, hatto qotillik bilan shugʻullanib turgani haqidagi faktlar oshkor boʻlib, bu taxminlar oʻz isbotini topdi. Bu voqelardan keyin “Koʻkargan koʻz klubi” haqidagi taxminlar ham rostmikan, degan fikr tugʻilishi tabiiy.

Shu bois boshqa taxminlar yana OAVda koʻtarilmoqda. Yaʼni biz jahonda kuzatayotgan siyosiy va iqtisodiy voqealar shunchaki aysbergning uchi. Aslida ular ostida biz bilmaydigan va koʻra olmaydigan hodisalar yuz bermoqda, balki?

Rasman olganda, maxfiy elita klublari mavjudmi?

Tarix shuni koʻrsatadiki, yopiq jamoalar haqiqatdan boʻlgan va hozir ham mavjud.

Masalan, XVIII-XIX asrlardagi mason lojalari, elitar universitet klublari, yopiq siyosiy uyushmalar, jahon elitasining norasmiy uchrashuvlari, Bilderberg klubi kabi xalqaro forumlar shular jumlasidandir.

Biroq yopiq uchrashuvlarning oʻzi mistik marosimlar yoki maxfiy “bagʻishlov belgilari” mavjudligini isbotlamaydi.

Ommaga taʼsir qila oladigan qudratli insonlar haqiqatdan tor doirada muloqot qiladi – bu fakt. Ammo har qanday koʻz koʻkarishi yoki boshqa tasodiy dogʻlarni jahon miqyosidagi fitna tasdigʻiga aylantirish – jiddiy taxmin boʻlib, jiddiy dalil va isbot talab qiladi.

Afsonami, tasodifmi yoki elitalar oʻyini?

Agar fenomenga xolisona yondashilsa, Black Eye Club mavjudligining toʻgʻridan-toʻgʻri dalillari yoʻq. Ishtirokchilar guvohligi yoʻq. Hujjatlashtirilgan marosimlar yoʻq. Bunday tuzilma borligini isbotlagan ishonchli surishtiruvlar yoʻq.

Dalillarning koʻpchiligi shunchaki taxminlar, vizual oʻxshashliklar; internetdagi suratlar toʻplamlari hamda ramziy talqinlar ustiga qurilgan. Ammo jamiyatning bunday nazariyalarga qiziqishini ham butunlay rad etib boʻlmaydi. Bu fenomen jamiyat va jahon elitasi oʻrtasidagi ishonch inqirozi chuqurlashganini koʻrsatadi.

Balki Black Eye Club – internet davrining chiroyli konspirologik afsonasidir. Ehtimol asosiy sir koʻz koʻkarishida emasdir. Balki bu tamgʻa ham, bu tamgʻa atrofidagi shov-shuvlar ham sizu bizni ulkan fitnalar va rejalardan chalgʻitish uchun ataylab oʻylab topilib, bu shov-shuv xuddi itga otilgan suyak kabi oldimizga tashlangandir?..

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid