"Centrum Air" va "Qanot Sharq" boʻyicha Fuqaro aviatsiya agentligiga soʻrov yuborildi
Oʻrganishlarda koʻrsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oraligʻiga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat koʻrsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi “CENTRUM AIR” hamda “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha biletlar sotilishi va isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga soʻrov yubordi
Soʻnggi vaqtlarda Raqobat qoʻmitasiga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarda va ijtimoiy tarmoqlar orqali “CENTRUM AIR” hamda “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan koʻplab eʼtirozlar bildirilmoqda.
Raqobat qoʻmitasiga avia qatnovlar boʻyicha isteʼmolchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025 yilda 127 tani, 2026 yilning oʻtgan 4 oyida esa 145 ta (114 foiz) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Qoʻmita tomonidan murojaatlar asosida olib borilgan oʻrganishlarda koʻrsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oraligʻiga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat koʻrsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan.
Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi eʼtirozlar bildirilmoqda:
- xizmat koʻrsatuvchi isteʼmolchiga oʻzi koʻrsatayotgan xizmatlari haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot taqdim etilmasligi;
-rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega boʻlgan yoʻlovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
- parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yoʻlovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablagʻi hamda rejalariga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgani;
- aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensasiya yoki bepul qoʻshimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
Oʻrganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun, shuningdek, “Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish" qoidalari, “Havo kodeksi” va “Fuqarolik kodeksi” toʻgʻrisidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi maʼlum boʻldi.
Xususan, yoʻlovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan
- parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha boʻlgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan taʼminlash;
- tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan koʻra koʻproq boʻlsa mehmonxona bilan taʼminlash hamda kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qoʻyish va qaytishni taʼminlash;
- yoʻlovchilar soni belgilangan miqdordan oshgan taqdirda qolgan yoʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazmasligi mumkinligi, kompensatsiya berish hamda keyingi qatnovga joyni band qilishi va tashuv chipta rasmiylashtirish jarayonida bu haqda yoʻlovchilarni ogohlantirishi lozim;
- chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi tomonidan isteʼmolchilar nomuayyan doirasining qonun bilan himoyalangan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida “CENTRUM AIR” va “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyalarning yoʻlovchi tashishda parvozlarning kechikishi, samolyotlarning texnik nosozligi va koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi yuzasidan toʻplangan maʼlumotlarni koʻrib chiqish va zaruriy choralarni belgilash yuzasidan, Fuqaro aviasiyasi agentligiga soʻrov yuborildi.
Shuningdek, Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha aviakompaniyalar kesimida 2025-2026 yillar davomida reyslarni belgilangan vaqtdan kechikish holatlari, kechikkanligi sabablari hamda isteʼmolchilarga amalga oshirilgan kompensatsiya yuzasidan tahliliy oʻrganishlar olib borilmoqda.
Ish yakunlari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
