Koreyaga ishga yuborish bahonasida 90 mln dollar yiqqan shaxslar aniqlandi
Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.

Koreyaga ishga yuborish bilan bogʻliq yirik korrupsion sxema fosh etildi.
Bosh prokuratura Departamenti tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir guruh shaxslar, Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bogʻliq korrupsion sxema yaratib, 35 nafar fuqarodan jami 263,5 ming AQSh dollari noqonuniy olinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Departament tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Tergovda: Koreyaga ishga yuborish uchun jinoiy guruh tomonidan rasmiy toʻlovlardan tashqari firibgarlik yoʻli bilan 7-12 ming AQSh dollardan qariyb 90 mln AQSh dollari yigʻilgani maʼlum boʻldi.
Hozirda, Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar boʻyicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari koʻrilmoqda.
Bir guruh shaxslar, Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalari 230 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishlari evaziga 580 ming AQSh dollari, Koreyaga yuborilgan 1 000 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda 5,6 mln AQSh dollari jami 45 mln AQSh dollarini olganliklari maʼlum boʻldi.
"Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar, agarda Siz va yaqinlaringiz ushbu uyushgan jinoiy guruh faoliyatidan jabr koʻrgan boʻlsangiz, bu haqida zudlik bilan Bosh prokuratura Departamentining 71-233-10-07 raqamli ishonch telefoni orqali maʼlum qilishingizni soʻraymiz", deyiladi Prokuratura departamenti xabarida.
