Saida Mirziyoyeva ogʻir ahvoldagi bogʻcha va poliklinikaga bordi
1977 yilda ochilgan bolalar bogʻchasi qaytadan quriladi, 46 ming nafar odamga xizmat koʻrsatadigan poliklinika uchun esa yangi bino barpo etiladi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxorodagi bogʻcha va poliklinikani koʻzdan kechirdi.

"Hududlarga safarlarimiz – Prezident topshiriqlari ijrosining qatʼiy nazorati va joylardagi har bir muammoga qaratilgan eʼtibordir.
Biz Buxoroda koʻzdan kechirgan bogʻcha va poliklinikalarning ahvoli nihoyatda achinarli, ularni zudlik bilan taʼmirlash talab etiladi. Bu bolalarimizning kelajagi uchun zarur", deydi Saida Shavkatovna.

1977 yilda ochilgan 21-sonli bolalar bogʻchasi qaytadan quriladi, 46 ming nafar odamga xizmat koʻrsatadigan 9-sonli poliklinika uchun esa yangi bino barpo etiladi. Hozirda mazkur muassasa 1972 yilda qurilgan, tibbiy standartlarga javob bermaydigan binoda – kam taʼminlangan fuqarolar uchun moʻljallangan yotoqxonada joylashgan.

Ushbu bino ham toʻliq taʼmirlanadi va u yerda yashovchilarning sharoitlari yaxshilanadi.

Bundan tashqari, ikki yil ichida viloyatning chekka tumanlarida joylashgan yana 36 ta poliklinikani rekonstruksiya qilish koʻzda tutilgan.
