Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari dolzarb masalalar boʻyicha fikr almashdi
Vazirlik va idoralar oʻrtasida yangicha tizim yaratilgani natijasida koʻp qirrali hamkorlik aloqalari samarali rivojlanayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyip Erdoʻgʻon bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar oyida Anqaraga rasmiy tashrifi Oʻzbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqqani taʼkidlandi.
Oliy darajada erishilgan muhim kelishuvlar ijrosi yuzasidan faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, vazirlik va idoralar oʻrtasida yangicha tizim yaratilgani natijasida koʻp qirrali hamkorlik aloqalari samarali rivojlanayotgani qayd etildi.
Joriy yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar, mamlakatlar oʻrtasidagi aviaqatnovlarning soni jadal oʻsib bormoqda. Turk kompaniyalari ishtirokida salmoqli loyihalar portfeli shakllantirilib, ishlar izchil amalga oshirilyapti.
Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari xalqaro hamda mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
