Orzudagi JST: aslida erkin bozor muhitiga kafolat yoʻq
Bozorimiz jahonga ochilganda birinchi boʻlib kuchlilar emas, davlat himoyasidagi sohalar zarar koʻradi. Jumladan, past samarador yengil sanoat, mahalliy yigʻuvchi-ishlab chiqaruvchilar, qishloq xoʻjaligining ayrim segmentlari, import chekloviga bogʻliq kompaniyalar, maʼmuriy ustunlikka asoslangan biznes modellar “birinchi zarbadayoq” qulashining ehtimoli katta.

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishni strategik iqtisodiy maqsad sifatida belgilagan. Dastlab mamlakat rasmiy ravishda barcha muzokara jarayonlarini 2026 yilda yakunlashi kutilgan edi. Biroq 2026 yil mart oyida muzokaralar guruhi vakillari taʼkidlaganidek, ayrim aʼzo davlatlar tomonidan Oʻzbekistonning tovar va xizmatlar bozoriga kirish shartlari, tarif majburiyatlari hamda ichki qonunchilikka oid hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoni choʻzilib ketgani sababli, yakunlovchi bosqichning muddatlari oʻzgarishi ehtimoli mavjud.
Kimlar nimadan norozi?
JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi muzokaralarda asosiy eʼtibor import tariflarining bosqichma-bosqich liberallashuvi, davlat subsidiyalari shaffofligini oshirish, davlat korxonalarining bozordagi ulushini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish kabi yoʻnalishlarga qaratilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim sohalarda – xususan sanoat mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar bozorida – bozorga kirish shartlari boʻyicha qoʻshimcha kelishuvlar talab etilmoqda.
Aniq qoʻshilish sanasi hali rasman belgilanmagan boʻlsa-da, Oʻzbekiston hukumati JST talablariga moslashish boʻyicha keng koʻlamli institutsional islohotlarni amalga oshirib kelyapti.
Bu jarayon doirasida bojxona tartib-taomillari raqamlashtirilmoqda, texnik reglamentlar qayta koʻrib chiqilmoqda, litsenziyalash tizimi soddalashtirilmoqda hamda tashqi savdo operatsiyalarida davlat aralashuvi bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda.
Shuningdek, iqtisodiy siyosatda raqobat muhitini kuchaytirish, davlat korxonalarining samaradorligini oshirish va xususiy sektor ulushini kengaytirish kabi vazifalar ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan. Hukumatning bayonotlariga koʻra, ushbu islohotlar nafaqat JSTga aʼzo boʻlish talablarini bajarish, balki mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli barqaror oʻsish trayektoriyasiga olib chiqish maqsadini ham koʻzlaydi.
JSTga aʼzolik nima beradi?
JST – bu davlatlar oʻrtasidagi savdo uchun “oʻyin qoidalari” tizimidir. Sodda qilib aytganda, bu davlatlar oʻrtasida savdo qilish uchun yagona qoidalar toʻplami boʻlib, savdo tartibsiz boʻlib ketmasligi hamda davlatlar bir-birini istaganicha bojxona tariflari bilan “jazolay” olmasligi uchun, savdo oldindan bashorat qilinadigan boʻlishi uchun tatbiq etiladi.
JSTning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
1. Teng sharoit (MFN)
Agar davlat bir sherikka imtiyoz bersa, uni JSTning barcha aʼzolariga ham berishi kerak.
Maʼlumot uchun - MFN (Most Favored Nation) bu – savdoda eng qulay sharoit tartibidir. Bu JSTning asosiy tamoyili hisoblanadi. Uning maʼnosi shundan iboratki, agar bir davlat boshqa bir davlat uchun muayyan savdo imtiyozlari, tariflar yoki afzalliklar belgilasa, u bu imtiyozlarni avtomatik ravishda JSTning barcha aʼzolariga ham tatbiq etishi shart. Yaʼni, Oʻzbekiston JSTga aʼzo davlatlarga nisbatan savdo shartlarini turlicha qoʻllay olmaydi. JSTning barcha aʼzolari uchun bir xil shart-sharoitlar taʼminlanishi kerak.
2. Bozorni istalgancha yopish mumkin emas
Boj tariflarini faqat kelishilgan chegaralar doirasida oʻzgartirish mumkin.
3. Shaffoflik
Davlatlar oʻz savdo qoidalarini ochiq tushuntirishi shart.
Yaʼni JSTga aʼzolik – boshqa davlat bozorlariga teng sharoitda kirish va savdoda kamsitilishdan himoyalanish, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal qilish imkoniyatini beradi va savdo munosabatlarining barqarorligini taʼminlaydi. JST – jahon savdosini barqaror va oldindan hammaga ochiq va maʼlum qiladigan tizimdir.
JST qoidalari mutlaqmi?
Shu oʻrinda savol tugʻiladi, baʼzan JST aʼzolari, masalan, AQShning boshqa davlatlarga nisbatan jazao tariqasida tariflarni keskin oshirganiga guvoh boʻlamiz, bu JST tamoyillariga va erishilgan kelishuvlarga zid kelmaydimi?
Gap shundaki, JST tariflarni umuman taqiqlamaydi. JST tariflar belgilangan “chegara” (majburiyatlar) doirasida boʻlishi mumkin, degan qoidaga tayanadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp boshqa davlatlarga nisbatan boj tariflarini oshirganida bir necha mexanizmlardan foydalangan. Zero, baʼzi holatlarda qonuniy istisnolar bor, hamma holat ham avtomatik ravishda “qoida buzilishi” hisoblanmaydi:
1. Milliy xavfsizlik – agar mamlakat buni xavf deb hisoblasa, tarifni oʻzgartirish mumkin(masalan, poʻlat va alyuminiy savdosiga);
2. Antidemping – agar bir davlat tovarni juda arzon sotsa – qoʻshimcha boj qoʻyiladi;
3. Savdo nizolari – masalan, Xitoyning “adolatsiz savdo siyosati” boʻyicha daʼvolar tarifni oshirishga sabab qilib koʻrsatiladi;
4. Siyosiy bosim – tariflar dastagi muzokaralarda siyosiy va iqtisodiy bosim vositasi sifatida qoʻllaniladi.
Bu JST qoidasini buzadimi?
Har doim ham buzmaydi. Xususan, AQSh oʻz harakatlarini JST qoidalariga mos deb hisoblaydi. Boshqa davlatlar esa baʼzi qarorlarni qonunga zid deydi. Bunday nizolar JST sudlarida koʻrib chiqiladi
Xulosa qilib aytganda, JST – mutlaq qatʼiy qonun emas, balki umumiy qoidalar tizimidir. Davlatlar baʼzan bu qoidalarni turlicha talqin qilishi va bahslashishi amaliyotda koʻp uchraydi.
Finishga yaqin davlat
Yana Oʻzbekistonga qaytadigan boʻlsak, 2026 yilda mamlakatimiz shunday chegaraga yaqinlashmoqdaki, undan keyin iqtisodiyot “tartibga solinadigan tizim” boʻlishdan chiqib, global savdo maydonining bir qismiga aylanadi.
Mamlakat JSTga qoʻshilish boʻyicha muzokaralarni deyarli yakunlamoqda – bu tashkilot jahon savdo qoidalarini belgilab beradi. Lekin diplomatik iboralar ortida oddiy formula yashirin: JSTga aʼzolik – nafaqat katta bozorlarga kirish, balki oʻz bozorini haddan ziyod himoya qilishdan voz kechishni ham anglatadi!
JST va muzokara manbalariga koʻra, hozir Oʻzbekiston tashkilotga qoʻshilishning yakuniy bosqichida turibdi: 40 dan ortiq muzokara raundi oʻtkazilgan, 30dan ziyod davlat bilan ikki tomonlama kelishuvlar muvofiqlashtirilgan, oʻnlab qonunlar qayta koʻrib chiqilgan, yuzlab tarif va savdo pozitsiyalari muhokama qilingan.
Bu oddiy rasmiyatchilik emas. Demakki, mamlakatimiz allaqachon tarif himoyasini kamaytirmoqda, bojxona tizimini isloh qilmoqda, xizmatlar bozorini ochmoqda, subsidiya tizimini shaffoflikka tayyorlamoqda.
Bozorimiz qanchalik himoyalangan?
Quyidagi rasmiy maʼlumotlar iqtisodiyotning himoya darajasini koʻrsatadi:
- oʻrtacha bojxona tarif stavkasi (MFN – xalqaro majburiyatlar boʻyicha import bojining oʻrtacha darajasi, mamlakatga tovar olib kirish uchun toʻlanadigan shu tovar narxidan oʻrtacha foiz): ~4.7%;
- oddiy oʻrtacha stavka: ~7.3% (Bu esa bozorning amaldagi real oʻrtacha himoya darajasidir. Nega u yuqoriroq? Chunki barcha tovarlarga bir xil boj qoʻllanilmaydi, baʼzi tovarlarga esa yuqoriroq boj stavkalari belgilangan. Sodda qilib aytganda, amalda bozorni himoya qilish darajasi “rasmiy oʻrtacha minimal koʻrsatkich”dan biroz kuchliroq boʻladi.);
- sanoat tovarlari uchun tarif: ~4.7-6% (Bu – texnika, uskunalar va sanoat tovarlaridir. Bu yerda himoya darajasi nisbatan past. Bu shuni anglatadiki, xorijiy sanoat tovarlari bozorga nisbatan oson kirib kelishi mumkin.);
- birlamchi mahsulotlar (xomashyo, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) uchun: ~5.2% gacha (Bu shuni anglatadiki, qishloq xoʻjaligi tovarlari bozori ham import uchun yetarlicha ochiq hisoblanadi).
Lekin umuman olganda, Oʻzbekiston oʻz bozorini tariflar orqali juda kuchli himoya qilmaydi (boj stavkalari oʻrtacha past – taxminan 5-7%). Taqqoslash uchun, qattiq proteksionizmga ega davlatlarda tariflar odatda 2-4 baravar yuqori, JST darajasidagi ochiq iqtisodiyotlarda esa shunga mos yoki pastroq boʻladi.
Biroq shuni inobatga olish kerakki, ichki bozor faqat tariflar orqali emas, balki litsenziyalar, qoidalar, standartlar va maʼmuriy cheklovlar orqali ham himoya qilinadi. Shu sababli, hatto tariflar past boʻlsa-da, bozor toʻliq “erkin” boʻlmasligi mumkin. Rasman Oʻzbekistonda import bojlari oʻrtacha past darajada boʻlsa-da, amalda maʼmuriy qoidalar hisobiga bozor himoyasi yuqoriroq boʻlishi mumkin.
Shu oʻrinda yana bir bor taʼkidlash kerak, JST tariflarning qatʼiy belgilangan “yagona darajasini” oʻrnatmaydi. Ayrim aʼzo davlatlarda, masalan Yaponiyada qishloq xoʻjaligi uchun yuqori tariflar mavjud. Hindistonda bozor juda kuchli himoya qilingan. Yevropa Ittifoqida esa tariflar oʻrtacha darajada boʻlib, lekin qoʻshimcha ravishda subsidiyalar tizimi mavjud.
Shu sababli JST universal ravishda past tariflarni belgilamaydi – himoya darajasi har bir davlatning oʻzi va uning olgan majburiyatlariga bogʻliq boʻladi.
Himoya iqtisodiyotining yashirin tizimi
Ekspertlarning aytishicha, Oʻzbekistonda tariflar nisbatan pastligiga qaramasdan, amalda ichki bozor bir necha dastaklar orqali boshqariladi. Litsenziyalash, davlat ishtirokidagi sektorlar, subsidiyalar, standartlar orqali import nazorati va turli maʼmuriy cheklovlar shular jumlasidandir.
Yaʼni Oʻzbekiston bozorni qisman ochgan. Lekin asosiy toʻsiqlar – tariflar emas, maʼmuriy xarakterga egaligini taʼkidlash joiz.
Tarifga bogʻliq boʻlmagan toʻsiqlar haqiqatan ham muhim rol oʻynaydi, lekin ularning mavjudligi shaffoflik va kamsitmaslik (diskriminatsiya qilmaslik, barcha aʼzo davlatlar uchun bir xil shart-sharoit belgilash) shartiga amal qilinsa, JST tamoyillariga zid kelmaydi.
Bu oʻziga xos paradoks manazarani shakllantiradi – Oʻzbekistonda bozor, bir qarashda, ochiqdek koʻrinadi, lekin yarim himoyalangan tizim sifatida ishlaydi. JSTga kirishdan keyin aynan shu tizim buzilishi kutilmoqda.
Postsovet makonidan saboqlar
Qirgʻiziston – himoyasiz erta ochilish namunasi
Qirgʻiziston 1998 yildayoq JSTga kirib olgan edi. Iqtisodiyotning kuchliligi emas, “demokratiya orolchasi” degan ijobiy tamgʻa va xalqaro obroʻga ega Chingiz Aytmatov hamda muzokaralarda “injiqlik” qilinmagani bu jarayonda muhim rol oʻynadi, albatta.
Nima boʻlganda ham, Qirgʻizistonning JSTga kirishi natijasida, import koʻlami tez oʻsib ketdi, milliy sanoat himoyasi zaiflashdi, iqtisodiyot tarozisining posangisi savdo va reeksport tomonga bosib ketdi, sanoatlashuv jarayoni cheklandi. Qisqa qilib aytganda, Qirgʻizistonda milliy bozor sanoatdan koʻra tezroq ochildi.
