platina.uz
Maqola

Gerb atrofidagi bahslar

Qudratilla Rafiqovning maqolasi bir qarashda gerb dizayni haqidagi bahsdek tuyulishi mumkin. Ammo amalda u jamiyatdagi ancha chuqur savollarni ochib tashladi.

Gerb atrofidagi bahslar
Fotokollaj: Platina.uz

Soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston jamoatchiligida davlat gerbi mavzusi qizgʻin muhokama qilinmoqda. Bunga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiya kengashi raisi, senator Qudratilla Rafiqovning davlat ramzlari haqidagi maqolasi sabab boʻldi. Senator oʻz maqolasida mustaqillikning dastlabki yillaridagi davlat ramzlarida “90-yillardagi siyosiy xavotir va ikkilanish” aks etganini taʼkidlab, gerbda paxta va bugʻdoy ramzlarining saqlanib qolgani haqida savol qoʻydi.

Bu fikr esa ijtimoiy tarmoqlarda keskin reaksiya uygʻotdi. Ayrimlar senator fikrini “milliy oʻzlikni qayta koʻrib chiqishga chaqiriq” sifatida qabul qilgan boʻlsa, boshqalar buni real muammolardan chalgʻitish deb baholadi.

Gerb – oddiy rasm emas

Har qanday davlat gerbi – bu nafaqat estetik belgilar toʻplami, balki tarixiy xotira, siyosiy gʻoya va milliy identlik konsentrati hisoblanadi. Davlat ramzlari orqali mamlakat oʻzini qanday koʻrishini namoyon qiladi.

Oʻzbekiston davlat gerbi 1992 yilda qabul qilingan. Unda Humo qushi, quyosh, togʻlar va daryolar, paxta, bugʻdoy, yarim oy va yulduz tasvirlangan.

SSSR tarkibida, Oʻzbekiston SSR paytida esa paxta va bugʻdoy timsollari oʻsha paytda mamlakat iqtisodiyoti va agrar tabiatining muhim qismi sifatida qaralgan. Rostan ham Oʻzbekiston sobiq SSSR uchun shunchaki xomashyo bazasi – paxta yetishtirib beradigan chalaqullar mamlakati hisoblangan.

Oʻzbekiston SSR gerbi

Senator nimani nazarda tutdi?

Senator Qudratilla Rafiqov aynan shu nuqtaga eʼtibor qaratdi: nega mustaqil davlat ramzida sovet davri agrar ritorikasi saqlanib qoldi?

Rafiqov maqolasidagi asosiy gʻoya shundan iboratki, mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakat mafkuraviy jihatdan sobiq tizimdan toʻliq uzilib ketolmagan.

Uning fikricha paxta va gʻalla atrofidagi davlat ritorikasi. “Dala”, “hosil”, “safarbarlik” madaniyati, agrar simvolizm sovet davri ongining davomi sifatida saqlanib qolgan.

Bu fikr muayyan tarixiy asosga ega. Chunki paxta va sovet davridagi paxta siyosati Oʻzbekiston tarixi uchun ogʻir ijtimoiy va ekologik oqibatlar qoldirgan.

Ayniqsa, majburiy mehnat, paxta yakkahokimligi, Orol dengizi fojiasi paxta siyosati bilan bogʻliq holda koʻp tilga olinadi.

Shu maʼnoda senatorning “paxta – shunchaki oʻsimlik emas, balki mafkuraviy meros ramzi ham” degan fikri muayyan intellektual bahs sifatida qaralishi mumkin.

Paxtada nima ayb?

AQShda paxta plantatsiyalarida faqat qora tanli qullarni kaltaklab, urib ishlatishgan. Ozod odam bu mehnatga bardosh bera olmagan.

Chor Rossiyasi ham Markaziy Osiyoni bosib olganidan keyin paxta yetishtirishni koʻpaytirdi. Chunki paxtadan nafqat ip-kalava va mato, balki qogʻoz va eng muhimi porox ishlab chiqarish mumkin.

Chor Rossiyasi Kavkazdagi iqlimi issiq hududlarda yashovchilarga paxta ektirib koʻrmoqchi boʻldi. Ammo magʻrur kavkazliklar mehnati ogʻirligi uchun rad etishdi.

