Tailand hukumati vizasiz kiruvchi sayyohlar uchun cheklov joriy etdi
Vizasiz qolish muddati 60 kundan 30 kungacha qisqartiriladi. Bu Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham amal qiladi.

Tailand rasmiylari xorijiy sayyohlar uchun vizasiz qolish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirish boʻyicha qaror chiqardi.
Yangi qoidalar Oʻzbekiston va Rossiya kabi 93 ta davlat fuqarolariga taʼsir qiladi. Bu haqda Khaosod gazetasi mamlakat Vazirlar Mahkamasi qaroriga tayanib xabar berdi.
Hozirda Oʻzbekiston fuqarolari Tailandda 60 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. Ushbu rejim 2024 yil iyul oyidan beri amal qiladi va turizmni rivojlantirish uchun joriy etilgan.
Tailand ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, qirollik rasmiylari chet elliklarning noqonuniy ishlashi va tijorat maqsadlarida sayyohlik rejimidan suiisteʼmol qilinishi holatlari tufayli avvalgi 30 kunlik cheklovni tiklashga qaror qilishdi.
Oʻzgarishlarning aniq sanasi hali eʼlon qilinmagan. Biroq, mahalliy manbalar Tailandda qolish muddatini qoʻshimcha 30 kunga uzaytirish imkoniyati saqlanib qolishi mumkinligini taʼkidlamoqda.
Tailand, ayniqsa qish mavsumida, Oʻzbekiston aholisi orasida mashhur sayyohlik maskani boʻlib qolmoqda.
