platina.uz
Maqola

Yozuvchi-josuslar va josus-yozuvchilar

Josus hisobot yozadi, yozuvchi – roman. Farqi – kim uchun yozilishi va kim tomonidan qachon oʻqilishida.

Yozuvchi-josuslar va josus-yozuvchilar
Fotokollaj: Platina.uz

Razvedka tarixi bilan adabiyot tarixi gʻalati tarzda chatishib ketgan. Ikkala kasb ham uydirma va haqiqat, niqob va afsona, tinglash, eslab qolish va sukut saqlash sanʼatiga tayanadi. Yozuvchi ham, josus ham reallikni doimo ikki qatlamda koʻradi: voqeani qanday tushunish kerak va uni qanday izohlash mumkin.

Shu bois yozuvchilarning josusga aylanishi, josuslarning esa qalamga murojaat qilishi hayratlanarli emas – kimdir davlat uchun, kimdir oʻz vijdoni uchun, kimdir esa tarix bilan hisob-kitob qilish uchun qogʻoz qoralagan.

I. Josusga aylangan yozuvchilar

1. Somerset Moem (1874-1965) (Buyuk Britaniya)

Ingliz nasrining eng nozik uslubchilaridan biri Somerset Moem birinchi jahon urushi paytida Britaniya razvedkasida xizmat qilgan. U Shveysariya va Rossiyada siyosiy taʼsir va dezinformatsiya bilan bogʻliq topshiriqlarni bajargan.

Keyinchalik u “Eshenden” hikoyalar toʻplamini yozadi – unda razvedka qahramonlik emas, balki maʼnaviy jihatdan shubhali ishlar bilan shugʻullanishdan charchagan odamlar kasbi sifatida koʻrsatiladi. Moem josuslikni birinchi boʻlib romantika pardasidan xalos qildi. “Razvedkada qahramonlikdan koʻra zerikish, shuhratdan koʻra ifloslik koʻproq”, degan Moem.

2. Grem Grin (1904-1991) (Buyuk Britaniya)

“Sokin amerikalik” va “Gavanadagi odamimiz” asarlari muallifi Grem Grin ikkinchi jahon urushi yillarida MI6’ga xizmat qilgan. Uning bevosita rahbari keyinchalik sovet josusi sifatida fosh etilgan sotqin – Kim Filbi boʻlgan.

Grin maxfiy xizmat tizimini ichidan bilgani uchun uning asarlarida shubha, paranoyya va maʼnaviy charchoqlik ustun. Uning asarlarida “toʻgʻri tomon” yoʻq – faqat tanlov va uning bahosi bor xolos.

3. Roald Dal (1916-1990) (Buyuk Britaniya)

Ha, xuddi oʻsha mashhur “Charli va shokolad fabrikasi” muallifi Roald Dal ham josuslik qilgan. Urush yillarida Dal AQShda Britaniya razvedkasi agenti boʻlgan. Uning vazifasi Amerika elitalari, jurnalistlar va siyosatchilar orasida Buyuk Britaniya manfaatlarini ilgari surish edi.

U qurol bilan emas, joziba va hikoyalar bilan josuslik qilgan – madaniy front uchun mukammal agent hisoblangan.

4. Ernest Xeminguey (1899-1961) (AQSh)

Ernest Xeminguey rasman – jurnalist va yozuvchi. “Alvido qurol”, “Chol va dengiz” kabi asarlarni yozgan. Amalda esa Karib havzasida va Yevropada razvedka bilan “oʻyinlar” oʻtkazgan odam. U sovet razvedkasi bilan (“Argo” taxallusi ostida) ham, amerikalik maxsus xizmatlar bilan ham aloqada boʻlgan.

Xeminguey hayot bilan adabiyot oʻrtasidagi chegarani deyarli yoʻq qilgan. Uning hayoti romanga, romanlari esa frontdan yuborilgan hisobotlarga oʻxshardi.

5. Artur Kyostler (1905-1983) (Vengriya / Buyuk Britaniya)

Millati yahudiy boʻlgan Artur Kyostler “Qorongʻulikdagi tush” asari muallifidir. 1930-yillarda sovet razvedkasi bilan hamkorlik qilgan, keyin esa undan qattiq koʻngli qolgan.

Uning tarjimai holini – kommunizm gʻoyasiga ishongan, keyin uning asl basharasi – ishlash mexanizmini koʻrib, yolgʻonning narxini anglagan intellektual fojiasi deyish mumkin.

