platina.uz
Tahlil

Shakarning ham ozi shirin ekan...

Boʻstonliqdagi sel-suv toshqini shundan dalolat beradiki, “avariyadan keyin muammoni hal qilib qutulish va keyingi mavsumgacha unutish” davri oʻtdi. Endi tizimli yondashuv zarur boʻladi.

Shakarning ham ozi shirin ekan...
Fotokollaj: Platina.uz

Yaqin yillargacha Oʻzbekiston uchun asosiy tashvishlardan biri qurgʻoqchilik hisoblanardi. Mutaxassislar daryolar sathining pasayishi, muzliklarning erishi va Markaziy Osiyoda kelajakda suv tanqisligi kuchayishi haqida ogohlantirayotgan edi.

Biroq bugun mintaqa yangi paradoksga duch kelmoqda: suv bir vaqtning oʻzida ham yetishmayapti, ham ortiqcha boʻlib qolyapti. Lekin bu ortiqcha suv odamlar va ekinlar uchun baraka emas, balki falokat keltirmoqda.

Jumladan, Oʻzbekistonda uzoq davom etgan kuchli yomgʻirlar oqibatida yirik sel oqimlari yuzaga kelib, avtomobil yoʻllarini suv bosishi, infratuzilmaning vayron boʻlishi va aholining evakuatsiya qilinishiga sabab boʻldi. Minglab gektar yerlar dehqonchilik uchun vaqtincha yaroqsiz holga keldi. Hududlardagi vaziyat hanuz oʻta tarang boʻlib qolyapti.

Falokat koʻlami kattaroq

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi vaziyat – shu yangi voqelikning yaqqol namunasidir. Yaqinda “Xoʻjaobod” MFYda kanaldan suv toshib ketishi oqibatida koʻcha suv ostida qoldi, suv uylarga kirdi, harakat qiyinlashdi, suv bosgan transformator esa aholini elektr taʼminotisiz qoldirdi.

Shuningdek, suv va loy oqimi Toshkent-Chorvoq avtomobil yoʻliga yetib borib, Gʻazalkent hududidagi yerosti oʻtish yoʻlagini bosdi. Qashqadaryo viloyatida esa sel oqimlari M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yoʻlining bir qismini yopib qoʻydi.

Bunday tabiiy ofatlar nafaqat Toshkent, balki Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlarida ham kuzatilmoqda. Afsuski, tabiiy ofat aholi orasida oʻlimga-da sabab boʻlyapti. 22 may kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 25 yoshli yigitni sel oqizib ketishi oqibatida fojiali oʻlim topgani xabar qilindi.

Markaziy Osiyo suv kontrastlari davriga kirdi

Jahon metereologiya tashkiloti (JMT) maʼlumotlariga koʻra, iqlim oʻzgarishi jahon suv aylanish tizimini tobora beqarorlashtirmoqda. Dunyo bir vaqtning oʻzida qurgʻoqchilik, kuchli yogʻingarchilik va vayronkor toshqinlarga duch kelmoqda.

JMT mutaxassislari atmosfera isishi havoda namlikning koʻproq toʻplanishiga olib kelishini, bu esa kuchli yomgʻirlar va suv toshqinlarini koʻpaytirishini taʼkidlagan.

Bu Markaziy Osiyo uchun ayniqsa xavfli. Zero, mintaqa Tyan-Shan va Pomir muzliklariga bogʻliq. Ammo ular asta-sekin qisqarmoqda. Shu bilan birga iqlim keskinlashyapti. Masalan, qish va bahorda sel va toshqin xavfi ortib bormoqda, yozda issiq va suv tanqisligi kuchaymoqda, yogʻingarchilikning barqarorligi yoʻqolmoqda.

Nega sel katta muammoga aylandi?

Muammo faqat suv miqdori koʻpligi emas, balki infratuzilma holati bilan ham bogʻliq. Koʻplab kanallar, ariqlar va drenaj tizimlari oʻnlab yillar avval – mutlaqo boshqa iqlim sharoiti va aholi zichligi uchun moʻljallab qurilgan. Undan beri aholi karrasiga koʻpaydi, sanoatlashuv va dehqonchilik hududlari kengaydi.

Suv resurslari boʻyicha mashhur amerikalik ekspert Upmanu Laʼl zamonaviy suv inqirozi faqat suv yetishmasligi bilan emas, balki suv infratuzilmasini samarasiz boshqarish bilan ham bogʻliqligini taʼkidlagan.

