“Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi
Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.

“Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.
“Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–95-son, 19.05.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2027 yil 1 yanvardan:
- qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
- jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qoʻllash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.
2027 yildan 1 yanvardan avvalgi yilning 1 iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi 12 oylik davr boʻyicha toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi BHMning 500 ming baravaridan ortiq korxonalar va tijorat banklari oʻta yirik soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.
2026/2027 oʻquv yilidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.
2027 yil 1 yanvardan soliq sohasida alohida tashabbus koʻrsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.
