Jizzaxda turli xarajatlar uchun 17 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratiladi
"Soʻgʻdiyona" professional futbol klubi faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat futbol assotsiatsiyasiga 1 mlrd soʻm oʻtkazib beriladi.

Jizzaxda turli xarajatlar uchun 17 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratiladi.
2026 yil 20 may kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlarni yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.
Birinchi ilova (1,9 mlrd soʻm)ga koʻra, 1-chorak yakunlari boʻyicha "Keksalar maslahati guruhi" rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun 304 mln soʻm ajratildi.
"Soʻgʻdiyona" professional futbol klubi faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat futbol assotsiatsiyasiga 1 mlrd soʻm oʻtkazib beriladi.
Ikkinchi ilovaga koʻra (15,6 mlrd soʻm), bolalarning taʼtil kunlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini takomillashtirish maqsadida tegishli jamgʻarmaga 3,61 mlrd soʻm beriladi.
Viloyat hokimligi "Rasmiy qabullar uyi"ga qarashli mehmonxona binosini taʼmirlash xarajatlari uchun "Yagona buyurtmachi xizmati"ga 4 mlrd soʻm ajratiladi. Strategik turdagi foydali qazilmalar yer qaʼri uchastkalarini onlayn-auksionda sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasiga 6,28 mlrd soʻm taqdim etiladi.
Qarorda ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri, maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish belgilangan. Mablagʻlarning maqsadli sarflanishini nazorat qilish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi zimmasiga yuklatildi.