Ortiqcha suvni chiqarib tashlash tizimi yetarli ishlamasa, hatto kichik kanal toshishi ham zanjirli muammolarni keltirib chiqaradi. Natijada uylar suv ostida qoladi, elektr taʼminoti izdan chiqadi, yoʻllar shikastlanadi, sanitariya va epidemiya xavflari kuchayadi, biznes va ijtimoiy obʼektlar faoliyati yomonlashadi.

Shuningdek, oʻtgan yilda “Oʻzgidromet”ning yetakchi mutaxassisi Yuliya Plotnitskaya bergan maʼlumotlarga koʻra, zarar koʻlamining ortishi, avvalo, togʻ va togʻoldi hududlarining faol oʻzlashtirilishi bilan bogʻliq. Togʻli hududlarda qishloq xoʻjaligi, energetika va togʻ-kon sanoati rivojlanmoqda, yoʻllar, irrigatsiya inshootlari hamda turistik majmualar qurilmoqda. Bu esa tobora koʻproq obʼektlarni – aholi punktlari, dam olish maskanlari, koʻpriklar va avtomobil yoʻllari, fermer xoʻjaliklari, kanallar va sanoat korxonalarini sel xavfi hududiga olib kirmoqda. Bunday holatlarning 61 foizida sellar moddiy va ijtimoiy zarar yetkazadi. Yana 17 foiz holatlarda esa insonlar halok boʻlishi bilan kuzatiladi.

Sellar va iqlim oʻzgarishi oʻrtasida bogʻliqlik bormi?

Mutaxassis soʻzlariga koʻra, bu bogʻliqlik tobora yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ilgari sel faolligining eng yuqori nuqtasi asosan aprel oyiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, soʻnggi yillarda u may oyiga qarab siljiyapti. Bu may oyida ham togʻoldi, ham baland togʻli hududlarda yogʻingarchilik miqdorining ortishi bilan izohlanadi.

Ekspertlar taʼkidlashicha, ushbu xavf yuqori harorat, kuchli yogʻingarchilik, qor va muzliklarning tez erishi kabi omillarning bir vaqtda uygʻunlashishi bilan yanada kuchaymoqda. Bunday uygʻunlik vayronkor sel oqimlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, yillar davomida qurgʻoqchilik zoʻraygan Eron va unga yondosh hududlarda toʻsatdan yogʻingarchilik kuchaygani ham bizdagi oʻzgarishlarga sabab boʻlyapti.

Chunki Eron va Oʻzbekiston oʻrtasida iqlimiy hamda atmosferaviy bogʻliqlik mavjud: har ikki hududga Oʻrta yer dengizi, Eron va Afgʻoniston orqali Markaziy Osiyoga nam havo massalarini olib keluvchi umumiy gʻarbiy va janubi-gʻarbiy havo oqimlari taʼsir koʻrsatadi. Shu paytgacha bizda qishda sovuq boʻlishiga Rossiyadan kirib keladigan sovuq havo oqimlari, yozda jazirama boʻlishiga Erondan kirib keladigan quruq qaynoq havo sababchi deyilar edi. Endi esa Eron orqali nam havo qoimlari kirib kelmoqda.

Iqlim oʻzgarishi tufayli mintaqada ekstremal yogʻingarchiliklar, keskin ob-havo oʻzgarishlari, qor va muzliklarning tez erishi kuchaymoqda, bu esa ham Eronda, ham Oʻzbekistonning togʻli hududlarida toshqin va sel xavfini oshirmoqda. Olimlar taʼkidlashicha, gap toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik haqida emas, balki Gʻarbiy va Markaziy Osiyoni qamrab olgan yagona iqlim tizimining taʼsiri haqida bormoqda.

Nega erta ogohlantirish tizimi muhim?

Soʻnggi yillarda xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyoda sel va toshqinlarni erta prognoz qilish tizimlarini kuchaytirmoqda.

Mintaqada CARFFGS (Central Asia Region Flash Flood Guidance System – Markaziy Osiyo mintaqasida toshqinlarni prognoz qilish tizimi) deb nomlangan tezkor sel prognoz tizimi rivojlantirilmoqda. CARFFGS – bu Markaziy Osiyoning besh davlati meteorologiya xizmatlarini (jumladan, “Oʻzgidromet”ni) birlashtiruvchi mintaqaviy tizim boʻlib, sellar va toʻsatdan yuzaga keladigan toshqinlar xavfini baholash hamda ularni oldindan prognoz qilishga yordam beradi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, zamonaviy tizim faqat ofatga javob berish emas, balki xavfni oldindan koʻra bilishi kerak. Chunki iqlim beqarorligi sharoitida vaqt eng muhim resursga aylanmoqda.

