1 iyundan elektr va gaz boʻyicha yangi tariflar belgilandi
Tabiiy gaz boʻyicha barcha isteʼmolchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming soʻm etib belgilandi.

1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi.
Hukumatning tegishli qarori (243-son, 15.05.2026-y) bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, I va II guruh isteʼmolchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 soʻm etib belgilandi. IV guruh isteʼmolchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 soʻmni tashkil etadi.
III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:
- oyiga 200 kVt soatgacha — 325 soʻm;
- 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 soʻm;
- 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 soʻm etib belgilandi.
Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun esa:
- oyiga 200 kVt soatgacha — 650 soʻm;
- 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 soʻm;
- 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 ming 100 soʻm boʻladi.
Yuqori hajmdagi isteʼmol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.
Tabiiy gaz boʻyicha barcha isteʼmolchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming soʻm etib belgilandi. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 ming 750 soʻmni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha isteʼmol uchun 1 kub metr gaz 1 ming 100 soʻmdan hisoblanadi.
Qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yoʻqotishlarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar ham belgilandi.
