Kinotavsiya: soxta “hoji”, har narsaga qodir Bryus va ikki vatanparvar
Loyihaning bu galgi sonida ilk marta oʻzbek kinosini birinchi oʻringa loyiq koʻrdik.

“Kinotavsiya” loyihasining bu galgi sonida soxta “hoji” haqidagi oʻzbek filmi, retro komediya, jangari janri muxlislariga kinolarni saraladik.
5. RRR, 2022 (Hindiston)
Rejissyor S.S.Rajamouli tomonidan suratga olingan, Hindiston kinosi tarixidagi eng qimmat va eng muvaffaqiyatli jangovar-epik filmdir. Film 1920 yillarda, Britaniya mustamlakasi davridagi Hindistonda yuz bergan voqealarni hikoya qiladi.
Bosh rollarda: N.T.Rama Rao va Ram Charan. Shuningdek, filmda Hollivud va Bollivud yulduzlari Ajay Devgan, Alia Bhatt va Rey Stivenson ham qatnashgan.
Film byudjeti taxminan 550 kror rupiya (~72 million AQSh dollari) boʻlib, oʻz davrining eng qimmat hind filmi boʻlgan. Dunyo boʻylab 1200 kror rupiyadan ortiq (~150-175 million AQSh dollari) mablagʻ yigʻib, Hindistonning eng daromadli uchinchi filmiga aylangan.
Film oʻzining jangovar sahnalari, yovvoyi hayvonlar ishtirokidagi tryuklari va musiqalari bilan dunyoni hayratda qoldirgan. Filmdagi shahdam va baquvvat harakatlarga boy Naatu Naatu qoʻshigʻi eng yaxshi original saundtrek nominatsiyasida “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlarini qoʻlga kiritgan.
Syujet
Film real hayotda yashab oʻtgan ikki hind inqilobchisining qiyofasiga asoslangan boʻlsa-da, undagi voqealar mutlaqo fantastik va badiiy toʻqimadir.
Hikoya Britaniya gubernatori tomonidan oʻgʻrilab ketilgan qabiladosh qizaloqni qutqarishga otlangan Bhim va Britaniya politsiyasida maxfiy reja bilan xizmat qilayotgan shafqatsiz zobit Raju atrofida aylanadi.
Ular bir-birlarining asl maqsadlarini bilmay, tasodifan yaqin doʻst boʻlib qolishadi. Keyinchalik haqiqat fosh boʻlgach, ularning oʻrtasida shiddatli toʻqnashuv va sotqinliklar zanjiri boshlanadi. Yakunda esa ular yovuz mustamlakachilarga qarshi birgalikda kurashadilar.
4. “Har nega qodir Bryus”, 2003 (AQSh)
Dunyoga mashhur fantastik komediya. Rejissyor Tom Shedyak tomonidan yaratilgan ushbu kartina inson hayoti, masʼuliyat va Yaratganning qudrati haqida yengil va kulgili uslubda hikoya qiladi.
Bosh rollarda: Jim Kerri, Jennifer Eniston va Morgan Frimen. Byudjeti: 81 million AQSh dollari.
Kinoteatrlarda juda katta muvaffaqiyat qozonib, dunyo boʻylab 484 million dollardan ortiq mablagʻ yigʻdi va 2003 yilning eng kassabop 5 ta filmi qatoridan joy oldi. U Jim Kerri faoliyatidagi eng koʻp daromad keltirgan film hisoblanadi.
Filmda Bryusning raqibi Evan rolini ijro etgan Stiv Karellning jonli efirda tili aylanib, bemaʼni gaplar gapiradigan sahnasi kino tarixidagi eng kulgili va mashhur lahzalardan biriga aylangan.
Syujet
Bryus Nolan – Buffalo shahridagi mahalliy telekanal reportyori. U doim hayotidan, ishidan nolib, oʻzining omadsizligida Xudoni ayblab yuradi.
