Tarixda ilk bor Oʻzbekiston aksiyalari xalqaro ommaviy savdoga chiqarildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu jarayonda bevosita qatnashdi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor aksiyalarimiz xalqaro ommaviy savdoga chiqarildi: Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi “Franklin Templeton” bilan hamkorlikda bir vaqtning oʻzida London va Toshkent fond birjalarida IPO jarayonini boshladi.
Tizimli va izchil islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz 3 barobar oʻsdi, davlat institutlari samaradorligi ortib, investorlar uchun kafolatlar mustahkamlandi.

Natijada Oʻzbekiston global kapital bozori uchun yanada ochiq va ishonchli hamkorga aylandi.
Mamlakatimiz IPO jarayonlarida “Black Rock”, "Franklin Resources”, “Redwhell” kabi koʻplab yirik xalqaro investorlarning ishtirok etishi dunyo hamjamiyati tanlagan yoʻlimiz, salohiyatimiz va kelajagimizga ishonch bildirayotganining yorqin isbotidir.
18 may 2026 yilda Oʻzbekiston oʻz iqtisodiy tarixida yangi sahifa ochdi. London fond birjasida (London Stock Exchange) Oʻzbekiston Milliy investitsiya fondi (UzNIF) aksiyalarining birlamchi jamoatchilikka joylashtirilishi (IPO) muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Bu — zamonaviy Oʻzbekiston tarixidagi bunday miqyosdagi ilk IPO va mamlakatning global moliyaviy tizimga integratsiyalashuvi yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biridir.
Bu voqea nafaqat muvaffaqiyatli moliyaviy kelishuv, balki Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot modeliga - ochiq, raqobatbardosh va xalqaro standartlarga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotga oʻtishini ifodalovchi tarixiy bosqich boʻldi. Davlat aktivi birinchi marta dunyoning eng yirik va nufuzli birjalaridan biriga chiqishi Oʻzbekistonga boʻlgan xalqaro investitsiya hamjamiyatining oʻsib borayotgan ishonchining yorqin dalili boʻldi.

