Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumida muhim takliflar bilan chiqdi
Texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida nutq soʻzladi.
Butun Ozarbayjon diyorida, ayniqsa, Qorabogʻ zaminida ulkan bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Ozod qilingan hududlarda qisqa muddatlarda butun boshli shaharlar qayta tiklanib, yangi turar joy majmualari, zamonaviy infratuzilma obʼektlari barpo etilyapti.
Kun tartibiga qoʻyilgan “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tahlillarga koʻra, XXI asr oʻrtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi.
Ayni paytda urbanizatsiya jarayoni oʻzi bilan birga qator ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib bormoqda.
Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum. Ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanaga ega emas. Iqlim oʻzgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi toʻlqinlarini paydo qilib, davlatlar va shaharlar oʻrtasida aholining qayta taqsimlanishiga olib kelmoqda. Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda.
Bularning barchasi hammamizdan qatʼiy va kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrishni talab qilmoqda.
"Shaharlarni barqaror rivojlantirish masalasi Yangi Oʻzbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda. Biz buni hududlarimizni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun noyob imkoniyat deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda Oʻzbekistonda oxirgi oʻn yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025 yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030 yilda ushbu raqamni yana 1,5 barobar oshiramiz; aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 milliard dollar mablagʻ ajratilmoqda; norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024 yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi; eskirgan uy-joylarni yangilash maqsadida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish reja qilib olindi.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon”, “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish marrasini olganmiz", deya taʼkidladi davlat rahbari.
Prezident muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va oʻrta shaharlarni uygʻun rivojlantirishni talab qilmoqda.
Shu sababli prezident hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqirdi.
Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur.
Ushbu sohada texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilindi.
Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash juda muhim.
Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum oʻtkazish tashabbusi bilan chiqildi.
Toʻrtinchidan, global iqlim oʻzgarishlarini inobatga olgan holda “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shaharlarning tabiat bilan uygʻun rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etishni taklif qilindi.
Beshinchidan, urbanizatsiya darajasining oʻsishi shaharlardagi oʻzini oʻzi boshqarishning anʼanaviy tuzilmalari rolini yanada oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030 yilda Yangi Toshkent shahrida oʻtkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining oʻrni” deb nomlashni taklif etildi.
