platina.uz
Iqtisod

Soliq solishning umumbelgilangan tartibiga oʻtish uchun belgilangan chegaraviy miqdor oshirildi

Mehmonxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul toʻlovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi. 

Soliq solishning umumbelgilangan tartibiga oʻtish uchun belgilangan chegaraviy miqdor oshirildi

Prezidentning "Kichik biznes subʼektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.

Unga koʻra, 2026 yil 1 iyundan boshlab soliq solishning umumbelgilangan tartibiga oʻtish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ikki ming baravari etib belgilandi.

2026 yil 1 iyundan boshlab:

(a) mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlari tomonidan:

(i) alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul toʻlovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;

(ii) alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subʼektlarda yakuniy isteʼmolga realizatsiya qilingan deb eʼtirof etiladi;

(b) umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlari uchun:

(i) ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda shu kunning oʻzida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini toʻlash tartibi joriy etiladi;

(ii) toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qatʼi nazar, toʻlangan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi;

(v) umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subʼektlariga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanishda toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadigan yer soligʻining bir baravari miqdorida belgilanadi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab:

-alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlar birlashtiriladi va uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida belgilanadi;

- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik subʼektlariga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan koʻp boʻlgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara toʻlovining eng kam stavkalari qoʻllanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;

- kichik biznes subʼektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki baravar oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1 iyundan 2030 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasi boʻlgan tadbirkorlik subʼektlariga, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar hamda yirik soliq toʻlovchilar mustasno, ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasi faqat ushbu soliq toʻlovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi va taʼsir choralarini belgilashga asos boʻlib hisoblanmaydi;

Quyidagilar bekor qilinadi:

- qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish tartibi;

- Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi deb eʼtirof etish;

- 2027 yil 1 yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan hollarda qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qaytarishda (qoplashda) inson omili ishtirokidagi joriy amaliyotdan voz kechiladi;

- soliq toʻlovchida mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar hosil boʻlgan hamda kelishda hosil boʻladigan 10 million soʻmgacha qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha salbiy farq summalari ularning arizasi talab etilmagan holda avtomatik tartibda qaytarib beriladi. Ushbu summani qoplab berish bilan bogʻliq soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid