Suyunchi puli endi nobud boʻlgan birinchi boladan keyingi farzandga ham toʻlanadi
Prezident Xalq qabulxonasi va Vazirlar Mahkamasining tezkor tahlillari asosida hukumat qaroriga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi.

Suyunchi pulini endi hamma birinchi farzandlar olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli (suyunchi) faqat birinchi farzand tugʻilganda qayd etilar edi.
Biroq, shunday holatlar ham boʻladiki, birinchi tugʻilgan bola yashashga ham ulgurmay, nobud boʻladi. Ammo bolaning tugʻilishi haqidagi fakt axborot tizimiga onaning birinchi farzandi sifatida darhol qayd etiladi. Navbatdagi tugʻilgan chaqaloq esa ikkinchi farzand deb hisoblanib, unga suyunchi pulini berish rad qilinar edi.
Muammo qanday aniqlandi?
Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan ushbu masalaga oid murojaatlarda ham ilk farzandi bilan perinatal yoki erta neonatal oʻlim holati yuz bergan onalar keyingi sogʻlom tugʻilgan farzandi uchun bir martalik suyunchi pulini berish rad etilayotganidan shikoyat qilayotgan edi.
Prezident Xalq qabulxonasi va Vazirlar Mahkamasining tezkor tahlillari asosida hukumatning yuqorida aytilgan qaroriga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi.
Yangi tartib qanday boʻladi?
Vazirlar Mahkamasining yangi qarori (2026-yil 9-apreldagi 154-sonli) boʻyicha endilikda:
Birinchi va (yoki) undan keyingi farzandlar nobud boʻlgan taqdirda, navbatdagi tirik tugʻilgan bola uchun “suyunchi puli” toʻlab beriladigan boʻldi.
