platina.uz
Maqola

Haj ibodati: kecha va bugun

Makka va Madina gʻayrimusulmonlar uchun yopiq shaharlar boʻlgani sababli, Rossiya hukumati u yerga musulmon zobitlar va amaldorlarni ziyoratchi qiyofasida yuborishga majbur edi.

Haj ibodati: kecha va bugun
Fotokollaj: Platina.uz

Shu kunlarda butun dunyodan millionlab musulmonlar Saudiya Arabistonida Islom dini 5 arkonidan biri – Haj ibodatini ado etish uchun yigʻilishgan. Hozir mazkur jarayon unchalik qiyinchilik tugʻdirmasa-da, atigi 100 yil oldin bu ibodatni ado etish uchun odamlar moli va jonini xatarga qoʻyib yoʻlga chiqishgan.

Oʻta qimmat va xatarli safar

XIX asrda haj nafaqat diniy ziyorat, balki katta geosiyosatning bir qismi ham edi. Millionlab musulmonlar uchun Makkaga borish muqaddas burch boʻlib qolgan esa-da, oʻsha davrning eng yirik imperiyalari – Usmoniylar va Rossiya imperiyasi – hajni taʼsir oʻtkazish, nazorat va siyosiy vosita sifatida ham koʻrar edi.

Oddiy ziyoratchi uchun safar nihoyatda ogʻir kechardi. Turkiston, Volgaboʻyi, Kavkaz va qozoq dashtlaridan chiqqan odamlar taxminan 5 ming kilometr yoʻl bosishardi. Safar oylab, baʼzan esa bir yildan ortiq vaqt davom etardi. Ayrimlar Samarqand, Buxoro, Afgʻoniston va Hindiston orqali yursa, boshqalar Kavkaz, Tbilisi va Istanbul orqali Makkaga yoʻl olardi. Yoʻlning bir qismi tuya va otlarda, keyin esa tiqilinch poyezdlar va eski paroxodlarda bosib oʻtilardi.

Temir yoʻllar paydo boʻlganidan keyin ham ahvol yengillashmadi. Toshkentdan Odessagacha boʻlgan poyezd yoʻli taxminan 20 kun vaqtni olgan. Uchinchi toifali vagonlar haddan tashqari toʻlib ketardi: 40 kishilik vagonga koʻpincha 60 nafar odam joylashtirilardi. Odamlar yoʻlaklarda va oʻrindiqlar ostida uxlashga majbur boʻlishgan. Halol oziq-ovqat topish qiyin boʻlgani uchun ziyoratchilar oʻzlari bilan bir yarim oylik quruq non, tuzlangan goʻsht va choy olib yurishardi.

Markaziy Osiyolik hojilar poyezdda.

Haj juda qimmat safar hisoblanardi. Rossiya armiyasi shtabs-kapitani Abdulaziz Davletshin maʼlumotlariga koʻra, XIX asr oxirida safarning eng arzon varianti taxminan 300 rubl turgan – bu oʻsha davr uchun ulkan mablagʻ edi. Madinaga borishni ham oʻz ichiga olgan qulayroq haj esa 1000 rublgacha yetardi. (Hozirgi pulda 30000 dollardan yuqori.) Shuning uchun haj uzoq vaqt davomida asosan boylar, savdogarlar va zodagonlar uchungina mumkin boʻlgan.

Ammo eng ogʻiri – hajning oʻlim xavfi bilan bogʻliq ekani edi. XIX asr vabo va xannoq (xolera) epidemiyalari asriga aylangan. 1893 yilda Hijozda yirik epidemiya boshlanib, faqat Jidda atrofida oʻn minglab odam halok boʻlgan. Fransiyaning Jidda shahridagi konsuli bir necha kun ichida 35 ming hojilar kasallikdan oʻlganini xabar qilgan. Kasalliklar haj yoʻllari orqali tez tarqalardi. Hisobotlardan birida Qustanaydan hajga ketgan 60 kishidan faqat 18 nafari qaytib kelgani qayd etilgan.

XIX asrda Haram masjidi.

Hokimiyat ramzi sifatida

Biroq haj faqat dindorlar uchun muhim emas edi. Usmonlilar imperiyasi uni islom olamidagi hokimiyatini mustahkamlash vositasi sifatida qoʻllagan. Buning asosiy ramzi Damashq va Qohira karvonlari edi.

Eng nufuzlisi Damashq karvoni hisoblangan. U Usmonli sultoni homiyligi ostida yoʻlga chiqardi. Eng yaxshi yillarda bu karvon tarkibida 50 minggacha odam qatnashgan. Karvon bilan birga mahmal – ipak bilan bezatilgan ramziy taxt ham olib yurilgan. Bu sultonning muqaddas yoʻllar ustidan hokimiyatini namoyon etardi.

Usmonli sulton mahmali.

Karvonni qurolli qoʻriqchilar kuzatib borgan, sulton esa Makka va Madina aholisiga, shuningdek, yoʻldagi badaviy qabilalariga katta mablagʻ va sovgʻalar yuborgan. Amalda Usmonlilar badaviylarga yoʻl xavfsizligi uchun haq toʻlab, Hijoz ustidan nazoratni saqlab turgan.

Haj orqali sulton oʻzini islom himoyachisi va musulmon olamining yetakchisi sifatida koʻrsatgan. Usmonlilar imperiyasi uchun bu Arabistondan ancha tashqarida ham taʼsir oʻtkazish imkonini beruvchi muhim siyosiy vosita edi.