Kezi kelganda, reeksportning oshishishga (ayniqsa, 2000 yillarda Xitoy orqali) uning geografiy joylashuvi – dengizga chiqa olmasligi, sobiq SSSRdan qolgan kuchsiz sanoat bazasi ham rol oʻynagan. Shu bois, Qirgʻizistonda JST taʼsiri bevosita emas, balki bilvosita boʻlib, iqtisodiyotda avvaldan mavjud boʻlgan tuzilmaviy zaifliklarni kuchaytirgan.
Qozogʻiston – nazoratli liberallashuv
Qozogʻiston 2015 yilda JSTga kirgan. Buning oqibatlari – mamlakatga investitsiyalar oqimining tez oʻsishi, jahon bozorlariga chiqish osonlashuvi, raqobat kuchayishi hamda qishloq xoʻjaligi va ayrim sohalar bosim ostida qolishida namoyon boʻldi.
Mamlakat strategik nazoratni saqladi, lekin zaif sohalarga strukturaviy bosim yuzaga kelishiga duch keldi baribir.
Lekin ayrim ekspertlarning aytishicha, Qozogʻistonning JSTga aʼzoligi bundan ham koʻproq ijorbiy natija berishi mumkin edi, ammo Rossiya yetakchilik qiladigan va faqat Rossiya manfaatlari koʻzlangan turli bojxona va iqtisodiy tuzilmalarga aʼzolik hamda bu davlat bilan chegaradoshlik ham salbiy bosim koʻrsatmoqda.
Boshqa ekspertlarning fikricha, JST va YeOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) huquqiy jihatdan oʻzaro mos keladi, Rossiyaga “boʻysunish” kabi toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy qaramlik taʼsiri mavjud emas. YeOII taʼsiri tarif siyosatining bir qismini cheklashi mumkin xolos.
Rossiya misoli– milliy bozor himoyasi uchun 18 yillik muzokara
Rossiya JSTga kirishdan avval qariyb 20 yil muzokara olib bordi va 2012 yilda ushbu tashkilot aʼzosiga aylandi. Chunki Moskva sanoat raqobatidan jiddiy xavotir oldi. Oʻz qishloq xoʻjaligini himoya qilish, subsidiyalarni saqlab qolishga boʻlgan urinishlar, sanoatdagi siyosat, energetik tariflar va muallifliq huquqi masalalari boʻyicha muzokaralar juda choʻzilib ketdi.
Rossiya misolida shuni koʻrish mumkinki, hatto yirik iqtisodiyotlar ham toʻla ochiqlikdan qoʻrqadi. Globallashuvga xavotir bilan qaraydi.
Oʻzbekiston – mintaqadagi eng murakkab model
Darhol taʼkidlash lozim – Oʻzbekiston boshqalardan farq qiladi. Bu eski maʼmuriyat davridagi “oʻz mustaqil rivojlanish yoʻlimiz bor” degan populistik shior bilan bogʻliq emas.
Oʻziga xosligimiz – 38 milliondan oshgan aholimiz, 115-180 mlrd dollarlik nominal YaIM, shuningdek, iqtisodiyot tarkibida xizmatlar – 45-50%, sanoat – 30-34%, qishloq xoʻjaligi – 25% ekanligida koʻrinadi. Eng asosiy farq esa nazorat strukturasida.
Milliy iqtisodiyotda davlat hamon katta rol oʻynaydi, davlatga tegishli yirik kompaniyalar mavjud, ayrim sohalarda raqobat cheklangan, aksariyat tariflar davlat tomonidan nazorat va himoya qilinadi. Yaʼni iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish uchun hali ancha ish qilish kerak.
JST bosimi ostida birinchi zarba oladigan sohalar
Ehtimol gʻalati tuyulishi mumkin, ammo bozorimiz jahonga ochilganda birinchi boʻlib kuchlilar emas, davlat himoyasidagi sohalar zarar koʻradi.
Jumladan, past samarador yengil sanoat, mahalliy yigʻuvchi-ishlab chiqaruvchilar, qishloq xoʻjaligining ayrim segmentlari, import chekloviga bogʻliq kompaniyalar, maʼmuriy ustunlikka asoslangan biznes modellar “birinchi zarbadayoq” qulashining ehtimoli katta.
Allaqachon mavjud tashqi faktor: Xitoy
“JSTga aʼzo boʻlsak, tashqi oʻyinchilar milliy biznesni sindiradi”, deya vahimaga tushayotganlar bir “yangilik” bor – Oʻzbekiston import strukturasiga koʻra, Xitoy – Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori (butun importning taxminan 29 foizi) hisoblanadi. Rossiya ulushi – qariyb 22%, Yevropa Ittifoqi esa deyarli 12% ni tashkil etadi.
Bu shuni anglatadiki, yurtimiz iqtisodiyotiga raqobat bosimi allaqachon mavjud. JSTga aʼzo boʻlsak, u savdodagi qolgan toʻsiqlarni ham olib tashlaydi xolos.
Monopoliyalar afsonasi
Ekspertlarning prognozlariga koʻra, xalqimiz choʻntagi va byudjetni “emib” yotgan manfur monopoliyalar aslo avtomatik tarzda yoʻqolmaydi. Lekin davlat himoyasi, raqobatchilarni sunʼiy cheklash va turli yashirin import toʻsiqlari yoʻqolishi aniq, deyilmoqda.
Nima boʻlganda ham, JSTga aʼzo boʻlganimizdan keyin yirik biznes, davlat ishtirokidagi sektorlar hamda tabiiy monopoliyalar baribir saqlanib qolishi mumkin.
Boshqacha aytganda, JST monopoliyalarni yoʻq qilmaydi – ulardagi davlat bergan kuchli immunitetini olib tashlaydi, xolos. Shunday boʻlsa-da, JST raqobatga toʻsiqlarni kamaytirish orqali taʼsir koʻrsatadi. Mulkchilik tuzilmasi va monopoliyalar esa davlatning ichki siyosatidan kelib chiqib faoliyat yuritadi.
Eng katta oʻzgarish xizmatlar bozorida boʻladi
JSTga aʼzolikdan keyin eng oʻzgaruvchan va sezgir sektorlar – xizmatlar – banklar, sugʻurta, logistika, IT va telekom boʻlishi kutilmoqda.
Qisqa ssenariyga koʻra, xorijiy kompaniyalar bozorga kirib keladi, kuchsiz kompaniyalar oʻzaro uyushadi, narxlar pasayadi va malaka talablarining oʻsishi kuzatiladi.
Oʻzbekiston esa qonuchilikni hozirdanoq JSTga moslashtirmoqda. Bojxona jarayonlari, texnik reglamentlar, intellektual mulk qoidalari, savdo standartlari shular sirasiga kiradi. Lekin asosiy oʻzgarish shu boʻladiki, mamlakatimiz “iqtisodiyotni qoʻl boshqaruvi”dan – “tizimli qoidalar”ga oʻtishi kutilmoqda.
JST – sehrli tayoqcha emas, iqtisodiy sinov
Qisqa qilib aytadigan boʻlsak, JST – milliy iqtisodiyotga tahdid emas, lekin uning gurkirab rivojlanishi uchun kafolat ham emas. JSTga aʼzo boʻlish – oʻziga xos stress-test, iqtisodiy “lakmus qogʻozi”. Bu test qaysi sohalar samaradorlik hisobidan yashashini, qaysilari himoya hisobidan jon saqlayotganini aniqlab beradi.
(Lakmus qogʻozi – eritmalarning kislotalilik yoki ishqoriylik darajasini (pH) aniqlash uchun ishlatiladigan maxsus indikator. Uning rangi oʻzgarishi yordamida suv, kosmetik vositalar va oziq-ovqat mahsulotlarining pH koʻrsatkichini tezda bilib olish mumkin).
Xulosa
Oʻzbekiston shunday tizimga kiryaptiki, u raqobat proteksiyasini oʻzgartiradi, narxlar reallashadi, zaif biznes modellar yoʻqoladi.
Lekin asosiy xavf – tashqi xavf emas. Asosiy xavf – milliy iqtisodiyotning moslashish tezligida yashirin. Yaʼni chetdan xorij tovarlarining bemalol kirib kelishi – xavf emas, balki mahalliy kompaniyalarning kuchli raqobtga tez molasha olmasligi, iqtisodiyotdagi tartib-qoidalar yangi vaziyatga molasha olmasligi – katta xavf.
Agar milliy islohotlar bozor ochilishiga ulgursa, JST oʻsish drayveriga aylanadi. Agar ulgurmasa, bozor oʻzini davlatsiz qayta taqsimlay boshlaydi: kuchsiz mahalliy kompaniyalar sinadi, bozorni kuchli (asosan xorijiy) kompaniyalar egallaydi.
Abulfayz Sayidasqarov