Bryusning tinimsiz nolishlaridan keyin Xudo uni oddiy bir ishchi qiyofasida uchrashuvga chaqiradi. U Bryusga: “Agar mening ishim oson deb oʻylasang, oʻzing urinib koʻr”, deydi va bir haftaga oʻz kuch-qudratini unga topshirib, taʼtilga chiqadi.
Cheksiz ilohiy kuchga ega boʻlgan Bryus avvaliga bundan oʻz manfaatlari uchun foydalanadi: raqiblaridan oʻch oladi, mashinasini yangilaydi va tirbandliklarni tarqatib yuboradi. Biroq millionlab insonlarning duolariga masʼuliyat bilan javob berish va dunyodagi muvozanatni saqlash u oʻylagandan ancha murakkab boʻlib chiqadi.
3. “Himoyachi”, 2012 (AQSh)
Rejissyor Boaz Yakin tomonidan suratga olingan dinamik va shiddatli jangovar film. Bosh rollarda: Jeyson Steytem, Ketrin Chan, Robert Jon Berk, Jeyms Xong.
Byudjeti 30 million AQSh dollari. Dunyo boʻylab kinoteatrlarda taxminan 44 million dollar atrofida mablagʻ yiqqan.
Jeyson Steytem ushbu filmdagi koʻplab murakkab va xavfli tryuklarni, qoʻl jangi sahnalarini kaskadyorlarsiz, oʻzi mustaqil ravishda ijro etgan.
Film boshlanishidan to yakunigacha tinimsiz quvishlar, otishmalar va shiddatli harakatlarga boy boʻlib, tomoshabinni bir soniya ham chalgʻishga qoʻymaydi.
Syujet
Lyuk Rayt – sobiq maxsus xizmat xodimi va qoidalarsiz janglar qatnashchisi. U navbatdagi jangda kelishilgan kelishuvni buzib, raqibini nokautga uchratadi. Bundan gʻazablangan rus mafiyasi Lyukning homilador ayolini oʻldiradi. Uning oʻzini esa tirik qoldirib, kim bilan gaplashsa yoki yaqinlashsa, oʻsha insonni ham oʻldirish bilan qoʻrqitishadi. Lyuk uysiz, chorasiz va hayotdan butunlay umid uzgan holda koʻchalarda izgʻib yuradi.
Shu bilan bir vaqtda, Xitoy triadasi (mafiyasi) Mey ismli 11 yoshli xitoylik daho qizaloqni oʻgʻirlab ketadi. Mey raqamlarni va kodlarni bir marta koʻrishdayoq eslab qolish qobiliyatiga ega. Triada rahbari undan kompyuterlar qoldirmaydigan sonlarni – 30 million dollarlik maxfiy seyf kodini eslab qolish uchun foydalanadi. Biroq bu pullarni qoʻlga kiritishni rus mafiyasi va Nyu-Yorkning korrupsiyalashgan politsiyasi ham istaydi. Mey mafiya qoʻlidan qochishga muvaffaq boʻladi.
Lyuk hayotiga nuqta qoʻyish uchun metro bekatida turganda, rus mafiyasidan qochib yurgan va koʻzlarida qoʻrquv boʻlgan Meyni uchratib qoladi. Qizaloqni qutqarish istagi Lyukka yashash uchun yangi maqsad va kuch beradi. U Meyni oʻz himoyasiga oladi va bir vaqtning oʻzida Xitoy mafiyasi, rus mafiyasi hamda butun boshli sotqin politsiya tizimiga qarshi yolgʻiz oʻzi urush ochadi.
2. Visotskiy, 2011 (Rossiya, Oʻzbekiston)
Mashhur sovet shoiri, aktyori va qoʻshiqchisi Vladimir Visotskiy hayotidagi eng dramatik davr haqida hikoya qiluvchi Rossiya biografik filmidir.
Rejissyori: Pyotr Buslov. Ssenariy muallifi: Nikita Visotskiy (Vladimir Visotskiyning oʻgʻli).
Film chiqqan vaqtda reklama kampaniyalarida Visotskiy rolini kim ijro etgani uzoq vaqt sir tutilgan va titrlarda aktyorning ismi yozilmagan. Yuqori texnologiyali silikon niqob (grim) va kompyuter grafikasi yordamida aktyor yuzi xuddi haqiqiy Visotskiydek koʻrsatilgan. Keyinchalik bu rolni taniqli aktyor Sergey Bezrukov ijro etgani rasman maʼlum qilingan.
Byudjeti: 12 million AQSh dollari. MDH davlatlarida juda katta qiziqish uygʻotib, 31 million dollardan ortiq mablagʻ yigʻdi va yilning eng kassabop filmlaridan biriga aylandi.
Filmda oʻzbek aktyorlari ham qatnashgan: Raʼno Shodiyeva, Jamshid Zokirov, Otabek Nazarov, Tolib Moʻminov, Saodat Gʻulomova.
Shuningdek, Samarqand va Buxorodagi ommaviy sahnalarni suratga olish uchun yuzlab mahalliy aholi va oʻzbek teatrlari aktyorlari ham jalb qilingan.
Syujet
Film voqealari 1979 yilning yozida, Visotskiyning vafotidan bir yil oldin boʻlib oʻtadi. Uning sogʻligʻi giyohvandlik moddalari va tinimsiz mehnat tufayli juda yomonlashgan boʻladi. Bunga qaramay, u Oʻzbekiston boʻylab gastrol safariga joʻnaydi.
Dastur davomida u Buxoro shahriga keladi. Bu yerda kuchli zoʻriqish tufayli Visotskiy klinik oʻlimni boshdan kechiradi. Shifokor va doʻstlarining saʼy-harakatlari, shuningdek, sevgan ayolining Moskvadan yetib kelishi uni hayotga qaytaradi.
Sahna ortida KGB xodimlari Visotskiyning konsertidan tushayotgan noqonuniy pul tushumlari va uning taqiqlangan moddalarga qaramligini fosh qilish uchun izquvarlik qilishadi. Biroq shoirning ichki kuchi va shaxsiyati hatto tergovchilarni ham lol qoldiradi.
1. “Farz”, 2026 (Oʻzbekiston)
RejissyorSarvar Karimov tomonidan suratga olingan yangi dramatik badiiy filmdir. Film Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida tasvirga olingan. Byudjeti: 400 000 AQSh dollari.
Filmda oʻzbek kinosining mahoratli va taniqli yulduzlari bosh rollarni ijro etishgan: Matyoqub Matchonov, Tohir Saidov, Sayyora Yunusova, Rustam Karimov, Sobir Otajonov va Mohichehra Islomova.
Filmning asosiy suratga olish jarayonlari Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida olib borilgan. Tomoshabinlar va taqrizchilar Matyoqub Matchonovning iztirobga boy ichki kechinmalarni yuqori mahorat bilan koʻrsatib berganini alohida eʼtirof etishgan.
Syujet
Film shunchaki oddiy drama emas, unda bugungi oʻzbek jamiyatining maʼnaviy qiyofasi, “odamlar nima deydi?” qabilidagi qarashlar va chinakam insoniylik oʻrtasidagi kurash aks etgan.
Film bosh qahramoni – yoshi katta, halol mehnat bilan kun kechiradigan usta. Uning hayotidagi eng katta orzusi – rafiqasi bilan birga muqaddas Haj ziyoratiga borish. Nihoyat ularning navbati keladi, biroq toʻplangan mablagʻ yetarli boʻlmaydi. Ehtiyoj uchun pul qidirish jarayonida u yaqinlari va jamiyatning turli achchiq qiyofalariga duch keladi.
Syujet rivoji davomida bosh qahramon kutilmagan vaziyat tufayli nohaq ayblanib, ogʻir qismat va iztiroblar girdobida qoladi. Film inson hayotidagi maʼnaviy burch va masʼuliyat masalasini teran ochib beradi.
Filmda umraga borgan soxta "hoji" (yomon amallari bilan tasvirlangan) va Hajga borishga imkonli boʻla turib yoʻlga chiqmagan, oʻsha pulni uyi yonib ketgan beva ayolga hadya qilgan haqiqiy "hoji" kechinmalari tasvirlanadi.
