Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar Kann festivalida gran-prini qoʻlga kiritdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ularni “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlash boʻyicha farmonni imzoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev "Xalqaro kinofestivalda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yosh ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.
Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar Fransiyaning Kann shahrida oʻtkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivalida sovrindor boʻldi. Ular “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, bosh sovrin – Gran-prini qoʻlga kiritdi.
Shu sababli milliy qadriyatlarimizni aks ettiradigan badiiy obrazlarni yaratish, yosh avlod qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kuchaytirish borasidagi xizmatlari uchun quyidagilar “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi:
Qodirov Suhrob Tolmasovich – erkin ijodkor, ssenarist, kinorejissyor;
Usmonov Dilshodbek Xolmurod oʻgʻli – S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent shahridagi filiali talabasi, kinorejissyor.
