Markaziy bank bankomatlar muammolari boʻyicha koʻrsatmalar bilan chiqdi
Kartaning bankomatda qolib ketishi, operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay komissiya ushlanishi yoki hisobdan pul yechilgani holda naqd mablagʻ berilmasligi kabi holatlar fuqarolarning mulkiy manfaatlariga taʼsir qilgan.

Markaziy bank tijorat banklari, toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlariga bankomatlar bilan bogʻliq muammolarni tezkor hal qilish boʻyicha qator koʻrsatmalar berdi.
Kartaning bankomatda qolib ketishi, operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay komissiya ushlanishi yoki hisobdan pul yechilgani holda naqd mablagʻ berilmasligi kabi holatlar fuqarolarning mulkiy manfaatlariga bevosita taʼsir qilmoqda.
Markaziy bankka koʻra, ayrim holatlarda mijozlarga muammo yuzasidan oʻz vaqtida axborot berilmaydi. Shuningdek, banklar va boshqa tashkilotlar masʼuliyatni bir-biriga yuklab, karta egalarini turli boʻlimlar oʻrtasida sarson qilayotgani qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, Markaziy bank banklar va toʻlov servislariga bankomatlar ishini yaxshilash boʻyicha quyidagi koʻrsatma va tavsiyalarni berdi:
- Bankomat bilan bogʻliq muammoda harakatlar ketma-ketligini tushuntirish, komissiya haqida oldindan shaffof maʼlumot va xavfsiz foydalanish boʻyicha tushuntirish berish;
-Naqd pul berilmasligi yoki karta qolib ketishi kabi holatlarni ustuvor murojaat deb belgilash, murojaatning ID-raqami va koʻrib chiqish muddati haqida tasdiqnoma berish;
- Muammoni jurnallar, video, inkassatsiya dalolatnomasi kabilar orqali tasdiqlash imkoni boʻlsa, mijozni bank ofisiga qayta-qayta chaqirmaslik va turli boʻlimlar oʻrtasida sarson qilmaslik;
- Call-markaz, mobil ilova, sayt yoki filial orqali murojaatdan qatʼi nazar, mijozga hodisa boʻyicha bir xil sifat va mazmunga ega aniq va tushunarli maʼlumot berish;
- "Murojaatni koʻrib chiqish"dan "kafolatlangan natija"modeliga oʻtish — puldan foydalanish imkoniyati tiklangan vaqtni hisobga olish hamda tasdiqlangan xatoliklar boʻyicha mablagʻlarni mijoz murojaatisiz "proakti" tarzda qaytarish;
- Ichki tartibni qayta koʻrib chiqib, amalga oshirilmagan xizmat uchun ushlab qolingan komissiyani asosiy summa bilan birga yoki avtomatik ravishda qaytarish;
-Muvaffaqiyatsiz amaliyotlarni tezkor qayta ishlash, inson omilini qisqartirish va nosozliklarga tezkor chora koʻrish;
-Bankomatlarning texnik holati, shu jumladan aloqa, elektr taʼminoti, UPS-tizimlari ishlashini taʼminlash, eskirganlarini almashtirish hamda koʻcha yuzalaridagi yoki koʻp shikoyat tushayotgan qurilmalarni profilaktik tekshirish.
