Oʻzboshimchalik bilan egallangan yerlarga egalik qilish osonlashadi
Bunda jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarini eʼtirof etishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish koʻzda tutilgan.

Oʻzboshimchalik bilan egallangan yerlarga egalik qilish jarayoni soddalashtirilmoqda.
Senatning navbatdagi 15-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish ishlarini yanada jadallashtirish, vakolatli tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, huquqni eʼtirof etish bilan bogʻliq ayrim mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi hamda “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonunlarga huquqlarni eʼtirof etish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirishga hamda huquqlarni eʼtirof etish ishlari bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi va shartlari joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun bilan kiritilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarini eʼtirof etishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni maʼqulladi.