Oʻzbekiston nima qilishi kerak?

Boʻstonliqdagi holat shundan dalolat beradiki, “avariyadan keyin muammoni hal qilib qutulish va keyingi mavsumgacha unutish” davri oʻtdi. Endi tizimli yondashuv zarur boʻladi.

Avvalo kanal va drenaj tizimlarini modernizatsiya etish lozim. Shuningdek, suv sathini raqamli monitoring qilish, energetika obʼektlarini suv bosishidan himoyalash, ariq va suv chiqarish yoʻllarini muntazam tozalash, favqulodda texnik zaxiralar yaratish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish kabi tadbirlar ustuvor boʻlishi kerak. Yangi turar joylar va yoʻllar qurilishida ham iqlim xavflarini hisobga olish muhim.

Jahon banki ekspertlari koʻplab mamlakatlar hanuz suv bosish xavfi yuqori boʻlgan hududlarda qurilishni davom ettirayotganini va bu kelajakdagi yoʻqotishlarni oshirishini taʼkidlamoqda.

Hozirgi paytda sel xavfiga qarshi kurashish maqsadida Oʻzbekiston hukumati “Oʻzgidromet” va FVV bilan hamkorlikda har yili sel xavfi yuqori boʻlgan hududlar va obʼektlar monitoringini amalga oshirib keladi. Ayniqsa, xavfli hududlardagi noqonuniy qurilishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Masalan, Andijon viloyatida toʻrtta turar joy sel ombori “kosa”sining aynan ichida qurilgan edi. Oʻtgan yili “Oʻzgidromet” mutaxassislari tomonidan suv bosishi ehtimoli boʻyicha hisob-kitoblar qilinib, ehtimoliy ssenariylar namoyish etilganidan soʻng aholi xavfsiz hududlarga koʻchirilgan.

Shuningdek, ayrim togʻoldi hududlarda nazorat sustligi bois, aholi “sel yoʻli” – adirliklar oraligʻidagi tabiiy-mavsumiy sel tushish yoʻllariga turar joylar qurib olishgan. Avvallari bahordagi sellar kuchsiz boʻlsa-da, bundan buyon mazkur hududdagi aholi xavf ostida qolishi mumkin.

Ayrim holatlarda sel xavfi yuqori boʻlgan davrda aholini vaqtincha koʻchirishga ham toʻgʻri keladi. Chunki sel oqimlarining aynan qachon va qayerda yuzaga kelishini aniq prognoz qilish deyarli imkonsiz.

Ekspertlar sel talafotining oldini olish uchun bir qator tavsiyalar berishgan.

Masalan, seldan himoya qiluvchi inshootlar qurish, daryo oʻzanlarini tozalash va suvning erkin oqishini taʼminlash, aholini sel xavfi vaqtida toʻgʻri harakat qilishga oʻrgatish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish hamda aholining ekologik va iqlim boʻyicha savodxonligini oshirish zarur.

Afsuski, mutaxassislar taʼkidlashicha, sel xavfini toʻliq bartaraf etishning imkoni yoʻq. Biroq zamonaviy monitoring, prognozlash va iqlim xavflarini toʻgʻri boshqarish orqali zararni sezilarli darajada kamaytirish hamda insonlar hayotini saqlab qolish mumkin.

Iqtiqbolda bizni nima kutyapti?

Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, Markaziy Osiyoda asr oxiriga borib harorat 4°C dan ortiqqa koʻtarilishi mumkin. Bu esa eklogik talafotlarning yanada kuchayishiga olib keladi. Eng xavflisi – “iqlim tebranishi” effektidir. Yaʼni kuchli yogʻingarchilikdan keyin mintaqa tezda yana qurgʻoqchilikka qaytishi mumkin.

Shuning uchun zamonaviy suv muammosi endi shunchaki “suv kam” degan tushuncha bilan cheklanmaydi. Endi vaziyat ancha murakkab – birdavrda suv juda kam boʻlishi mumkin, boshqa bir paytda esa haddan tashqari koʻpayib, “eplab boʻlmay” qoladi.

“Oʻzgidromet” prognozlariga koʻra, 2030-2050 yillarga borib, Oʻzbekistonda sel hodisalari soni hozirgi holatga nisbatan 19-24 foizga oshishi mumkin.

Bunga asosiy sabab sifatida iqlim oʻzgarishi koʻrsatilmoqda. Ekstremal yogʻingarchiliklarning kuchayishi, haroratning oshishi, muzliklar erishining tezlashuvi, ob-havo jarayonlarining beqarorlashuvi shular jumlasidandir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid