Isroil HAMASning harbiy qanoti qoʻmondoni oʻldirilganini eʼlon qildi
Al-Haddad Falastin anklavidagi guruhning avvalgi qoʻmondoni Muhammad Sinvarning oʻlimidan soʻng ushbu lavozimni egallagan.

Isroil Mudofaa Kuchlari HAMASning harbiy qanoti "al-Qassam" qoʻmondoni Izz ad-Din al-Haddadning oʻldirilganini eʼlon qildi.
Bu haqda Isroil armiyasi matbuot kotibi idorasi xabar berdi.
"Qaytarilgan garovga olinganlar bilan har bir suhbatda asosiy terrorchi Izz ad-Din al-Haddadning ismi qayta-qayta tilga olindi. U 7 oktabrdagi qirgʻinning asosiy aybdorlaridan biri (2023 yil 7 oktabrda HAMASning Isroilga hujumi ) va HAMASning harbiy qanoti rahbari edi. Bugun biz uni yoʻq qilishga muvaffaq boʻldik", deyiladi press-relizda.
HAMAS vakili Reuters agentligiga harbiy qanot rahbarining oʻlimini tasdiqladi. Harakat Isroilning bayonotlariga rasman izoh bermadi.
Isroil armiyasining maʼlumotlariga koʻra, Izz ad-Din al-Haddad Falastin anklavidagi guruhning avvalgi qoʻmondoni Muhammad Sinvarning oʻlimidan soʻng oʻz lavozimini egallagan. IDFning taʼkidlashicha, yaqinda Izz ad-Din al-Haddad harakatning harbiy qanotining salohiyatini tiklash va Isroil fuqarolariga qarshi hujumlarni rejalashtirish ustida ishlagan.
