Andijonda yer savdosi sabab qator mansabdorlar qoʻlga olindi
Fargʻona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi uchastka boshligʻi yer evaziga 40 ming dollar talab qilgan.

Noqonuniy yer savdosi ortidan mansabdorlar qoʻlga olindi.
Fargʻona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi 2-Shahrixon boʻlimi 3-gidrouchastkasi boshligʻi chorvachilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga katta Fargʻona kanali himoya hududidagi 30 sotix yer maydonini ijara asosida foydalanishi uchun mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 40,5 ming AQSh dollari talab qiladi.
U oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Fargʻona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi boʻlim boshligʻi aloqador ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va 20 ming dollardan 3 ming dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etildi.
Bundan tashqari, ushbu yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelayotgan Fargʻona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi 2-Shahrixon boʻlimi 3-gidrouchastkasi xodimi yerni berish uchun 19 ming AQSh dollari talab qilganligi holati ham tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Oltinkoʻl tumanidagi taʼlim muassasasi direktori xizmat mavqeidan foydalanib, mazkur muassasa hududidagi 1,1 gektar yer maydoni xususiy avtomaktab tomonidan auksion orqali yutib olingan boʻlishiga qaramay, ushbu masʼuliyati cheklangan jamiyat va taʼlim muassasasi oʻrtasida tuzilgan kelishuv shartnomasini tasdiqlab berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