6. Yan Fleming (1911-1964) (Buyuk Britaniya)

Afsonaviy josus – 007, Jeyms Bond obrazi muallifining asl kasbi josuslik boʻlmagan. Ammo u ikkinchi jahon urushi davrida harbiy-dengiz razvedkasida xizmat qilib, real maxsus operatsiyalarni rejalashtirishda qatnashgan.

Fleming razvedkaning zerikarli byurokratiyasini goʻzal qizlar, kazino, kokteyl va oʻlimbaxsh jozibaga ega afsona bilan chulgʻab koʻrsatdi. U josus obrazini XX asr pop-madaniyati qahramoniga aylantira oldi.

7. Antuan de Sent-Ekzyuperi (1900-1944) (Fransiya)

Ikkinchi jahon urushida razvedkachi-uchuvchi boʻlib xizmat qilgan. Uning parvozlari siyosiy oʻyindan koʻra hayot va oʻlim oʻrtasidagi sanʼatga oʻxshardi.

“Kichkina shahzoda”– josuslik haqida emas, ammo dunyoni balandlikdan koʻrib, koʻrinmas tarzda qolish va yolgʻizlik, muhabbat va xiyonat nima ekanini tushunib yetgan odam tomonidan allegorik asar sifatida yozilgan. “Kichkina shahzoda” – bolalar uchun yozilgan boʻlsa-da, kattalarning muammolari niqoblar ostida berilgan asar.

8. Redyard Kipling (1865-1936) (Buyuk Britaniya)

“Changalzor kitobi”, mashhur Maugli obrazi muallifi Redyard Kipling faqatgina imperiya shoiri emasdi. U Hindistonda Britaniya maʼmuriyati bilan yaqin aloqada boʻlib, mahalliy elitalar, diniy yetakchilar va siyosiy kayfiyat haqida maʼlumot toʻplashda ishtirok etgan.

Kiplingning “Katta oʻyin” haqidagi tasavvuri – Markaziy va Janubiy Osiyodagi razvedka raqobatining adabiy ifodasi edi.

9. Daniyel Defo (1660-1731) (Buyuk Britaniya)

Daniyel Defo – mashhur “Robinzon Kruzo” asarining muallifi. U Buyuk Britaniyada romanchilik janrini ommalashtirishga yordam berdi. Baʼzilar uni ingliz romanining asoschilaridan biri deb hisoblaydi. Defo sermahsul va koʻp qirrali yozuvchi boʻlib, turli mavzularda (siyosat, iqtisodiyot, jinoyat, din, nikoh, psixologiya, gʻayrioddiy voqealar va hokazo) 500dan ortiq kitob, pamflet va jurnallar yozgan. Shuningdek, u iqtisodiy jurnalistikaning asoschilaridan biri boʻlgan. Defo publitsistikada oqilona boʻlishni targʻib qilib, dinlararo bagʻrikenglik va soʻz erkinligini himoya qilgan.

Defo nafaqat yozuvchi, balki XVIII asr boshlarida Angliya hukumati (xususan, Robert Xarli) uchun faoliyat yuritgan maxfiy agent va kontrrazvedkachi boʻlgan. Defo Shotlandiyada siyosiy kayfiyatni oʻrganish, maʼlumot toʻplash va josuslik tarmogʻini yaratish bilan shugʻullangan.

Defo 1700-yillarning boshlarida, ayniqsa, 1707 yildagi Angliya va Shotlandiya ittifoqi arafasida hukumatning ishonchli agenti sifatida ishlagan. U xalq orasidagi kayfiyatni oʻrgangan, muxolifat vakillari haqida maʼlumot toʻplagan va kompromat (obroʻsizlantiruvchi materiallar) yigʻish bilan shugʻullangan. U faqat yuqori doiralar bilan cheklanmay, oʻrta sinf va oddiy xalq orasidagi maʼlumotlarni ham toʻplagan, bu oʻsha davr uchun yangicha josuslik uslubi edi. Uning maqsadi Angliya manfaatlarini himoya qilish va mamlakat ichidagi barqarorlikni taʼminlash edi.

II. Yozuvchiga aylangan josuslar

1. Kim Filbi (1912-1988) (Buyuk Britaniya / SSSR)

Kim Filbi – britaniyalik razvedkachi, mashhur “Kembrij beshligi” aʼzolaridan biri. U “Kim” laqabini Redyard Kiplingning “Kim” romanidagi bola-josus sharafiga olgan.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng Filbi Istanbulda britaniya agentlariga rahbarlik qilgan, Vashingtonda MI6 missiyasini boshqargan hamda MRB va FTB rahbarlari bilan shaxsiy aloqalar oʻrnatgan. Filbi tufayli Stalin, keyinchalik esa Xrushchyov oʻta maxfiy maʼlumotlarni olib turgan.

1963 yilda Filbi Moskvaga qochib kelib, yashirin agentlarni boshqarish va tayyorlash uchun masʼul boʻlgan KGB SSSR birinchi bosh boshqarmasining tashqi maslahatchisiga aylangan.

Koʻrsatgan xizmatlari uchun sovet ittifoqi kommunistik partiyasi markaziy qoʻmitasi siyosiy byurosi tomonidan Kim Filbi Lenin ordeni va Qizil yulduz ordeni bilan taqdirlangan.

U 1988 yilda, Mixail Gorbachyov boshlagan qayta qurish jarayonlari avjiga chiqqanida, oʻzi ishongan kommunizm idealari aslida buzuq gʻoyalar ekanini anglab yetgani bois, uzoq davom etgan depressiyadan soʻng vafot etgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, u oʻz joniga qasd qilgan.

Kim Filbi – XXasrning eng mashhur ikki tomonlama agentlaridan biri. SSSRga qochgandan keyin “Mening maxfiy urushim” nomli xotiralarini yozgan. Bu kitob – razvedkachi oʻz hayotini adabiy qahramonga aylantirishga urinishi deya baholangan.

2. Markus Volf (1923-2006) (GDR)

Markus Volf GDR razvedkasi general-polkovnigi, 34 yil davomida Shtazida ikkinchi shaxs boʻlib kelgan. Uning rahbarligi “Sovuq urush” davrini deyarli qamrab olgan.

Maʼlumot uchun, Gitler armiyasi mavh etilgach, Germaniya yerlari ikkiga boʻlinib, AQSh boshqaradigan GFR (Germaniya Federativ Respublikasi) va SSSR boshqaradigan GDR (Germaniya Demokratik Respublikasi) tashkil etildi. GFR tez orada oyoqqa turdi, gullab-yashnadi, iqtisodi va texnologik jihatdan Yevropada peshqadam va qudratli davlatga aylandi.

Kommunistlar oyogʻi yetgan yerda esa albatta qashshoqlik, huquqsizlik va sotqinlik hukmronlik qildi. Odamlar hukumatdan norozi boʻla boshladi. Ularni bostirib turish uchun esa chegaralar yopildi (“Berlin devori” kabi), inson huquqlari, soʻz hamda vijdon erkinliklari cheklandi. Shu bois GDRda ham Shtazi maxsus xizmati tuzilib, (KGB) kommunistlardan norozi odamlarni aniqlash, qiynash, qamash va oʻldirish bilan shugʻullandi. Shtazi GDR aholisining deyarli yarmini “quloq” qilishga erishib, ularni hamkasblari, qarindoshlari va hatto tanimagan odamlari haqida maʼlumot berib, josuslik qilishga majburlagan.

Uzoq vaqt davomida Gʻarbda Volfni “yuzsiz odam” deb atashgan, chunki 1950-yillardan boshlab Gʻarb razvedka xizmatlari GDR razvedkasi rahbarining fotosuratini qoʻlga kirita olmagan. Shu sababli Volf Yevropada nisbatan erkin harakatlanish imkoniyatiga ega boʻlgan.

1986 yilda u isteʼfoga chiqqan. Berlin devori qulaganidan soʻng SSSRga qochib ketgan. SSSSRda “Avgust toʻntarishi”dan keyin Avstriyadan siyosiy boshpana soʻragan, ammo 1991 yil sentabrida Germaniyaga qaytishga qaror qilgan.

1993 yilda Volf olti yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. Biroq 1995 yilda Germaniya federal konstitutsiyaviy sudi ushbu hukmni bekor qilgan. Shunga qaramay, 1997 yilda Dyusseldorf sudi uni yana uch yilga shartli ravishda jazolagan.

1989-2002 yillar oraligʻida Markus Volf oltita kitob yozgan, jumladan, “Rus oshxonasining sirlari” deb nomlangan kulinariya kitobi ham uning qalamiga mansub.

Markus Volf 2006 yilda Berlindagi oʻz uyida uyqusida vafot etgan.

Volf Berlin devori qulaganidan keyin esdaliklar yozib, GDR razvedkasini oqlashga uringan. Bu asarlar – tarix sudiga qarshi yozilgan sovuq himoya adabiyoti deya baholangan.

3. Viktor Suvorov (1947) (SSSR)

Viktor Suvorov – sobiq harbiy va Britaniya razvedkasiga sotilgan xoin shaxs – Vladimir Rezunning adabiy taxallusi. GRUning sobiq ofitseri, Buyuk Britaniyaga qochib ketgan. “Muzyorar”, “Akvarium” asarlarida xotira, publitsistika va provokatsion tarixni aralashtirgan. SSSRda sirtdan oʻlim jazosiga hukm qilingan.

