platina.uz
Maqola

Telefon oʻyinlari mutlaq zarar emas!

Bola oʻyin payti tahlil qiladi, strategiya tuzadi, eslab qoladi, bosim ostida qaror qabul qiladi, muammolarni hal etadi, boshqalar bilan hamkorlikni oʻrganadi.

Telefon oʻyinlari mutlaq zarar emas!
Fotokollaj: Platina.uz

Kechqurun deyarli har bir xonadonda bir xil manzarani koʻrish mumkin.

Ota-onalar ishdan charchab qaytadi. Bolasi planshet yoki telefonga tikilib oʻtirgan boʻladi. Ekranda yorqin ranglar charaqlaydi, qahramonlar yuguradi, otishadi, dunyolar quradi, sovrinlar yigʻadi. Bir necha daqiqadan soʻng esa tanish gap yangraydi: "Yigʻishtir telefonda oʻynashni! Darsingni qil/ovqatlan/uxla!”

Ana shu asabi charchagan kattalar va “yana ozgina oʻynay” deb yalinayotgan bolalar oʻrtasida zamonamizning eng muhim savollaridan biri tugʻiladi: “mobil va kompyuter oʻyinlari bolalarni rivojlantiradimi yoki aksincha, zarar yetkazadimi?”

Bu bahs oʻyinlar paydo boʻlganidan beri davom etmoqda. Oʻyinlarni tajovuzkorlik, aqliy tanazzul, qaramlik, “raqamli autizm” va hatto miyani “buzish”da ayblashgan. Shu bilan birga, neyropsixologlar, pedagoglar va olimlar tobora koʻproq bir fikrga kelmoqda: muammo ancha murakkab, bir tomonlama yondashib boʻlmaydi.

Olimlar nima deydi?

Zamonaviy ilm-fan kutilmagan xulosaga yaqinlashmoqda: oʻynash xavfli emas, meʼyorni yoʻqotish xavfli!

Endi bolalik oʻzgardi. Va buni endi orqaga qaytarib boʻlmaydi. Kattalar davridagi bolalar va muhit boshqacha boʻlganini unutmasligimiz lozim.

Bugungi bolalar harf yozishni oʻrganishdan oldin ekranni barmoq bilan surishni oʻrganadi. Maktab oʻquvchisi kattalar bilan erkin muloqot qilishdan avval chatlarda yozishadi. Oʻsmir esa bir vaqtning oʻzida ikki olamda – haqiqiy va raqamli dunyoda yashaydi.

Koʻplab ota-onalar buni deyarli fojea sifatida qabul qiladi. “Gadjetlarning zarari” qabilida sarlavha qoʻyilgan maqolalar rosa oʻqiladi. Kattalarga goʻyo bolalarning haqiqiy bolaligi – hovli, sayr, jonli muloqot, koʻcha oʻyinlar – goʻyo tortib olingandek tuyuladi.

Ammo bir noqulay haqiqat bor: raqamli dunyo endi “kelgindi” emas, u yangi avlod uchun tabiiy yashash muhitiga aylangan.

2026 yilda eʼlon qilingan xalqaro tahlil shuni koʻrsatdiki: pandemiyadan keyin bolalarning ekran oldida oʻtkazadigan vaqti dunyo boʻylab keskin oshgan va bu holat vaqtinchalik emas, balki uzoq muddatli tendensiyaga aylangan.

Shuning uchun masala endi bolani texnologiyalardan toʻliq himoya qilishda emas. Bu deyarli imkonsiz. Masala boshqacha: bolani shu dunyoda oʻzini yoʻqotmasdan yashashga qanday oʻrgatish mumkin?

Nega oʻyinlar kattalarni qoʻrqitadi?

Chunki ota-onalar avvalo jarayon oqibatini koʻradi, sababni emas.

Koʻp oʻynagan bola yomon uxlaydi, jahldor boʻlib qoladi. Telefonni qoʻlidan tushirmaydi. Oʻqishga qiziqishi pasayadi. Koʻchaga chiqmay qoʻyadi. Jonli muloqotda oʻzini oʻngʻaysiz his qiladi. Va kattalar darrov oʻylaydi: hammasiga aybdor – oʻyinlar.

Aslida esa soʻnggi yillardagi tadqiqotlar ancha murakkab manzarani koʻrsatmoqda. Ha, ekran oldida haddan tashqari koʻp vaqt oʻtkazish haqiqatan ham bolada ruhiy xavotirni kuchaytiradi. Uyqu buzilishi, diqqat pasayishi, hissiy beqarorlik va real dunyodan uzilib qolishga olib keladi.

2025 yilda AQShda 50 mingdan ortiq bola va oʻsmir ishtirok etgan tadqiqot shuni aniqladi: kuniga 4 soatdan ortiq ekran vaqti xavotir va tushkunlik xavfini sezilarli oshiradi.

Ayniqsa, qisqa videolarni cheksiz koʻrish, diqqatni doimiy almashtirish va tartibsiz kontent juda xavfli. Bolaning miyasi tez va uzluksiz ragʻbatlantirishga – oson dofaminga oʻrganib qoladi. Diqqatni jamlay olmaslik sindromi paydo boʻladi.

2026 yilgi ilmiy sharhda olimlar shunday xulosaga keldi: ekran vaqti va diqqat muammolari oʻrtasida ikki tomonlama bogʻliqlik mavjud – ekranlar diqqatni yomonlashtirishi mumkin, diqqat muammosi bor bolalar esa ekranga yanada koʻproq bogʻlanib qoladi.

Uyqu – birinchi qurbon

Shifokorlar bugun bolalar psixikasi uchun eng xavfli omillardan biri sifatida aynan uyqu yetishmasligini koʻrsatmoqda.

2026 yilda chop etilgan ilmiy sharh 32 ta tadqiqotni tahlil qilib, kechqurun ekrandan foydalanish – uyquga ketishni sekinlashtirishi uyqu sifatini buzishi, kunduzgi charchoqni kuchaytirishini tasdiqladi.

Avstraliyada oʻtkazilgan katta tadqiqot esa yanada taʼsirli raqamlarni koʻrsatdi: ikki yoshli bola har bir qoʻshimcha soat ekran qarshisida oʻtirsa, uning uyquga ketishi oʻrtacha 30 daqiqaga kechikkan.

Shuning uchun koʻplab pediatrlar bugun bitta oddiy qoidani takrorlamoqda: uxlashdan kamida bir soat oldin ekranlarni oʻchirish kerak.

Achinarli haqiqat: qaramlik haqiqatan ham mavjud

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻyin qaramligini rasmiy tashxis, yaʼni kasallik sifatida tan olganida, koʻplab ota-onalar oʻz qoʻrquvlariga tasdiq topgandek boʻlishdi: “Mana! Biz nima degandik! Oʻyin – bu narkotik!”

Ammo ilm-fan yana bir bor oddiy shov-shuvdan murakkabroq ekanini koʻrsatdi – oʻyin qaramligi haqiqatan mavjud. Lekin u barcha bolalarda emas, maʼlum xavf guruhida rivojlanadi.

Avstraliyada 2000 ga yaqin maktab oʻquvchilari ishtirok etgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, taxminan 4% bolalarda klinik yoki subklinik oʻyin qaramligi belgilari aniqlangan. Yana yuz minglab bolalar smartfon qaramligi xavfi ostida boʻlgan.

Tadqiqotlarga koʻra, odatda yolgʻiz, xavotirchan, hissiy jihatdan zaif, oila yoki maktabda muammosi bor bolalar xatar guruhiga kiradi. Bu sharoitda oʻyin muammoning sababi emas, balki muammodan qochish vositasiga aylanadi.

Chunki virtual dunyoda bola haqiqiy hayotda yetishmayotgan narsalarni topadi: eʼtirof, nazorat hissi, muvaffaqiyat, xavfsizlik, aniq qoidalarga asoslangan hayotni koʻradi. Psixologlar buni “raqamli boshpana” deb atashmoqda.

Ammo masalaning kam gapiriladigan boshqa tomoni ham bor. Qizigʻi shundaki, aynan videooʻyinlar bugun miyani rivojlantiruvchi vosita sifatida ham oʻrganilmoqda. NIH va ABCD loyihalarining tadqiqotlari kutilmagan natijani koʻrsatdi: muntazam videooʻyin oʻynaydigan bolalar koʻpincha tez reaksiya, mustahkam ishchi xotira, fazoviy fikrlash, tez qaror qabul qilish qobiliyati boʻyicha yaxshiroq natija koʻrsatadi. Bu haqda neyropsixologlar soʻnggi yillarda tobora koʻproq yozmoqda. Ayrim tadqiqotchilar hatto strategiya va mantiqiy oʻyinlarni “kognitiv trenajyorlar” deb atashmoqda.

Chunki yaxshi oʻyinlar – bu shunchaki passiv tomosha emas. Bu – miyaning doimiy ishidir. Bola oʻyin payti tahlil qiladi, strategiya tuzadi, eslab qoladi, bosim ostida qaror qabul qiladi, muammolarni hal etadi, boshqalar bilan hamkorlikni oʻrganadi.

Minecraft, shaxmat va TikTok miyaga turlicha taʼsir qiladi

Kattalar uchun bu oʻyinlarning barchasi bir xildek koʻrinishi mumkin: bola shunchaki “telefonda oʻtiribdi”. Ammo neyropsixologiya nuqtai nazaridan farq juda katta. 2026 yilda chop etilgan tadqiqotda olimlar passiv kontent va interaktiv faoliyat oʻrtasida katta farq borligini taʼkidladi.

Qisqa videolarni cheksiz tomosha qilish – bir narsa.

Minecraft’da murakkab mexanizmlar qurish – boshqa narsa.

Jamoaviy strategiya oʻyinida rollarni taqsimlab, tez qaror qabul qilish – mutlaqo boshqa narsa.

Zamonaviy tadqiqotlar tobora koʻproq ikki tushunchani ajratib oʻrganmoqda:

  • kontentni passiv isteʼmol qilish;
  • faol intellektual ishtirok.

Agar birinchisi haqiqatan ham diqqatni susaytirishi mumkin boʻlsa, ikkinchisi aksincha, kognitiv qobiliyatlarni rivojlantiradi.

Tajovuzkorlik haqidagi xavotirlar-chi?

Ehtimol, ota-onalarning eng kuchli qoʻrquvi – “shafqatsiz oʻyinlar bolani shafqatsiz qiladi”. Ammo bu yerda ham ilm-fan oddiy javob bermaydi.

Olimlarning 87 ta tadqiqotini oʻz ichiga olgan meta-tahlilda ekran vaqti bilan tajovuzkorlik va xavotir oʻrtasida bogʻliqlik borligi topilgan, ammo bu bogʻliqlik kuchli emasligi taʼkidlangan.

Yaʼni oʻyinlar baʼzi bolalarda hissiy qoʻzgʻalishni oshirishi mumkin, ammo uzoq muddatli tajovuz odatda ancha chuqur omillar – oila muhiti, stress, ruhiy jarohatlar, ijtimoiy bosim bilan bogʻliq. Oʻyinlar esa koʻpincha faqat qoʻshimcha omilga, trigger-turtkiga aylanadi.

“XXI asrning asosiy muammosi – oʻyin emas, meʼyorni yoʻqotishdir”. Zamonaviy psixologiya tobora shu xulosaga kelmoqda. Asosiy tahdid bola telefon oʻynaganida emas, balki oʻyin uning hayotidagi qolgan barcha narsalarni – uyqu, doʻstlar, sport, oʻqish, jonli muloqot va real – haqiqiy hayotni siqib chiqarganida boshlanadi.

AQSh sogʻliqni saqlash vazirligining 2026 yilgi hisobotida ham aynan shu fikr taʼkidlandi: ekran vaqti ortishi bolalarning jismoniy faolligi, oʻqishi va ijtimoiy munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Agar oʻsmir kechqurun doʻstlari bilan bir soat oʻynasa – bu bir holat. Agar u faqat virtual dunyoda yashasa – bu butunlay boshqa holat. Shuning uchun ota-onalar uchun asosiy savol “bolam qancha vaqt telefon oʻynayapti?” emas, balki “bolaning hayotida boshqa narsalar uchun ham joy qoldimi?” shaklida boʻlishi kerak.

Oʻyinlarni toʻliq taqiqlash endi mumkin emas. Va kerak ham emas. Dunyo juda kuchli oʻzgardi. Bugun raqamli savodxonlik oʻqish va yozish kabi muhim koʻnikmaga aylanmoqda. Texnologiyalardan butunlay ajratilgan bola himoyalangan emas, balki hayotga tayyorlanmagan boʻlib qolishi mumkin.

Shuning uchun mutaxassislar tobora koʻproq shunday demoqda: taqiqlash emas, hamrohlik kerak. Qoʻrquv asosidagi nazorat emas – ishtirok talab etiladi.

Texnologiyalarga qarshi jang qilish emas, bolani ulardan ongli foydalanishga oʻrgatish kerak.

Xoʻsh, oʻyinlar zararlimi?

Agar oddiy javob kutilsa, bunday javob yoʻq. Zero, oʻyinlar rivojlantirishi, oʻrgatishi, ijtimoiylashtirishi, fikrlashni mashq qildirishi mumkin.

Va shu bilan birga – qaramlik chaqirishi yo uyqu rejimiga zarar yetkazishi, xavotirni kuchaytirishi, haqiqiy hayot oʻrnini egallashi ham mumkin.

Buromadini aytganda, texnologiyaning oʻzi yaxshi ham emas, yomon ham emas. U xuddi pichoqqa oʻxshaydi – zarar berishi ham mumkin, foyda keltirishi ham mumkin. U faqat insonda allaqachon mavjud boʻlgan narsani kuchaytiradi.

Shuning uchun bugungi kattalar “Bolaga oʻyinni qanday taqiqlash mumkin?” degan savol ustida emas, “Bolani raqamli dunyoda oʻzini yoʻqotmasdan yashashga qanday oʻrgatish mumkin?”, degan savol ustida bosh qotirishlari lozim boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid