platina.uz
Maqola

Kecha Amir Temur, bugun Shavkat Mirziyoyev...

Bugun karvon yoʻllari oʻrnini transport yoʻlaklari, madrasalar oʻrnini raqamli universitetlar, choparlar oʻrnini diplomatik sammitlar va integratsion loyihalar egallagan.

Kecha Amir Temur, bugun Shavkat Mirziyoyev...
Fotokollaj: Platina.uz

Yaqinda qozogʻistonlik bir tarixchi ijtimoiy tarmoqda mamlakatda turizmni rivojlantirish muammolari haqida gapira turib, tegishli infratuzilma rivojlanmagani qatorida, hududda sayyohlarni qiziqtira oladigan tarixiy obidalarning yoʻqligi haqida yozgʻirib qoldi. “Yaxshiyamki Amir Temur Ahmad Yassaviy bobomiz qabri ustiga sagʻana qurdirgan ekan. Kim kelsa, oʻsha yerga olib boramiz” dedi afsuslanib.

Endi bu tarixchi olim xursand boʻlishi mumkin. Qozogʻistonning Turkiston shahrida yana bir meʼmoriy obida – Oʻzbekiston prezidenti qurdirgan muhtasham masjid tomoshabinlar koʻzini quvnatadigan boʻldi.

Oʻzbekiston xalqining bebaho tuhfasi

Shunday tuhfalar boʻladiki, ularning qiymatini pul bilan oʻlchab boʻlmaydi. Ular davr ramziga, siyosiy murojaatga va tarixiy ishoraga aylanadi. Turkistonda Oʻzbekiston tomonidan bunyod etilgan muhtasham masjid ham aynan shunday maʼno kasb etmoqda. Bu – butun turkiy olam uchun muqaddas sanalgan, buyuk mutafakkir va maʼnaviy piri komil Hoja Ahmad Yassaviy dafn etilgan qadimiy shaharga berilgan yuksak ehtirom namunasidir.

Bir qarashda bu oddiy arxitekturaviy loyihaga oʻxshaydi. Ammo chuqurroq nazar tashlansa, gap ancha katta maʼno haqida ketayotgani ayon boʻladi. Bu ramziy qadamda Markaziy Osiyoning oʻziga xos tarixi yanada jonlanadi. Va Turkiston osmoni uzra yana Amir Temur ruhi gavdalanadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ahmad Yassaviy maqbarasi

Sal avvalroq, Oʻzbekiston poytaxtida prezidentimiz tashabbusi bilan qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyoga dovruq taratib ulgurdi. Hatto dunyoda eng yirik shunday muzey-majmua sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgani ham taʼkidlandi. Hozir bu markazga borsangiz, kira olmaysiz: sayyohlar shu qadar koʻpki, kirish chiptasi otliqqa ham topilmaydi. Bundan faqat xursand boʻlamiz xolos.

Ammo bu markaz shunchaki muzey emas. U butun mintaqa va jahonga siyosiy-madaniy signal vazifasini oʻtaydi – Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi boʻlgan va hozir ham shu markazga aylanmoqda. Boshqacha qilib aytganda – Islom sivilizatsiyasining markazi bizda, markaz – bizmiz degan maʼnoni beradi, desak xato boʻlmasa kerak.

Islom sivilizatsiyasi markazi

Turkiston – oddiy shahar emas

Turkiy dunyo uchun Turkiston – shunchaki Qozogʻiston xaritasidagi nuqta emas. U – butun sahro sivilizatsiyasining maʼnaviy poytaxti. Asrlar davomida bu yerda islom, turkiy madaniyat, davlatchilik va tasavvuf gʻoyalari uygʻunlashgan.

Bu yerda turkiy xalqlar tarixidagi eng ulugʻ maʼnaviy zotlardan biri – Hoja Ahmad Yassaviy maqbarasi joylashgan. Uning taʼlimoti butun Markaziy Osiyo va keng turkiy makonda islom madaniyati shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Eng qizigʻi shundaki, Yassaviy maqbarasi aynan Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan. XIV asr oxirida Samarqandni ulkan saltanat markaziga aylantirgan Amir Temur Yassaviy qabri ustida katta maqbara qurishni shaxsan buyurgan edi. Bu faqat diniy ehtirom emas, balki yirik siyosat ham edi. Temur yaxshi tushunardi: turkiy yerlarni faqat qilich bilan birlashtirib boʻlmaydi. Buning uchun umumiy ramzlar, muqaddas maskanlar va sivilizatsion tayanch nuqtalar kerak.

