Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimi taqdim etiladi
Ijobiy xulosa boʻyicha xabarnoma olgan xorijlik bank hisobvaragʻi yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yigʻimni toʻlaydi.

Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (270-son, 21.05.2026 y.) bilan “Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini taqdim etish boʻyicha YaIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza taqdim etadi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- chet el pasportining nusxasi ;
- Oʻzbekistonda boʻlish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar).
Soliq qoʻmitasi Maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasining arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosasi yuzasidan 1 ish kunida chet el fuqarosiga xabarnoma yuboradi.
Ijobiy xulosa boʻyicha xabarnoma olgan chet el fuqarosi bank hisobvaragʻi yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yigʻimni toʻlaydi.
Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada koʻrsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi.
