Xarid cheklari asosida yutuqli oʻyinlar tashkil etiladi
Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatida har bir yutuqli oʻyin gʻolibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.

Qoraqalpogʻiston va Xorazmda berilgan xarid cheklari asosida yutuqli oʻyinlar tashkil etiladi.
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (254-son, 18.05.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazmdagi savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlarida amalga oshirilgan xaridlar boʻyicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli oʻyinlar oʻtkaziladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazgan har bir shaxs yutuqli oʻyin ishtirokchisiga aylanadi.
“Soliq” ilovasida har bir shaxsga roʻyxatdan oʻtkazilgan xarid cheklarining yutuqli oʻyinga kiritilgani haqida maʼlumot berib boriladi.
Yutuqli oʻyin har oyda “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli oʻyinlar” platformasi orqali oʻtkaziladi.
Tanlov 1 oy davomida ishtirokchilar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan xarid cheklari jamlanmasi doirasida oʻtkazilib, gʻoliblar inson omilisiz xarid chekini tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli oʻyin gʻolibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.