Faqat Markaziy Osiyo xalqlari itoatkorlik qilishdi. Itoat qilmaganlarini ichimizdan chiqqan maddoh va xoinlar “oq tanli xoʻjayinga” sotib yoʻq qilishdi. Ruslar oʻzbek va tojiklarni qora tanli qullar oʻrniga ishlatishdi.

Shu-shu paxta balosi yurtimizga yopishdi. Ruslar “Paxta – milliy boyligimiz, rizqu roʻzimiz” deb kuylashga majbur qilishdi.

Hozir ham ayrimlar bu gapni koʻtarib yurishadi. Aslida paxta – milliy kasofatimiz. Xalqimizni yillar davomida jismonan va ruhan mayib qilgan, tabiatimizni zaharlab va Orol dengizini quritgan narsa – shu paxta boʻladi. Chor Rossiyasi va keyinchalik SSSR davrida ruslar paxtani 6 million tonnagacha ektirishdi. Hatto uy tomlariga ham paxta ekildi. Choʻllarga paxta ekildi. Koʻllar quritilib paxta ekildi.

Ammo paxta xalqimizga farovonlik yo boylik keltirmadi. SSSR tarkibidagi barcha millatlar Markaziy Osiyo xaqllaridan koʻra ozodroq va boyroq yashadi. Xalqlarimiz xoʻrlandi, mazax qilindi, eng qora ishlar va lavozimlar berildi. Sport va diplomatiya sohasiga ham xalqlarimiz yaqinlashtirilmadi. Shu oʻrinda “eshakning mehnati halol, oʻzi xarom” degan naql yodga tushadi beixtiyor.

Bu ham kamlik qilgandek, SSSR qulashi arafasida “paxta ishi” degan jarayon bahonasida Oʻzbekistonda haqiqiy terror oʻtkazildi: minglab begunoh insonlar qamaldi, qiynab oʻldirildi, ayollar zoʻrlandi. Butun oʻzbek xalqi poraxoʻrga, oʻgʻri va yolgʻonchiga chiqarildi. Ammo bunga majburlagan asosiy jinoyatlar – Ivanovo hamdagi Moskvadagi amaldorlar omon qolishdi.

Hatto mustaqillikdan keyin ham paxta milliy fojialigini yoʻqotmadi. Odamlar yoppasiga paxtaga haydaldi, talaba va oʻquvchilar oylab vaqtini taʼlim dargohida emas, paxta dalasida oʻtkazishdi. Bilimdonlik va savodxonlik darajasi pastligi oʻsha davrlar natijasi ekani aytiladi.

Mustaqillikda ham paxta xalqimizga foyda keltirmadi. Hamma pul bir hovuch amaldor-mafiozlarning choʻntagiga ketdi. 2016 yildan keyingina bu iflos ishlarga barham berildi.

Ammo Rossiya va uning ichimizdagi gumashtalari hamon rus-kommunist tamgʻalarini ulugʻlashga majburlamoqda. Rossiya hatto hozir ham, mustaqil boʻlganimizga 40 yilga yaqinlashayotgan boʻlsa-da, sobiq koloniyalaridagi darsliklarda oʻzini “mustamlakachi” deb atashlariga qarshi chiqmoqda.

Shunday sharoitda millatimizni baland emas, xor qilgan paxta tamgʻasidan – qullik tamgʻasidan voz kechish maqbul yoʻlga oʻxshaydi. Paxta – oq va foydali narsa. Ammo uni gerbimizda koʻtarib yurish – xuddi paxta tergan qora tanli qullarning paxtani sevishiga oʻxshaydi. Lekin hatto qora qullar ham paxtani sevmagan. “Bu rizqu roʻzimiz, muqaddas” demaslikka aqli yetgan. Chakkasiga paxta chanogʻi qistirib suratga tushmagan.

Ammo jamiyat nega munosabat qildi?

Ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy eʼtiroz boshqa nuqtaga qaratildi: odamlar ramzlardan koʻra iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni muhimroq deb hisoblamoqda.

Facebook foydalanuvchisi Alisher Svetkov shunday yozdi:

“Gerbni oʻzgartirish katta byudjet talab qiladi, davlat muassasalaridagi barcha gerblar yangilanishi kerak boʻladi. Bu vaqtda aholi iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yashamoqda”.

Uning postidagi eng muhim nuqta – jamoatchilikdagi ishonch muammosi. Yaʼni odamlar: “Bu islohot haqiqatan ham zarurmi?” degan savolni bermoqda.

Bloger Zafarbek Solijonov ham mablagʻlarni hozirda zarur ijtimoiy loyihalarga sarflash kerakligini, gerbni oʻzgartirishning mavridi emasligini taʼkidlagan.

Ramzlar atrofidagi bahs – dunyo amaliyotida bor

Davlat ramzlarini qayta koʻrib chiqish faqat Oʻzbekistonga xos emas.

Masalan, Qozogʻiston lotin alifbosiga oʻtish orqali yangi milliy identlikni shakllantirishga urinmoqda.

Janubiy Afrika Respublikasi ham aparteiddan keyin bayroq va davlat simvollarini oʻzgartirgan.

Suriyada hokimiyat almashgach, bayroq ranglaridan biri yashilga oʻzgartirildi.

Qirgʻizistonda oʻtgan yili bayroqdagi quyosh nurlari toʻlqinsimon emas, tik shaklga oʻzgartirildi.

Gruziya va Ukrainada ham, ayniqsa, Rossiya bosqinlaridan soʻng sovet simvolikasini dekommunizatsiya qilish jarayonlari kechgan.

Armaniston Turkiya va Ozarbayjon bilan aloqalarni yaxshilash sharti sifatida davlat simvolikalaridagi Ararat togʻi tasvirini olib tashlashga tayyorlanmoqda.

Demak, milliy ramzlarni qayta muhokama qilishning oʻzi gʻayritabiiy holat emas.

Biroq bunday jarayonlarda eng muhim masala – jamoatchilik konsensusi.

Nimadan ehtiyot boʻlish kerak?

Siyosatshunoslar fikricha, davlat ramzlari masalasi ehtiyotkorlik bilan koʻrib chiqilishi lozim. Chunki ramzlar siyosiy barqarorlik, tarixiy xotira, milliy birlik tushunchalari bilan bevosita bogʻliq.

Ayrim tarixchilar esa paxta va bugʻdoyni faqat sovet merosi sifatida emas, balki mehnat, rizq-roʻz, agrar sivilizatsiya, milliy iqtisodiyot ramzi sifatida ham koʻradi.

Yaʼni bir xil timsol turli avlod va turli qarashda turlicha maʼno kasb etishi mumkin.

Bahsning eng muhim jihati – jamiyatning asab nuqtasi ochildi. Aslida bu bahs gerb haqidagina emas. U milliy oʻzlik, mustaqillik mazmuni, sovet merosi, davlat va jamiyat munosabati, iqtisodiy adolat, elita va oddiy odamlar oʻrtasidagi ishonch haqidagi bahsga aylandi. Shuning uchun ijtimoiy reaksiya shunchalik keskin boʻldi.

Gerbni oʻzgartirish oson emas

Agar davlat ramzlari oʻzgarsa, hujjatlar, davlat binolari, muhrlar, maktablar, armiya va diplomatik obʼektlar, rasmiy hujjat qogʻozlari kabi juda katta infratuzilmaviy oʻzgarishlarni talab qiladi. Bu esa yirik xarajat degani.

Shu sababli dunyo amaliyotida davlat ramzlarini oʻzgartirish odatda katta siyosiy burilish yoki inqilob, davlat modeli almashishi kabi vaziyatlarda sodir boʻladi.

Xulosa

Qudratilla Rafiqovning maqolasi bir qarashda gerb dizayni haqidagi bahsdek tuyulishi mumkin. Ammo amalda u jamiyatdagi ancha chuqur savollarni ochib tashladi.

Aytaylik, mustaqillik nimani anglatadi? Sovet merosiga munosabat qanday boʻlishi kerak? Milliy ramzlar tarixmi yoki kelajak konsepsiyasimi? Davlat avvalo ramzlarnimi yoki odamlarning kundalik muammolarini oʻzgartirishi kerakmi?

Hozircha gerbni oʻzgartirish boʻyicha rasmiy tashabbus yoʻq. Ammo bu bahs bir narsani aniq koʻrsatdi: Oʻzbekiston jamiyatida milliy identlik va davlat ramzlari mavzusi hanuz juda sezgir va emotsional masala boʻlib qolmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid