1 iyundan boshlab koʻmir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinadi
Koʻmir davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari roʻyxatidan chiqariladi. Bunda koʻmir narxi talab va taklif asosida shakllanadi, isteʼmolchilarga birja savdolari orqali sotiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev koʻmir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Koʻmir iqtisodiyot tarmoqlari, issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy muassasalar va aholi ehtiyojini taʼminlashda muhim energiya manbalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, sohada barqaror taʼminot, mahsulot sifati, narxlar shaffofligi, raqobat muhiti va ekologik talablarni taʼminlash dolzarb ahamiyatga ega.
Mustaqillikning dastlabki 25 yilida koʻmir qazib chiqarish oʻrtacha 3,1 million tonnadan 4 million tonnagacha oshgan boʻlsa, soʻnggi 9 yilda ushbu koʻrsatkich 10 million tonnaga yetkazildi. Kelgusi kuz-qish mavsumida koʻmir qazib chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda koʻmir qazib chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar soni 18 taga yetdi. 2023-2025 yillarda ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilib, 2,4 million tonna koʻmir qazib chiqarildi. Mazkur jarayonlarga 117,2 million dollar xususiy investitsiyalar yoʻnaltirildi. Angren va Shargʻun koʻmirlarini aralashtirish hisobiga issiqlik elektr stansiyalariga 1,5 million tonna import oʻrnini bosuvchi, yonuvchanligi yuqori boʻlgan mahalliy koʻmir yetkazildi.
Taqdimotda koʻmir narxlarini shakllantirishni bozor tamoyillariga oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.
Amaldagi tartibda narxlarni maʼmuriy belgilash ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, yangi investitsiya kiritish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 1 iyundan boshlab koʻmir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish hamda koʻmirni davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari roʻyxatidan chiqarish taklif qilindi. Bunda koʻmir narxi talab va taklif asosida shakllanadi, isteʼmolchilarga birja savdolari orqali sotiladi.
Ushbu yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit taʼminlash, ishlab chiqaruvchilarni qoʻshimcha hajm va sifat uchun ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Issiqlik elektr stansiyalari va yirik isteʼmolchilar koʻmirni “taklif soʻrovi” tartibi asosida, hisobot davridagi oʻrtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin boʻladi.
Aholi va byudjet muassasalarini koʻmir bilan barqaror taʼminlash uchun alohida mexanizm joriy etiladi. Koʻmir qazib chiqaruvchilar mahsulotni birja savdolarida alohida savdo maydonchasi orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotadi. Tadbirkorlar omborxonasi, texnikalari va soliq reytingi kabi mezonlar asosida elektron tizim orqali tanlanadi.
Respublika boʻyicha aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan koʻmir narxlari oʻrtasidagi tafovutni bartaraf etish maqsadida temir yoʻlda tashish yagona tarif asosida amalga oshiriladi. “Koʻmir taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati tugatilib, hududlardagi 96 ta koʻmir ombori va texnikalar auksion savdolari orqali sotiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mycoal.uz portali orqali koʻmir sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga joriy yil iyun-dekabr oylarida 600 ming soʻmgacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu chora bozor mexanizmlariga oʻtish sharoitida ehtiyojmand oilalarni manzilli himoya qilishga qaratilgan.
Import koʻmir sifati va ekologik xavfsizligi boʻyicha ham yangi talablar belgilanadi. Respublika hududiga olib kiriladigan koʻmirning oltingugurt miqdori, kaloriyasi va boshqa koʻrsatkichlariga talablar ishlab chiqiladi. Belgilangan ekologik va sifat talablariga javob bermaydigan import koʻmirdan respublika hududida foydalanish va uni sotish taqiqlanadi. Kelgusida koʻmir importi faqat temir yoʻl orqali amalga oshiriladi.
Taqdimotda Nishbosh koʻmir konini oʻzlashtirish investitsiya loyihasi haqida ham axborot berildi. Ushbu loyihaning umumiy zaxirasi 233 million tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 million tonnani tashkil etadi. Qiymati 494 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 880 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, ushbu kon negizida umumiy quvvati 1,4 gigavatt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif qilindi. Loyihaga koʻra, 1,3 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, har biri 350 megavatt quvvatga ega 4 ta energoblok ultra yuqori kritik texnologiyalar asosida quriladi.
Qurilish davrida 1500 ta, loyiha toʻliq ishga tushgach, 310 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Stansiya yiliga oʻrtacha 9,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi kutilmoqda.
Shuningdek, taqdimotda togʻ-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Xorijiy investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, yirik kombinatlar va tarmoq korxonalari ehtiyojlarini birlashtirish, uzoq muddatli shartnomalar asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tahlillarga koʻra, togʻ-kon sanoatida import oʻrnini bosish salohiyatini 2,1 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, texnika, ehtiyot qismlar, kimyoviy reagentlar va yirik agregatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga taʼminlanadi.
Shu munosabat bilan 2027-2030 yillarga moʻljallangan togʻ-kon sanoatida mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
