Barcha faoliyat turlari ekologiyaga taʼsiriga koʻra uchta asosiy toifaga ajratiladi
Endilikda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatadigan barcha loyihalar uchun davlat ekologik ekspertizasidan oʻtish majburiy etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 11 maydagi 234-son qarori bilan atrof-muhitga taʼsirni baholashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etildi.
Endilikda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatadigan barcha loyihalar uchun davlat ekologik ekspertizasidan oʻtish majburiy etib belgilandi. Eng muhim yangiliklardan biri — davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlmagan loyihalarni banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish qatʼiyan taqiqlandi.
Barcha faoliyat turlari atrof-muhitga taʼsiriga koʻra uchta asosiy toifaga ajratiladi:
I toifa (Yuqori darajada xavfli): Atom stansiyalari, yirik issiqlik elektr stansiyalari (300 MVtdan yuqori), magistral neft va gaz quvurlari, kimyoviy majmualar, sement va zaharli moddalar ishlab chiqaruvchi korxonalar. Bunday obʼektlar uchun ekspertiza oʻtkazish muddati 25 ish kuni etib belgilangan.
II toifa (Oʻrtacha darajada xavfli): Asfalt-beton zavodlari, mebel ishlab chiqarish, sutkalik quvvati 50 ming m³ dan 280 ming m³ gacha boʻlgan oqova suv tozalash inshootlari va boshqalar.
Mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar, kichik avtotransport korxonalari va boshqa kam xavfli obʼektlar. Bu toifadagi obʼektlar uchun ekspertiza muddati 15 ish kunini tashkil etadi.
Ekolog-ekspertlarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
Ekolog-ekspert faoliyatiga har qanday shaklda aralashish taqiqlanadi.
Ekolog-ekspert boʻlib faqat maxsus attestatsiyadan oʻtgan xodimlar ishlashi mumkin.
Loyihani ishlab chiquvchi tashkilot shtatida tegishli malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar xodim boʻlishi shart.
Yangi tartibga koʻra, moʻljallanayotgan xoʻjalik faoliyatining atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha majburiy jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tashabbusi bilan jamoat ekologik ekspertizasi tashkil etilishi mumkin.
Mazkur qaror eʼlon qilingandan uch oy oʻtib kuchga kiradi.