Suvorov oʻzining tarixiy-publitsistik asarlarida ikkinchi jahon urushi sabablari va uning dastlabki bosqichi holatlariga doir SSSRda umumqabul qilingan qarashlarni keskin qayta koʻrib chiqqan va qattiq tanqid qilgan.

Suvorov tanqidchilari uni maʼlumotlarni soxtalashtirishda va soxta ilmiy yondashuvda ayblaydilar. Rossiya mudofaa vazirligi esa Suvorov asarlarida keltirilgan xulosalarni qatʼiy rad etadi. Ammo tajribadan maʼlumki, Putin va uning rejimi vakillari aytgan soʻzlar va maʼlumotlarning teskarisini tushunish kerak: ular yolgʻon desa, demak rost, rost desa – demak yolgʻon.

4. Jon le Karre (1931-2020) (Devid Kornuell, Buyuk Britaniya)

MI5 va MI6da ishlab, keyin yozuvchiga aylangan. Uning romanlari – Bondga qarshi, glamurga qarshi, mifga qarshi adabiyot. Le Karre faqat va faqat detektiv hamda josuslar haqida asarlar yozgan. U yoshligida oʻgʻirlik bois qamalib chiqqan va shundan soʻng detektivlikka qiziqib qolgan.

Le Karre josuslik mavzusidagi asarlarida superqahramonlar yoʻq. U maxfiy agent kasbini romantik va rang-barang boʻyoqlarsiz tasvirlaydi. U maxsus xizmatlar ishining tarang, biroq zerikarli kundalik dunyosini, razvedkalar oʻrtasidagi qudratli qarama-qarshilikni koʻrsatadi, ammo otishmalar va uzoqqa choʻzilgan taʼqiblarsiz namoyish qiladi. Uning qahramonlari – goʻyo “anti-Jeyms Bond”lardir. Le Karre Yan Fleming ijodiga salbiy munosabatda boʻlgan va 007-agentni “soxta” deb atagan.

5. Piter Rayt (1916-1995) (Buyuk Britaniya)

MI5’ning sobiq xodimi Piter Rayt oʻzining Spycatcher: The Candid Autobiography of a Senior Intelligence Officer kitobida 50-70 yillarda Britaniyaning MI5 maxsus xizmatida ishlagan davrlarini yoritgan

Kitobning bosh qismi muallif va uning hamkasblari MI5’da ilmiy xodim sifatida ishlagan vaqtda oʻylab topilgan qiziq va nozik texnik usullar tavsifi bilan toʻldirilgan. Jentlmenlar batafsil va rang-barang tasvirlarda sovet elchixonasining radioqabul qilgichlarini pelengatsiya qiladilar, ular esa ingliz razvedkachilari radiostansiyalarini pelengatsiya qilib, sovet rezidentlari harakatlarini kuzatadilar. Bu asar xotiraning siyosiy qurolga aylangan namunasidir.

6. Oleg Kalugin (1974) (SSSR)

Oleg Kalugin – KGBgenerali, xorijiy davlatlarda bir necha yil razvedkachi boʻlib xizmat qilgan. AQShga ketganidan keyin sovet razvedkasini fosh etuvchi kitoblar yozgan. Uning uslubi quruq va protokol formatida – aynan shu bilan kuchli reallikni aks ettiradi.

Uning “Lubyankadan nazar”, “Alvido, Lubyanka”, Spymaster: My Thirty-two Years in Intelligence and Espionage Against the West kabi kitoblari SSSR razvedkasiga oid koʻplab tafsilotlar va tizimdagi ablahliklarni fosh qilgan.

Nima uchun razvedka va adabiyot yaqin?

Chunki ikkala kasb ham tarix va afsona bilan ishlaydi. Kuzatuvchanlik va xotira talab qiladi. Hamma narsani aytmaslikni oʻrgatadi. Hodisalarning asl sabab va oqibatlarini, kosa tagidagi nimkosani anglab olishga urinadi. Va doimo haqiqat bilan zarur yolgʻon orasidagi muvozanatni saqlashga urinadi. Josus hisobot yozadi, yozuvchi – roman. Farqi – kim uchun yozilishi va kim tomonidan qachon oʻqilishida.

Yozuvchi josusga aylansa, adabiyot begunohligini yoʻqotadi. Josus yozuvchiga aylansa, tarix haqiqatga boʻlgan yakka huquqini yoʻqotadi. XX asrning eng rostgoʻy kitoblari aynan sukutning narxini juda yaxshi bilgan odamlar tomonidan yozilgan boʻlsa, ajab emas.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid