platina.uz
Siyosat

Prezident YeOII bilan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi

Bandlik boʻyicha milliy elektron xizmatlarni oʻzaro bogʻlash orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish taklif etildi. 

Prezident YeOII bilan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisida nutq soʻzladi.

Oʻzbekiston uchun YeOII mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish tashqi iqtisodiy siyosatning eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.

Prezident YeOII bilan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini qisqacha koʻrsatib oʻtdi.

Birinchi. Oʻzbekiston va YeOII davlatlari oʻrtasida toʻsiqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga kirishishni muhim deb hisoblash.

Bu yerda soʻz elektron tijoratni rivojlantirish va uni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash, shuningdek, elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich oʻzaro tan olish haqida bormoqda.

Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yoʻlaklarini yaratish ishlariga kirishish maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasi rivojiga yangi turtki berish muhimdir.

"Biz biznesning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini koʻrmoqdamiz. Buni joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan oltinchi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasi ham tasdiqlaydi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur koʻrgazma salohiyatidan foydalanishni taklif etamiz. Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalarni istiqbolli yoʻnalishlar qatorida qayd etish mumkin.

Oʻzbekistonda kooperatsiya boʻyicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalarimiz negizida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga koʻmaklashadigan qoʻshma loyiha ofisini tashkil etishga tayyormiz" , deyiladi nutqda.

YeOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz.

Uchinchi. Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sigʻimini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qoʻshma dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda.

Qoʻshma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, ularni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan oʻrin olishi mumkin.

Toʻrtinchi. Bandlik boʻyicha milliy elektron xizmatlarni oʻzaro bogʻlash orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni dolzarb deb hisoblaymiz.

Bu yerda soʻz fuqarolarning ishonchli boʻsh ish oʻrinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi maʼlumotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishini taʼminlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirish haqida bormoqda. Bu bir paytning oʻzida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi.

Beshinchi. Bugungi kunda turizm madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligimizning eng jadal rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.

"Biz “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusini ilgari surdik. YeOII mamlakatlarini unda ishtirok etish va mazkur turistik yoʻnalishni ommabop raqamli platformalarda birgalikda targʻib qilishga taklif etamiz", deyiladi tashabbuslarda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid