Jangovar sport turlari boʻyicha musobaqalarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi
Unda bevosita ishtirok etganlar esa maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Jangovar sport turlari boʻyicha musobaqalarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tahlillar jinoyat sodir etish maqsadida jinoiy uyushmalarni tashkil etish va moliyalashtirish holatlari jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikda bunday uyushmalarni moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagani ushbu sohadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Jinoyat kodeksiga jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik kiritish, bunday shaxslarga nisbatan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qoʻllamaslik nazarda tutilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jinoiy uyushma tashkil etish yoki unga rahbarlik qilish uchun javobgarlik mavjud boʻlsa-da, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilgan holda jinoiy uyushmalarga homiylik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi. Qonun loyihasi bilan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilgan holda jinoiy uyushmalarga homiylik qilganlik uchun ham javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Amalda uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun koʻp hollarda yengil jazo tayinlanmoqda. Bu esa jazosizlik muhiti shakllanishiga olib kelayotgani taʼkidlandi. Shu sababli, qonun loyihasida bezorilik jinoyati uchun jazo choralari ham ogʻirlashtirilmoqda.
Loyihada jangovar sport turlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Jangovar sport turlari boʻyicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi, unda bevosita ishtirok etganlar esa maʼmuriy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga hamda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
