Afgʻonistondan keltirilgan 600 kg narkotik toʻxtatib qolindi
Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy hizmatchilar sergaklikni yoʻqotishiga umid qilib, zahri qotilni olib oʻtishni rejalashtirishgan.

Afgʻonistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda toʻxtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining tezkor boʻlinmalari va Chegara qoʻshinlari hamda Bojxona qoʻmitasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, qoʻshni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.
Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy hizmatchilar sergaklikni yoʻqotishiga umid qilib, zahri qotilni olib oʻtishni rejalashtirishgan.
Biroq, kasbiga sodiq xodimlar ularning rejasini barbod qilishdi.
Xususan, Afgʻoniston Respublikasidan Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan Afgʻoniston fuqarosi boshqaruvidagi “Mersedes” rusumli yuk avtomashinasi oʻrnatilgan tartibda tekshiruvdan oʻtkazildi.
Natijada avtomashina tirkamasida olib kelinayotgan “Doosan” rusumli ekskavator inspeksion koʻrik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning koʻtargich qismi (“strela”) ichida konstruksiyada koʻrsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatildi.
Shundan soʻng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali koʻzdan kechirilganda, uning koʻtargich qismiga 593 kg “gashish” va 3 kg “opiy” giyohvandlik vositalari yashirilganligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ushbu narkotik moddalar egalarini qoʻlga olish choralari koʻrilmoqda.