Shavkat Mirziyoyev – Markaziy Osiyoning yangi Amir Temurimi?

Albatta, toʻgʻridan-toʻgʻri tarixiy qiyoslar har doim shartli boʻladi. Ammo soʻnggi yillardagi siyosiy ramzlar juda yaqqol koʻrinayotganini inkor etib boʻlmaydi.

2016 yildan keyin Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi siyosiy muhitni amalda oʻzgartirdi. Uzoq yillar davomida yashirin raqobat, ishonchsizlik va yopiq chegaralar bilan yashagan mintaqa asta-sekin muloqot va hamkorlik makoniga aylana boshladi.

Yangi mintaqaviy yaqinlashuv tashabbuslarining asosiy markazi aynan Toshkent boʻldi.

Chegaralar ochildi. Oʻzaro savdo-sotiq faollashdi. Hamkorlikdagi transport loyihalari paydo boʻldi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yoʻlga qoʻyildi. Mintaqadagi keskinlik darajasi pasaydi.

Aslida Mirziyoyev mintaqa soʻnggi oʻn yilliklarda koʻrmagan jarayonni boshladi: Markaziy Osiyoni qurol va tahdid, doʻq-poʻpisa bilan emas, diplomatiya, iqtisod va madaniyat orqali qayta yaqinlashtirishga urinish oʻz samarasini bera boshladi.

Mana shu nuqtada Temur bilan tarixiy oʻxshashlik yanada qiziq tus oladi. Amir Temur ham faqat qalʼalar qurmagan. U savdo yoʻllarini rivojlantirgan, karvonlar xavfsizligini taʼminlagan, shaharlarni tiklagan va katta hududlarni yagona taʼsir tizimiga birlashtirgan.

Zamonaviy Oʻzbekiston ham XXI asr sharoitida xuddi shunga oʻxshash vazifani bajarmoqda. Faqat bugun karvon yoʻllari oʻrnini transport yoʻlaklari, madrasalar oʻrnini raqamli universitetlar, choparlar oʻrnini diplomatik sammitlar va integratsion loyihalar egallagan.

Shavkat Mirziyoyev Turkistondagi masjidda

Nega aynan masjid?

Oʻzbekiston prezidenti Turkistonga biznes markazi sovgʻa qilishi mumkin edi. Yoki konsert zali. Yoki texnopark. Yoki savdo majmuasi...

Ammo Oʻzbekiston aynan masjid qurib berdi. Bu yerda juda katta ramziy maʼno yashirin. Markaziy Osiyo bugun nafaqat geosiyosiy, balki maʼnaviy oʻzgarishlar davrini ham boshdan kechirmoqda. Uzoq yillik mafkuraviy boʻshliqdan keyin mintaqa oʻzligini qayta anglashga harakat qilmoqda.

Bilasizmi, turkiy xalqlarni nima birlashtiradi? Tilmi? Tarixmi? Iqtisodmi? Siyosatmi? Albatta, hamma javob toʻgʻri. Ammo eng avvalo – umumiy sivilizatsion xotira. Turkistondagi masjid ana shu umumiy xotiraning bir qismiga aylanmoqda.

Aslida rasmiy Toshkent shu orqali bir haqiqatni koʻrsatmoqda: integratsiya faqat quvurlar, yoʻllar va bozorlar bilan qurilmaydi. Maʼnaviy asos boʻlmasa, har qanday ittifoq mustahkam boʻla olmaydi. Bu haqiqatni oʻz vaqtida Amir Temur ham yaxshi anglagan. Bugun esa Oʻzbekiston yetakchisi buni amalga tatbiq etdi.

