platina.uz
Jamiyat

Adliya vazirligi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha eng namunali vazirlik deb topildi

Ichki ishlar vazirligi esa davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi ijobiy natijalari uchun  eng namunali deb tan olindi. Vazirlik xizmatlarining 95 foizi toʻliq raqamlashtirilgan. 

Adliya vazirligi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha eng namunali vazirlik deb topildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev "Sifatli davlat boshqaruvi" dasturi boʻyicha forum va taqdirlash marosimida nutq soʻzladi.

Adliya vazirligi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

Vazirlik qisqa vaqt ichida zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda vazirlik 30 ta platforma orqali 380 ta toʻliq raqamlashtirilgan xizmatlarni koʻrsatmoqda. 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish mumkin. 208 ta davlat xizmatlari markazidan iborat tarmoq butun mamlakat boʻylab yagona standartni taʼminlamoqda.

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish boʻyicha eng namunali vazirlik sifatida eʼtirof etildi.

Mazkur idora masʼuliyatli, shaffof va tejamkor xoʻjalik yuritishning yorqin namunasiga aylandi. Ajratilgan har bir soʻm yangi konlarni qidirib topish va sohani rivojlantirishga sarflandi. Geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirildi. Byudjet rejalari 2028 yilga qadar oldindan tuzib chiqilgan. Asosiy konchilik uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi ijobiy natijalari uchun Ichki ishlar vazirligi eng namunali deb tan olindi.

Bugungi kunda vazirlik 60 ga yaqin xizmat turini koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning 95 foizi toʻliq raqamli shaklda taqdim etilayotgani diqqatga sazovor. Ilgari tarqoq boʻlgan 72 ta maʼlumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ziyod vazirlik ulangan. Oʻtgan yili 148 mingdan ortiq maʼmuriy ish masofaviy tarzda koʻrib chiqildi va odamlarning idorama-idora sarson boʻlishiga yoʻl qoʻyilmadi. Vazirlik zamonaviy davlat xizmatlarini inson uchun yaratilgan qulaylik bilan oʻlchanishini amalda koʻrsatmoqda.

Shuningdek, tanlov doirasida Togʻ-kon va geologiya vazirligi boshqarma boshligʻi Maqsud Bolibekov eng namunali rahbar xodim; Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boʻlim boshligʻi Fazliddin Moʻminov eng namunali maʼmuriy xodim; “Oʻzatom” agentligi bosh mutaxassisi Shoxmirzo Umarov eng namunali mutaxassis xodim; Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Ummatoy Yoʻldosheva eng namunali ayol xodim; Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyiha ofisi rahbari Akbarxon Sobirxonov eng namunali isteʼdodli yosh xodim; Adliya vazirligi boʻlim boshligʻi Mirsaid Raxmatov inson resurslari boʻyicha eng namunali xodim sifatida gʻolib boʻldi.

Prezidentimiz barcha gʻoliblarning lavozimlarini bir pogʻona koʻtarib, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritishni taklif qildi. Ularning teran fikrlashi, oʻz ustida doimiy ishlashi, mehnat faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy qilishi boshqalar uchun oʻrnak ekani taʼkidlandi.

“Bugungi tadbirda yaxshi natija koʻrsatganlarni eʼtirof etyapmiz. Biroq kelgusi safardan boshlab roʻyxatning oxirida qolgan davlat idoralari nomini ham ochiq aytamiz.

Faoliyatida jiddiy kamchiliklar koʻzga tashlanayotgan, samaradorlik va xizmat sifati boʻyicha oqsayotgan tashkilotlar bundan oʻziga jiddiy xulosa chiqarishi kerak”, – dedi Prezidentimiz.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid