Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi sobiq oʻrinbosari qoʻlga olindi
Bulungʻurda esa tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari pora bilan ushlandi.

Samarqandda sobiq hokim oʻrinbosari va soliq mansabdori ushlandi.
Soliq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari va sobiq hokim oʻrinbosariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bulungʻur tumanida faoliyat yurituvchi “Buxgalteriya markazi” DM hisobchisi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikka nisbatan hisoblangan 150 mln soʻmlik soliq qarzdorligini oʻzining mansabdor tanishi orqali kamaytirib berishni vaʼda qilib, uning rahbaridan dastlab 3 mln soʻm olgan.
Soʻngra, u fermerdan qoʻshimcha tarzda 15 mln soʻm talab qilib, ushbu pul mablagʻini Bulungʻur tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari bilan birga olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
2025 yilda Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari lavozimida ishlagan shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, 1986 y.t. fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qoʻyish evaziga 14 mln soʻm olgan. Ammo, u bergan vaʼdasini bajarmagan.
DXX va IJQKD xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda hozirda sobiq hokim oʻrinbosari boʻlgan mazkur shaxs muqaddam olgan pul mablagʻi hisobidan 1000 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida, uning noqonuniy harakati fosh etildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