Makka shahridagi hojilar. 1889 yil.

Hojilar orasidagi josuslar

Rossiya imperiyasi ham hajning siyosiy ahamiyatini tez anglab yetdi. Kavkaz, Qrim va Turkiston qoʻshib olingach, imperiya tarkibida millionlab musulmonlar paydo boʻldi. Hajni toʻliq taqiqlashning imkoni boʻlmagani uchun hukumat uni nazorat ostiga olishga qaror qildi.

Rossiya hajga aralashish uchun bir nechta maqsadni koʻrgan. Birinchidan – iqtisodiy manfaat: ziyoratchilar har yili tashuvlarga millionlab rubl sarflar, bu mablagʻlar esa xorijiy kompaniyalarga ketardi. Ikkinchidan – xavfsizlik: rus amaldorlari Usmonlilar imperiyasiga borgan musulmonlar panislomistik gʻoyalar taʼsiriga tushishidan qoʻrqardi. Uchinchidan esa imperiya oʻzini musulmon aholining homiysi sifatida koʻrsatmoqchi boʻlgan.

Rossiya imperiyasi oʻz mutelariga shunday xorijga safar pasporti bergan.

Ammo Rossiya hajdan ayniqsa razvedka maqsadlarida foydalangan. Makka va Madina gʻayrimusulmonlar uchun yopiq shaharlar boʻlgani sababli, Rossiya hukumati u yerga musulmon ofitserlar va amaldorlarni ziyoratchi qiyofasida yuborishga majbur edi.

Eng mashhurlaridan biri shtabs-kapitan Abdulaziz Davletshin (1861-1920) boʻlgan. U 1898 yilda Rossiya imperiyasi bosh shtabi topshirigʻi bilan hajga joʻnatilgan.

Shtabs-kapitan Abdulaziz Davletshin

Uning vazifasi razvedka ishlari edi. Safar yakunlari boʻyicha Davletshin 145 betlik maxfiy hisobot tayyorlagan. U yoʻllar, narxlar, ziyoratchilar kayfiyati, Usmonlilar taʼsirini oʻrgangan va hatto Makka hamda Madinaning batafsil xaritalarini tuzgan.

Davletshin hisoboti.

Rossiya konsullari Jidda, Bagʻdod, Konstantinopol va Bombeyda ham faoliyat yuritgan. Ular orqali Turkiston va Kavkazdan kelgan ziyoratchilar kuzatib borilgan. Amaldorlar musulmonlarning aloqalari haqida maʼlumot toʻplar, siyosiy kayfiyatlarni kuzatar va podshoh hokimiyatiga qarshi gʻoyalar tarqalishidan xavotir olardi.

Shu tariqa, XIX asrdagi haj nafaqat qimmat va xavfli diniy safar, balki katta siyosat maydoni ham boʻlgan. Usmonlilar imperiyasi haj orqali islom olamidagi nufuzini mustahkamlagan boʻlsa, Rossiya imperiyasi uni nazorat, kuzatuv va razvedka vositasi sifatida qoʻllagan.

XIX asrda Haj qilishning 3 ta assosiy yunalishi.

Hozirgi zamonda Haj ibodati

Bugun vaziyat tubdan oʻzgargan. Oʻzbekiston fuqarolari uchun haj ancha tartibli, xavfsiz va sezilarli darajada ommaviylashgan. Rasmiy kvotaga koʻra, 2025 yilda haj safariga 15 mingdan ortiq oʻzbekistonlik joʻnab ketdi. Bu 2018 yilga nisbatan uch barobar koʻpdir – oʻsha paytda kvota atigi 5 ming kishini tashkil etgan edi.

Faqat 2025 yilning oʻzidayoq Makka va Madina shaharlariga Oʻzbekistondan 15 mingdan ziyod ziyoratchi yetib bordi.

Bugun ziyoratchilar mamlakatning toʻqqizta shahridan, jumladan, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar orqali uchib bormoqda. Faqat Toshkentning oʻzidan 2025 yilgi haj mavsumida 5,6 mingdan ortiq ziyoratchi uchun 22 ta aviareys amalga oshirildi.

Ziyoratchilar uchun zamonaviy mehmonxonalar, tibbiy xizmat, ovqatlanish, avtobuslar va malakali hamrohlar xizmati tashkil etilmoqda. 2025 yilda Oʻzbekiston fuqarolari uchun Arafot vodiysida hatto sovitish tizimiga ega maxsus yopiq chodirlar ham oʻrnatildi.

Bundan tashqari, mamlakatda hajni tashkil etishning raqamli tizimi joriy qilinmoqda. Oʻzbekistonda Haj va Umra yagona portal ishga tushirildi. Bu tizim navbat va safarni rasmiylashtirish jarayonini yanada shaffof va qulay qildi.

Agar XIX asrda haj koʻpchilik qaytib kelmaydigan xavfli safar boʻlgan boʻlsa, bugun zamonaviy texnologiyalar, aviatsiya va davlat qoʻllab-quvvatlashi tufayli ziyorat ancha xavfsiz va qulay tus oldi. Bu esa soʻnggi yillarda moʻmin-musulmonlar uchun munosib va zamonaviy sharoitlar yaratib bergan Oʻzbekiston davlatining katta xizmati va eʼtibori samarasidir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid