Tahlil: avtomobil bozorida takliflar miqdori kamaydi
2024 yil iyun oyida jami takliflarda elektromobillar ulushi 5,4 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2026 yil aprel oyida bu koʻrsatkich 10,0 foizga yetdi.

Avtomobil bozorining aprel oyidagi holati tahlil qilindi: xaridor uchun tanlov, sotuvchi uchun raqobat kuchaymoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2026 yil aprel oyida Oʻzbekistondagi ikkilamchi avtomobil bozori 1,4 milliondan ortiq ochiq eʼlonlar asosida tahlil qilindi.
Joriy yilning aprel oyida takliflar soni mart oyidagiga nisbatan kamaydi.
Tozalangan maʼlumotlar boʻyicha jami eʼlonlar soni 13,5 mingtani tashkil etdi. Bu mart oyidagiga nisbatan 18,6% kam, biroq oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 59,6% koʻp.

(Ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshgan va avtomobil toʻgʻrisidagi maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilgan eʼlonlar hisobga olinmagan)
Bozor tarkibida elektro (gibrid) mobillar ulushi oshmoqda.
2024 yil iyun oyida jami takliflarda elektromobillar ulushi 5,4% ni tashkil qilgan boʻlsa, 2026 yil aprel oyida bu koʻrsatkich 10,0% ga yetdi. Mahalliy avtomobillar ulushi esa 53,7% dan 47,0% gacha qisqargan.
Mahalliy ommabop avtomobillar narxi asosan barqaror.

Kam foydalanilgan Cobalt median narxi 12 900 dollar atrofida, oʻzgarmagan, Onix esa 14 800 dollargacha biroz qimmatlashgan. Shu bilan birga, ayrim Damas, Labo va Nexia modellarida pasayish kuzatilgan.
Xorijiy avtomobillar segmentida dinamika aralash. Kam foydalanilgan ayrim Chery va KIA modellarida pasayish boʻlsa, koʻp va oʻrtacha foydalanilgan lyuks segmentidagi Carnival hamda Sorento modellarida biroz oʻsish kuzatildi.

Elektromobillar endi mahalliy avtomobillarga bevosita raqobatchi boʻlib bormoqda.
Masalan, BYD Seagull narxi 15,5-16 ming dollar, BYD Yuan Up narxi 20-21,5 ming dollar, BYD Chazor narxi esa 20,5-22 ming dollar atrofida shakllanmoqda.
Asosiy xulosa: avtomobil narxi hamma segmentlarda bir xil oshmayapti. Pastroq narx segmentida likvidlik yuqori, lyuks va ayrim elektromobil modellarida esa narx tebranishi kuchliroq.
Sotuvchilar uchun: narxni “bozor koʻtarilmoqda” degan umumiy qarashga emas, aniq model, foydalanilganlik darajasi va elektromobil raqobatiga qarab belgilash muhim.
Xaridorlar uchun: avtomobilni investitsiya vositasi sifatida emas, foydalanish qiymati va likvidlik asosida baholash lozim. Kam foydalanilgan ayrim mahalliy avtomobillar salon narxidan arzonroq shakllanmoqda.
Tahlil OLX platformasidagi ochiq eʼlonlar asosida tayyorlandi.
