Prezident milliy terma jamoa aʼzolari bilan uchrashdi
Endi har bir mahallaga futbol nafasi kirib boradi. Har bir bolaga oʻz mahallasida toʻp tepish, musobaqalarda qatnashish, oʻz isteʼdodini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoani JChga kuzatish tadbirida nutq soʻzladi.
Yurtimizda sportga, xususan, futbolga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan sharoitlar mazkur yutuqlarga katta zamin boʻldi.
Soʻnggi yillarda joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ortiq mahallaga sport maydonchalari qurib berildi. Poytaxtimizda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda “Milliy futbol markazi” ishga tushirildi. Har bir viloyatda bittadan professional futbol akademiyasi va futbol maktablari tashkil qilindi.
Bu ishlar hisobiga havaskor futbolchilar soni 5 millionga yetdi, futbol bilan muntazam shugʻullanuvchilar 1 million 300 mingdan oshdi, professional futbolchilar 17 mingga yetdi.
Eng asosiysi, futbolda korrupsiya va tanish-bilishchilik degan illatlarga barham berildi. Ochiq va shaffof tizim yaratildi. Bu eng iqtidorli yoshlarni, rostakam isteʼdodlarni katta maydonga olib chiqdi.
“Biz uchun futbol nafaqat professional sport turi, balki yoshlar tarbiyasi, sogʻlom turmush, intizom va vatanparvarlik maktabi boʻladi.
Endi yurtimizdagi har bir mahallaga futbol nafasi kirib boradi. Har bir bolaga oʻz mahallasida toʻp tepish, musobaqalarda qatnashish, oʻz isteʼdodini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi”, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun “Har bir mahalla – futbol maydoni” dasturi boshlanadi. Bu umummilliy harakatga aylanadi.
Dastur doirasida “Mahalla ligasi” tashkil etilib, 12-17 yoshli oʻgʻil-qizlar oʻrtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili havaskor futbolchilar ishtirokida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichidan iborat musobaqalar oʻtkaziladi.
Umuman, “Mahalla ligasi” eng yaxshi iqtidorlarni seleksiya qilishda professional klublar uchun tayyor baza boʻladi.
Bugun terma jamoamiz bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani qayd etildi.
2006 yilda Germaniyada oʻtkazilgan mundialda Kannavaro sardorlik qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempioni boʻlgan. Oʻsha yili Kannavaro dunyoning eng yaxshi oʻyinchisi deb eʼtirof etilgan va futbol tarixida “Oltin toʻp” sohibi boʻlgan kam sonli himoyachilardan biriga aylangan.
Yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiylarni, shifokor, nutritsiolog va oshpazlarni olib kelgani hamda xalqaro tajribaga ega yaxshi jamoani shakllantirgani taʼkidlandi.
"Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman", – dedi davlat rahbari.
