Prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yoʻlladi
Joriy yil 472 ming nafar oʻgʻil-qizlar maktab taʼlimini tugatdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlariga tabrik yoʻlladi.
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar yangrab, bayram tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Mana shu hayajonli damlarda 472 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz maktab taʼlimini tugatib, katta hayotga yoʻllanma olmoqda.
"Joriy yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod farzandlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bunday intiluvchan oʻgʻil-qizlarimiz kelajakda ham oʻz tengdoshlariga namuna boʻlib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi deb ishonaman.
Har bir maktab bitiruvchisining hayotda munosib oʻrin egallashi uchun hozirgi kunda katta kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz", deyiladi tabrikda.
Mamlakatimizda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum sizlarga zamonaviy bilim, kasb va malaka berishga tayyor. Tirishqoq, oʻz kuchiga ishongan yoshlarimiz hali maktabni tugatmasdan turib, yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarga kirishga ulgurdi. Masalan, 171 nafar yoshlarimiz dunyoning yetakchi universitetlariga, yana minglab bitiruvchilar mamlakatimizdagi oliygohlarga qabul qilindi.
" Bugungi tez oʻzgarayotgan davrda hayotga, uning keskin talablariga tayyor boʻlish bu – eng muhim vazifa.
Ushbu yoʻlda sizlar uchun eng yaqin doʻst va eng kuchli qurol – kitobdir. Chunki kitob – nur, ilm va ibrat manbai. Koʻp kitob oʻqigan inson hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi, kuchli iroda, keng dunyoqarashga ega boʻladi.
Bugungi hayotimizda sizlar uchun oʻrnak boʻladigan yutuqlarimiz, yosh-yosh qahramonlarimiz koʻp. Toʻrt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda.
Siz bugun maktabni tugatdingiz, lekin katta hayot maktabi endi boshlanmoqda" deya taʼkidlaydi prezident.
