“Manchester Siti” delegatsiyasi Oʻzbekistonga keldi
Oʻzbekistonda professional futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh futbolchilarni seleksiya qilish va murabbiylar malakasini oshirish yoʻnalishidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi.

“Manchester Siti” futbol klubi delegatsiyasi Oʻzbekistonga keldi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi, “Kinkladze Global” hamda “SMH Sports” kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Sport vazirligi, MOQ va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Tomonlar Oʻzbekistonda professional futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh futbolchilarni seleksiya qilish va murabbiylar malakasini oshirish yoʻnalishidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi. Uchrashuvda “City Football Group” bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mahalliy professional klublari bilan sheriklik aloqalarini oʻrnatish, yosh futbolchilar uchun “Manchester Siti” metodikasi asosida maxsus tayyorgarlik dasturlarini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻz navbatida, Angliya klubining hamkorlik dasturi boʻyicha direktori Jonatan Smit oʻzbek futboli dunyo eʼtiboriga tushganini alohida taʼkidlab, mehmonlarda mamlakatimizdagi iqtidorli yoshlarni koʻzdan kechirishga katta qiziqish uygʻonganini qoʻshimcha qildi.
Tashrif doirasida mehmonlar “Olimpiya shaharchasi” infratuzilmasi, “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari mashgʻulot jarayonlarini koʻzdan kechirish barobarida hududlardagi qator klublarning faoliyati bilan ham tanishishishi koʻzda tutilgan.
