platina.uz
Jamiyat

Avtomobil qancha masofani bosib oʻtgani boʻyicha yolgʻon maʼlumot javobgarlikka sabab boʻladi

Bundan tashqari voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini koʻrish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanadi. 

Avtomobil qancha masofani bosib oʻtgani boʻyicha yolgʻon maʼlumot javobgarlikka sabab boʻladi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonun jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda sud tizimi shaffofligini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga bir qator prinsipial oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida Kodeks yangi 178²-modda bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra avtotransport vositasining bosib oʻtgan masofasini koʻrsatuvchi odometr uskunasi koʻrsatkichlari oʻzgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu norma isteʼmolchilarning tovar haqida haqqoniy va toʻliq maʼlumot olish huquqini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qoʻyadi.

Qonunning yana bir muhim yoʻnalishi – voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini koʻrish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.

Bu voyaga yetmaganlarning ruhiy holatini inobatga olish, ularga nisbatan bosim oʻtkazilishining oldini olish va xalqaro standartlarga mos ravishda bola manfaatlarini himoya qilish kafolatini yaratadi.

Shuningdek, Qonun bilan maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “oʻzini oʻzi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga boʻlgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida koʻrib chiqiladi. Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan boʻlsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qoʻllanilmaydi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi maʼmuriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat prinsiplari asosida isloh qilishga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid