Xitoydagi koʻmir konida portlash: 80 nafardan oshiq kishi halok boʻldi
Baxtsiz hodisa paytida 247 ishchi yer ostida boʻlgan.

Xitoydagi koʻmir konidagi portlashda 80 dan ortiq ishchi halok boʻldi. Bu haqda davlat ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Xitoyning shimoliy Shansi provinsiyasidagi koʻmir konida gaz portlashi natijasida kamida 82 kishi halok boʻldi, yana toʻqqiz kishi bedarak yoʻqoldi, deb xabar beradi shanba kuni Sinxua davlat axborot agentligi.
Gaz portlashi juma kuni kechqurun Qingyuan okrugidagi Lushenyu koʻmir konida sodir boʻlgan. Agentlik xabar berishicha, baxtsiz hodisa paytida 247 ishchi yer ostida boʻlgan.
Qingyuandagi mahalliy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda va baxtsiz hodisa sababi aniqlanmoqda.
Reuters agentligining taʼkidlashicha, ilgari kondan atigi sakkiz ishchi halok boʻlgani va 200 dan ortiq ishchi qutqarilgani haqida xabar berilgan. Qurbonlar sonining keskin oʻsishi sababi rasman tushuntirilmagan.
Reuters xabar berishicha, 2000-yillarning boshlaridan beri Xitoy xavfsizlik qoidalarini yanada qatʼiylashtirish tufayli koʻmir konlarida oʻlim holatlari sonini sezilarli darajada kamaytirdi. Lushenyu koni fojiasi soʻnggi oʻn yillikda mamlakatdagi eng halokatli voqealardan biri boʻldi.