Oʻzbekcha “yumshoq kuch”

Jahon siyosatida “soft power” – “yumshoq kuch” degan tushuncha bor. Bu – madaniyat, taʼlim, gumanitar loyihalar va ramzlar orqali taʼsir oʻtkazish demakdir. Bugun Oʻzbekiston aynan shu vositadan tobora faol foydalanmoqda.

Samarqand yirik xalqaro sammitlar markaziga aylanmoqda. Toshkent madaniy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotidagi rolini kuchaytirmoqda. Taʼlim almashinuvlari rivojlanmoqda. Umumiy tarixiy meros loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Turkistondagi masjid esa ushbu strategiyaga mukammal mos keladi. Bu endi shunchaki diniy inshoot emas. Bu – diplomatik manifest. Butun mintaqaga berilgan siyosiy ishora: Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning sivilizatsion markazi sifatida qayta maydonga qaytmoqda.

Turkiston va Samarqand – bir sivilizatsiyaning ikki qutbi

Tarixan Oʻzbekistonning Samarqand shahri va Qozogʻistondagi Turkiston shahri bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Samarqand siyosiy va ilmiy qudrat ramzi edi. Turkiston esa maʼnaviy markaz sanalgan.

Temur har ikkisining ahamiyatini yaxshi anglagan. Bugun Mirziyoyev ham ehtimol aynan shu modelga tayanmoqda: iqtisod, siyosat, maʼnaviyat va umumiy tarixiy xotirani birlashtirish modeliga urgʻu bermoqda. Shuning uchun Turkiston yangi turkiy birlikning asosiy ramzlaridan biriga aylanmoqda.

Ayni Turkistonda Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari oʻtkazilishi ham bejiz emas. Endi Turkiy sivilizatsiya markazi shakllanmoqda. Va quvonch bilan eʼtirof etish kerakki, Oʻzbekiston bu muqaddas shaharda oʻz arxitekturaviy izini qoldirmoqda.

Arxitektura – geosiyosat tili

Tarixda binolar siyosiy bayonotga aylangan holatlar juda koʻp boʻlgan.

Rim forumlar qurgan. Usmoniylar masjidlar bunyod etgan. Britaniya imperiyasi temir yoʻllar qurgan. SSSR ulkan saroylar va maydonlar barpo etgan.

XXI asr Oʻzbekistoni ham, ehtimol, arxitektura tilida gapirishni boshlamoqda. Va Turkistondagi masjid – shunchaki goʻzal inshoot emas. Bu – tarixiy missiyaning qaytishi ramzi. Asrlar davomida Markaziy Osiyoning yuragi boʻlib kelgan mamlakat missiyasi. Birlashtirish missiyasi. Madaniy yetakchilik missiyasi. Turkiy xalqlar oʻrtasida muloqot koʻprigi boʻlish missiyasi desak boʻladi.

May be an image of map and text
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Amir Temur muzeyida

Tarixning aks-sadosi

Amir Temur Yassaviy maqbarasini qurdirganida, ehtimol, u olti asrdan keyin Movarounnahr zaminidan chiqqan yana bir rahbar Turkistonga yangi siyosiy til, yangi vositalar va yangi davr bilan qaytishini tasavvur ham qilmagan boʻlsa kerak.

Ammo tarixning ajoyibligi shundaki, u baʼzan oʻz ramzlarini takrorlaydi. Bugun Oʻzbekistonning mintaqaviy integratsiya markaziga tobora aylanib borayotganini kuzatar ekanmiz, beixtiyor bir narsa yodimizga tushadi: tarix spiral tarzida takrorlanadi, avval roʻy bergan voqealar oradan yillar oʻtib, yana takrorlanishi, ammo oʻz zamoni kontekstida taraqqiylashgan holda yuzaga chiqishi mumkin. Bu fikr isbotini bugun Turkistondagi yangi masjid misolida koʻrishimiz mumkin: Temurdan soʻng asrlar oʻtdi va bugun uning – oʻzbek davlatchiligining siyosiy vorisi – yangi Oʻzbekiston rahbari yana mintaqani birlashtiradigan tarixiy-meʼmorchilik namunasi bilan tillarga tushdi...

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid